Sport | 12:03 / 08.07.2019
11076
2 daqiqa o‘qiladi

KONMeBOL Messini terma jamoa o‘yinlaridan diskvalifikatsiya qilishi mumkin

Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi KONMeBOL manziliga yo‘llagan tanqidlari uchun uzoq muddatli diskvalifikatsiyaga uchrashi mumkin. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasiga qaratilgan haqoratli va tuhmatomuz so‘zlari uchun 32 yoshli futbolchi milliy terma jamoasida o‘ynashdan 2 yil muddatga chetlatilishi mumkin. Agar futbolchiga maksimal jazo qo‘llansa u Qatarda bo‘lib o‘tadigan 2022 yilgi jahon chempionati saralashida, shuningdek, 2020 yili Argentina va Kolumbiya mezbonligida o‘tkaziladigan Amerika Kubogida terma jamoasiga yordam bera olmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Amerika Kubogi-2019 yarimfinalida Braziliyaga qarshi kechgan va 0:2 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakunlangan o‘yindan keyin Messi hakamlar brigadasi ishini tanqid qilgan va ular butun o‘yin davomida VAR tizimidan foydalanmasdan, faqat Braziliya foydasiga qaror chiqarganidan noroziligini bildirgandi.

Ushbu futbolchi Amerika Kubogining uchinchi o‘rni uchun Peruga qarshi kechgan o‘yinning (2:1) birinchi bo‘limida qizil kartochka oldi. U o‘yindan keyin taqdirlash marosimida ishtirok etmadi, keyinroq jurnalistlarga bergan intervyusida KONMeBOL tashkilotini korrupsiyada aybladi.

«Mazkur ayblovlar musobaqa, undagi futbolchilar, KONMeBOLning yuzlab xodimlariga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi. Tashkilot esa 2016 yildan beri mintaqada futbolni rivojlantirish ustidan ish olib bormoqda», deyiladi KONMeBOL bayonotida.

Mavzuga oid