Jahon | 01:00 / 15.08.2019
4604
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda 150 mlndan ko‘proq bola majburiy mehnatga duchor qilinmoqda

Foto: Depositphotos

Butun dunyoda 150 mlndan ko‘proq bola mehnat qulligida qolmoqda. Bu haqda BMTning qullikning zamonaviy shakllari masalalari bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Urmila Bxoola ma'lum qilgan. 

“Baholashlarga ko‘ra, butun dunyoda 152 mln bola (64 mln qiz va 88 mln o‘g‘il bola) majburiy mehnatga duchor qilinadi. Bu deyarli har o‘ninchi bola degani”, deyilgan BMT ma'ruzasida. 

Uning ta'kidlashicha, bolalarni ekspluatatsiya qilish shakllariga ularni giyohvand moddalar savdosida qo‘llash va majburiy erta nikohlar ham kiradi. 

Bundan tashqari, eng kam rivojlangan davlatlarda 5 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan deyarli har to‘rtinchi bola o‘z salomatligi uchun zararli mehnat bilan shug‘ullanadi. 

Bxoolaning ta'kidlashicha, Afrika bolalar mehnati ko‘rsatkichlari eng yuqoriligi bo‘yicha Osiyo-Tinch okeanidan o‘zib ketgan.

“Bolalar qulligi nochorlik, zaif salomatlik, savodsizlik va notavonlik doirasini chuqurlashtiradi va mustahkamlaydi, bolalar huquqlariga salbiy ta'sir ko‘rsatadi va barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlarga erishishda to‘sqinlik qiladi”, deyilgan BMTda.

Xalqaro tashkilotda bu muammoni hal qilish uchun “turli omillarning keng spektrini hisobga oluvchi va bolalar hamda oilalar va jamoalarga qaratilgan yondashuvlarni qo‘llash zarurligi” ta'kidlab o‘tilgan. 

Mavzuga oid