Jahon | 10:55 / 26.08.2019
38588
2 daqiqa o‘qiladi

G7 sammitida Rossiya sababli Tramp bilan nizo chiqdi – OAV 

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp “Katta yettilik” sammitida Rossiyaning tashkilotda ishtirok etishi borasida qolgan davlatlar yetakchilari bilan nizolashib qoldi. Bu haqda o‘z manbalariga iqtibos keltirgan holda The Guardian nashri xabar berdi. 

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, sammit o‘tgan Fransiyaning Biarrits shahridagi kechki ovqatda Tramp Rossiyani “Katta sakkizlik”ka qaytarishga chaqirgan. Uning taklifini Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte qo‘llab-quvvatlagan. Biroq Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada va Fransiya yetakchilari hamda Yevrokengash raisi Donald Tusk bunga qarshi chiqishgan. Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe betaraflik bildirgan.

Manbaning ta'kidlashicha, shu onda “vaziyat taranglasha boshlagan”. Uning aytishicha, “Katta yettilik” yetakchilari tashkilot liberal-demokratik boshqaruvga ega davlatlarni birlashtirishini, Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa bunga muvofiq kelmasligini aytishgan. Tramp esa Suriya, Eron, Shimoliy Koreya atrofidagi vaziyatni Moskvasiz muhokama qilishning ilojsiz ekanini ta'kidlagan.  

Ovqatdan keyin G7 yetakchilarining mayoq yonida birgalikdagi suratga tushishi to‘satdan bekor qilingan. Biroq keyinroq ular Hindiston, Avstraliya, Ispaniya va Janubiy Afrika rahbarlari bilan kengaytirilgan tartibda suratga tushishgan. 

Avvalroq Tramp Rossiyaning tashkilotga qaytishi “foydali” ekanini va bu ustida ish olib borilayotganini ta'kidlagan.

Mavzuga oid