Senat raisi va vazir Rishtondagi ommaviy hashar bo‘yicha munosabat bildirdi
Xalqaro press-klubning bugungi mavzusi odam savdosi «O‘zbekistonda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashishning yangi tizimi: xalqaro hamkorlik, ustuvor vazifalar va muammolar tahlili» haqida bo‘ldi.
Tadbir davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev Farg‘ona viloyatining Rishton tumani hududida odamlar ommaviy hashar va majburiy mehnatga jalb qilinayotgani haqida tarqalgan xabarlar bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirdi.
«Hashar – bu urf-odat. Lekin, minglab odamlar majburiy tarzda safarbar qilinishi hashar emas. Bunday hasharlar davlat siyosatiga to‘g‘ri kelmaydi. Majburiy yo‘l bilan qilingan ish bizga kerak emas. Hashar bu prezident, hukumat qarori bilangina joriy etiladi. Hasharga chiqmagani uchun oyligini bermaslik, ishdan haydash, xodimni kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ymaymiz.
Yaqinda majburiy mehnatga aloqador ishlar jinoiy javobgarlikka tortilishi joriy qilinishi kutilmoqda. Ayni shu vaqtda majburiy mehnat sodir etilsa, unga biz eng kam oylik ish haqining ikki barobari bilan jazo tayinlaymiz, xolos. Bu 600 ming so‘mga teng», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Vazir sessiyaning savol-javob qismida ham Rishtondagi ommaviy hashar masalasiga to‘xtalib o‘tildi.
«Qonun hamma uchun barobar. Bizga nazorat sifatida o‘rnatilgan vazirlikka ham, o‘sha Rishtondagi ishlarni tashkil qilganlarga ham. Shuningdek, ularning ham huquqlari bor. Tekshiruv oxirigacha yetmay turib bir narsa deyish qiyin. Biz bu haqida saytimizda ham keltirib o‘tdik. Faqat biz holatga emas, O‘zA saytidagi maqolaga munosabat berdik. U yerda «mana shu, mana shu tashkilotlardan hashar qilib olib chiqdik», deb yozilgan. Agar shu holatlar tasdiqlansa, bu majburiy mehnat deb hisoblanadi.
Hudud rahbarlarining bunga haqqi yo‘q edi. Bu masala bo‘yicha maxsus guruh ishlamoqda. Vazir o‘rinbosari boshchiligidagi guruh Farg‘ona viloyatiga yo‘l olgan. Biz buni ko‘rib chiqamiz. Agar majburiy mehnat tasdiqlansa, vakolatimiz doirasida jazo qo‘llaymiz. Vakolatimizdan ortiq bo‘lsa, Bosh prokuraturaga jo‘natamiz», deydi vazir.
Vazirning so‘zlariga Senat raisi Tanzila Norboyeva ham qo‘shimcha qilib o‘tdi.
«Senat ham shu masalani alohida o‘z rejasiga kiritdi. Senat qo‘mitasida bu masala tanqidiy ko‘rib chiqiladi. Hokimlik bo‘ladimi, boshqasimi, kim majbur qilgan bo‘lsa o‘rganib, Senat ham o‘z pozitsiyasini bildiradi», deya ta'kidladi Tanzila Norboyeva.
Eslatib o‘tamiz, O‘zA saytida e'lon qilingan «Rishtonda uyi buzilishga tushgan har bir oilaga ko‘mak berilmoqda» sarlavhali maqolada 27-28 iyul kunlarida Farg‘ona viloyatining Rishton tumanidagi obodonlashtirish va qurilish ishlariga viloyatning barcha shahar va tumanlaridan 13562 nafar hasharchi jalb qilingani haqida xabar berilgandi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ushbu maqolaga munosabat bildirib, bu kabi tadbirlar o‘tkazilishi mehnat qonunchiligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzish hamda ommaviy majburiy mehnatga jalb qilish hisoblanishini ma'lum qildi.
Mavzuga oid
23:49 / 20.12.2024
O‘zbekistonning migratsiya siyosatini ishlab chiqishda Xalqaro mehnat tashkiloti ham ishtirok etadi
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
17:03 / 25.11.2024
O‘zbekistonda «Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun faollik» tadbirlariga start berildi
16:12 / 22.11.2024