O‘zbekiston | 11:18 / 04.07.2019
17236
2 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi vaziri: Ta'limga qarshi diversion dasturlar haqida eshitganmisiz?

3 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov va vazirlikning mutasaddi xodimlari hamda jurnalistlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.

Vazir ta'lim sohasiga oid muammolar haqida gapirarkan qiziq misollar keltirdi:

«Ayrim tarixiy parallellar borki, hayratda qolmay iloj yo‘q.

«Hozirgi zamonda biror davlatga qarshi urush ochish kerak emas, shunchaki ta'lim tizimini izdan chiqarish kifoya» degan mashhur ibora bor. Yaxshi ta'lim olmagan shifokor odamlarni o‘ldirib qo‘yadi, me'morning binosi qulab tushadi, iqtisodchi davlat iqtisodini izdan chiqaradi va hokazo.

Shunday diversion dasturlar ham borki, ulardagi tezislar bilan tanishish qiziq faktlarni ochib tashlaydi.

Ta'lim tizimi izdan chiqishi uchun – o‘qituvchining o‘qitish motivatsiyasi yo‘qotilishi, byurokratik va o‘ziga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb qilinishi, unga kam maosh berilishi, obro‘si tushirilishi kabi omillar kifoya qiladi. Bu omillar sizga tanish tuyulmayaptimi?

Ming afsuski biz o‘tmishda shunday xatolarga yo‘l qo‘ydik, bilib-bilmay ta'lim tizimimizga yetarli e'tibor qaratmadik. Ammo endi bu xatolarni tuzatish bilan birga yangi marralarni ko‘zlasak bo‘ladi. Uzoq yillar o‘qituvchilar maoshi o‘rtacha oylikdan kam bo‘lgani ma'lum. Ammo 2018 yildan boshlab o‘sish ko‘rsatkichlari bo‘yicha bu holat o‘zgardi. Endi 2030 yilga qadar har yili ta'lim sohasi xodimlarining maoshi muntazam oshib borishi belgilangan», deya vazir so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid