Yangi parlament haqida o‘ylar – bizni nima kutyapti?
Parlament saylovlariga yaqin qoldi. «Nima bo‘pti» deysizmi? To‘g‘ri, o‘tgan davr mobaynida saylovlarning ko‘pini o‘tkazdik – bo‘lib o‘tgani bilinmay ham qolardi. Ammo...
Hozir qanday davrda yashab turganimizni hisobga olib, keyin o‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, kelayotgan parlament saylovlari hammamiz uchun shaksiz ulkan ahamiyat kasb etishini tushunib olamiz. Zero deraza ortida, 2009 yil emas, balki 2019 yil!
Biz mamlakatimizni rivojlangan demokratik, erkin iqtisodiyotga ega davlatlar qatoriga qo‘shishga kirishdik. Bu esa, xususan, faol, real ishlaydigan, to‘g‘risini qo‘rqmay gapira oladigan, taklif va yechim beradigan, yuqoridan buyruq kutmaydigan deputatlardan tarkib topgan parlamensiz bo‘lmaydi. Shu yurtga xayrixohligi bor barcha ahl aynan shunday parlamentni kutib turibdi. Bizga o‘zining mantiqli jarangdor ovozi bor parlament kerak.
Keyingi 5 yillik mamlakat uchun favqulodda ahamiyat kasb etishini barcha birdek tan olmog‘i lozim – shu 5 yillikda yangi O‘zbekistonning yangi poydevori barpo qilinishi kerak bo‘lyapti – ijtimoiy-iqtisodiy qayta qurishning qonunchilik asoslari barpo qilinishi, voqeligimizni hisobga olgan holda dunyo standartlariga muvofiqlashtirilishi kerak bo‘lyapti. Poydevor bino mustahqamligi uchun qancha olamshumul ahamiyatga ega bo‘lsa, parlamentning mamlakat yangi poydevorini qurishdagi o‘rni ham o‘shancha – olamshumul.
Inchunun har bir, o‘zini deputat yoki senator o‘rindig‘ida ko‘rishga shaylangan kishi yaxshi o‘ylab olishi kerak, bunday vaziyatda bu o‘rindiqda Vatanga foyda keltira oladimi, yangi O‘zbekistonning poydevorini qurishga bilimi, saviyasi, jasorati, fidokorligi, haqgo‘yligi yetadimi – shularni o‘ylab ko‘rmog‘i lozim. Mas'uliyat katta.
Partiyalar rahbarlarining mas'uliyati yanada katta. Partiya rahbari mustahkam pozitsiyasiga ega, mamlakatda yuz berayotgan voqealarga muntazam munosabat bildirib turuvchi, o‘zi boshqarayotgan partiya munosabatini ommaga baralla yetkazib tura oladigan kishi bo‘lmog‘i kerak.
Barcha toifadagi yig‘ilishlar o‘zaro qizg‘in fikr va munosabat bildirishlar, muloqot jarayonida eng og‘riqli nuqtalarga urg‘u berish va yechim izlash muhitida o‘tmog‘i lozim. Rivojlangan demokratik davlatlardagi kabi. Partiya rahbarlari mamlakat prezidenti bilan uchrashish imkoniyatini zoye qilmasdan, o‘z g‘oyalarini izhor etish maqsadida fursatini boy bermaslik ruhida yashaydigan kishilar bo‘lmog‘i lozim. Prezident bilan uchrashuv kuni – yangi g‘oya va muammolarni unga yetkazish kuni bo‘lishi kerak. Shunday ruhda yashasalargina partiya rahbarlari prezidentga yordamchi bo‘la olishadi.
Masalaning ikkinchi tomoni – biz – saylovchilar. Vaziyatning yuqori ahamiyatini hisobga olgan holda biz saylovchilar mas'uliyatimiz darajasini yuqorilatishimiz shart. Zero deputat va senatorlarni aynan biz saylaymiz, boshqa birov emas. Har birimiz saylov uchastkalarimizdan kim saylanyapti – qiziqishimiz, yig‘ilishlarga borishimiz va lozim bo‘lsa munosabat va e'tirozlarimizni bildirishimiz, shu bilan tom ma'noda saylovlarda ishtirok etmog‘imiz lozim. Ayni shu ishimiz saylov jarayoniga hayot bag‘ishlaydi, saylovni saylov qiladi hamda deputat bo‘lishga noloyiq bo‘lgan shaxslarni deputat bo‘lish istagidan qaytaruvchi omil bo‘ladi.
Mamlakatni yangi relslarga o‘tkazish – o‘ta mas'uliyatli ish. Zero noto‘g‘ri relsga tushib qolgan poyezdni keyin to‘g‘ri relsga tushirish – o‘ta og‘ir, ko‘p holatlarda qurbonliklar bilan kechadigan jarayon. Zotan «poyezd»imizni avvalboshdan to‘g‘ri relslarga turg‘azishimiz lozim, bu uchun esa bizga oqil, odil, jasur kishilardan iborat mashvarat – parlament kerak.
Shokir Sharipov
Mavzuga oid
20:37 / 05.12.2024
Makron Fransiya hukumatini iste’foga chiqardi
08:02 / 05.12.2024
Fransiya parlamenti mamlakat hukumatiga ishonchsizlik bildirdi
16:29 / 28.11.2024
Uzoq kutilgan huquqmi yoki qaltis yo‘l? Britaniyadagilar evtanaziya masalasida bahslashmoqda
11:58 / 20.11.2024