Sport | 22:07 / 06.08.2019
16796
2 daqiqa o‘qiladi

AIBA rahbari iste'foga chiqdi – OAV

Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti vazifasini bajaruvchi Muhammad Mustasan iste'foga chiqdi. Bu haqda Inside the Games portali xabar berdi. 

AIBA ijroiya qo‘mitasi Mustasanni ushbu lavozimga 23 martda tayinlagandi. U G‘ofur Rahimov o‘rnini egallagandi.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi AIBA’ni tan olinish huquqidan mahrum etdi, biroq Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida boks turnirini saqlab qoldi. AIBA XOQning moliya, boshqaruv, hakamlik va axloq bo‘yicha talablarini bajara olmagan. Bundan tashqari, XOQ Rahimovning AIBA rahbari lavozimiga saylanishiga qarshi chiqqan.

AIBA ijroiya qo‘mitasi a'zosi Umar Kremlevning ma'lum qilishicha, uyushma avgustda prezident saylovlari sanasi bo‘yicha qaror qabul qiladi.

“Saylov sanasi bo‘yicha qaror hali qabul qilinmadi. Ehtimol, u ko‘chiriladi. Ijroiya qo‘mitasining avgustda yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda, o‘shanda sana bo‘yicha qaror qabul qilamiz”, deb aytgan Kremlev.  

Avvalroq uyushma rahbari saylovlari 2020 yilga ko‘chirilishi mumkinligi ma'lum qilingandi. 

Mavzuga oid