Jamiyat | 02:39 / 11.07.2019
10848
3 daqiqa o‘qiladi

Eksportga to‘g‘anoq bo‘layotgan hasharotlar

Foto: Pixabay

2019 yil boshidan 19 fevralgacha (bir yarim oy davomida) O‘zbekistondan Qozog‘istonga 700 tonnadan ziyod anor eksport qilingan hamda 1 mln AQSh dollari miqdorida daromad olingan. Aslida eksport hajmi va undan keladigan daromad bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin edi. Ammo mahsulotdan «komstok qurti» chiqqani bois anorning bir qismi eksportdan qaytgan. Bu haqida Hurriyat nashri xabar bermoqda.

Qurt chiqqanidan keyin qo‘shni davlat O‘zbekistondan anor olib kirishga taqiq ko‘rinishidagi vaqtinchalik karantin fitosanitar cheklovlari qo‘yilgan. Keyinchalik bu taqiq olib tashlandi, lekin hasharot hujumiga uchragan anor iste'molga yaroqsizligi bois eksportdan qaytgani ma'lum qilindi.
Hasharotlar hujumining eksportga ta'siri ilgari ham qayd etilgan: 2016 yilda eksportga mo‘ljallangan qovun tarkibida qovun pashshasi aniqlangani bois Koreya Respublikasi ham ayni chorani qo‘llagan.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili qishloq xo‘jaligida yetishtirilgan mahsulotlarning 50 foizi zararli organizmlar ta'sirida nobud bo‘ladi.

«Komstok qurti tut, shaftoli, anor, makkajo‘xori, kartoshka, sabzi, lavlagi, karam, pomidor, qovoq, qovun, tarvuz kabi 300ga yaqin o‘simlikning dushmani hisoblanadi. Qovun pashshasi esa poliz ekinlari vegetatsiyasi davrida qovunning 90-100 foiz, tarvuzning 20-25 foiz, qovoqning 5-10 foizini isrof qiladi» , ─ deyiladi maqolada.

Bayon qilinishicha, «O‘zdavkarantin»  tashabbusi bilan o‘simliklarni turli zararli organizmlardan himoya qilishda muayyan hasharot va zararkunandaga qarshi kurashning dolzarb 15 kunligini e'lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Respublikaning barcha tuman va shaharlarida 200dan ziyod «O‘simliklar klinikasi»  tashkil etilgan. 

«Ammo har bir fermer va dehqon fitosanitar madaniyatga yakka tartibda rioya qilishi, «O‘simliklar klinikasi»  bilan hamkorlikda ish olib borishi lozim. Aks holda, zararkunandalar ko‘payib, epidemiya tarqalishi mumkin, bu esa hosilga va eksport hajmiga ta'sir qilmay qo‘ymaydi» , ─ deyiladi maqolada.

Mavzuga oid