Jamiyat | 14:50 / 09.07.2019
5786
5 daqiqa o‘qiladi

Sudochedagi yong‘in oqibatida hayvonot dunyosiga zarar yetmagan - Ekologiya qo‘mitasi

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani hududidagi Sudoche ko‘llar tizimida sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan ma'lumot berdi.

«4 iyul kuni internetda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani Sudoche ko‘llar tizimida sodir bo‘lgan yong‘in tasvirlari tarqaldi.

5 iyul kuni mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasida ushbu ko‘llar tizimida sodir etilgan yong‘inni barataraf etish choralarini ko‘rish, shuningdek, tabiatga yetkazilgan zararni aniqlash maqsadida tezkor guruh tuzilib voqea joyiga yuborildi.

Tezkor guruh tarkibi Qoraqalpog‘iston Respublikasi ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, Mo‘ynoq tumani yer resurslari va kadastr boshlig‘i va Mo‘ynoq tumani yong‘in xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i hamda «Mo‘ynoq akva sanoat» DUK mas'ul xodimlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Ekologiya va Orol bo‘yi hududini rivojlantirish masalalari bo‘yicha kotibiyati, Mo‘ynoq va Qo‘ng‘irot tumanlari Ekologiya va Orol bo‘yi hududini rivojlantirish masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosarlaridan shakllantirildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani Sudoche ko‘llar tizimidagi yong‘in 4 iyul kuni soat 15:30 atrofida Sudoche ko‘llar tizimining sharqiy-janub qismidagi Qoratereng bo‘limida chaqmoq natijasida orolchalardan boshlanib shamol natijasida atrofdagi qamishzorlarga va shimoliy-janub hamda qirg‘oq bo‘yi mintaqasiga tarqalgan. Yong‘in ko‘l o‘rtasidagi orolchalarda yuz bergani va yong‘inga yaqin borish imkoni mavjud emasligi sababli yong‘inni o‘chirishning iloji bo‘lmagan. Chunki yong‘in boshlangan maydonlarda motorli qayiq yoki orolchalar usti qamish bo‘lib tag qismi suvli botqoq bo‘lib odam kirib borishi mumkin bo‘lmagan.

Yong‘in tufayli jami yongan maydon 278 gektarni tashkil etib, shundan, «Mo‘ynoq akvasanoat» DUKga qarashli maydoni 111,2 gektar, «Sudoche» ornitologik buyurtmaxonasiga qarashli maydoni 166,8 gektarni tashkil etadi.

«Sudoche» ornitologik buyurtmaxonasi hududi yovvoyi holda yashovchi ondatra, o‘rdak (bir necha turlari), g‘oz, oqqush, birqozon, qoravoy, flamingo va boshqa hayvonot dunyosiga zarar yetkazilgan holat uchramadi. Chunki suvda suzuvchi qushlar va boshqa hayvonot turlari yashash makoni va ular bahor oylarida tuxum qo‘yib ko‘payadigan hudud hisoblanadi. Lekin o‘rganish davomida hayvonot dunyosi nobud bo‘lgan holat qayd etilmadi. Chunki hozirgi kunga kelib polaponlar katta bo‘lib bemalol suvda suzib yuradigan darajada o‘sib ulg‘aygan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani Sudoche ko‘llar tizimidagi qamishzorlarga yong‘in tufayli yetkazilgan zarar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 oktyabrdagi 290-sonli «Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida»gi qarorining 14-ilovasi asosida hisoblanib, tabiatga yetkazilgan zarar jami 225 435 760 so‘mni tashkil qildi.

O‘rganish davomida yong‘in kelib chiqishining sabablari yuzasidan surishtiruv olib borilganda Mo‘ynoq tumani yong‘in havfsizligi bo‘limining hamda Mo‘ynoq tuman «Meteostansiya» bo‘limining xulosasiga ko‘ra, 2019 yil 4 iyul sanasida sodir bo‘lgan tabiiy chaqmoq natijasida yuzaga kelgan degan xulosa berildi.

Yong‘in 2019 yil 6 iyul kuni soat 23:00lar atrofida o‘chgan», deyiladi qo‘mita xabarida.

Mavzuga oid