Iqtisodiyot | 00:09 / 30.08.2019
19418
3 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar Ittifoqi matbuot xizmati rahbari: «Bizda budjet taqchilligi yuzaga kelgan»

Bugun, 29 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Bosh prokuratura hamkorligida «Yoshlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faol dunyoqarash va mustahkam fuqarolik nuqtai nazarni shakllantirish» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda mutasaddilar korrupsiyaga qarshi kurash borasida tashkilotlar tomonidan o‘zaro hamkorlikda qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berib, OAV xodimlari tomonidan berilgan savollarga javob qaytarishgan.

Tadbir davomida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi deyarli barcha tashkilotlarda shtat qisqarishi amalga oshirilayotgani va bu tashkilot budjetida katta taqchillik yuzaga kelgani bilan bog‘liq yoki bog‘liq emasligi haqida savol bilan murojaat qilindi.

«Ko‘pchilik ommaviy axborot vositalarida yoki tashkilotning moliyaviy ahvolidan xabardor bo‘lmagan insonlar juda katta raqamlarni aytib yuborishadi. 

Siz hozir aytayapsizki, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimidagi xodimlar qisqarishi budjet taqchilligi bilan bog‘liqmi, deb, yo‘q, biz ikki yil davomida qaysi tashkilotni faoliyati yoshlarga foyda berishini sinab ko‘rdik.  

Ochig‘ini aytaman, bir qator tashkilotlarimiz o‘tgan vaqt davomida o‘zlariga yuklatilgan vazifani bajara olmadi. 

Endilikda biz ularni o‘ziga o‘xshagan tashkilotlar bilan birlashtirib yuborish, tugatish va ish unumini oshirishni reja qilayapmiz hamda buni mantiqan to‘g‘ri, deb hisoblaymiz. 

Budjet yetishmovchiligiga keladigan bo‘lsak, albatta, har bir tashkilotda qaysidir vaziyatda moliyaviy taqchillik yuzaga kelishi mumkin. Bu vaziyat hozirda tashkilotimiz moliyachilari tomonidan o‘rganilmoqda. 

Ha, hozir tashkilotimizda budjet yetishmovchiligi yo‘q deya olmaymiz», deya tashkilot matbuot xizmati rahbari Nodir Abduqodirovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid