Jamiyat | 15:33 / 01.09.2019
28508
7 daqiqa o‘qiladi

«Marhamatga marhamat». Rahbarlar nega bu tumandagi holatga jiddiy qaramaydi?

 Murojaatlar ortidan yo‘limiz Andijon viloyatining Marhamat tumaniga bo‘ldi.

 Tumandagi «Dukchi eshon» MFY, Islomobod ko‘chasida yashovchi fuqarolar mavjud muammolarni o‘z arznomalarida quyidagi bayon etishgan.

 «Shu yil qishida saytingiz orqali ko‘chalarimizning yomon ahvoldaligi haqidagi suratlar berilganidan so‘ng ahvol o‘zgarsa kerak, deb o‘ylagan edik.

Marhamat shahridagi kamchiliklar bayon etilgan maqoladan so‘ng mana olti oy o‘tsa-da holatimiz ijobiy tomonga o‘zgarmadi. Mahallamiz ko‘chasida o‘sha-o‘sha holat. Yo‘llarimiz loy, o‘ydim-chuqur holicha turibdi. Aholi to‘planib mahalla fuqarolar yig‘iniga, tuman hokimligiga murojaat bilan chiqishdi. Natija bo‘lmadi. Mas'ul tashkilotlar kelib muammoni o‘rganib chiqmadi.

Yog‘ingarchiliklar bo‘ladigan kuz fasli ham keldi. Yana bolalarimiz maktab va bog‘chaga shu loy ko‘chadan qatnashadi. Farzandlarimizni uyda chiroyli kiyintirib, yuvib, tarab maktab, bog‘cha, oliygohga jo‘natamiz, ular mahalladan chiqib borgunicha oyoq kiyimlari loy, jiqqa ho‘l bo‘lib ketadi. Farzandlarimiz kelajagi uchun mazkur masalani o‘rganib, yordam berishingizni so‘rar edik. «Dukchi eshon» MFY, Islomobod ko‘chasi fuqarolari».

 Marhamatdamiz..

Darhaqiqat, shu yilning fevral oyida saytimizda Marhamat tumani markazidagi ko‘chalarning ayanchli holati, yo‘lakka qurilgan bekat, tuman hokimligi peshtoqidagi imlo xatolar haqidagi maqola e'lon qilingandi.

 Tanqidiy maqola e'lon qilingach, tuman hokimligi nobop ko‘chalarga shag‘al yotqizilgani, hokimiyat binosi peshtoqidagi yozuvdagi mavjud xatolar to‘g‘rilangani haqida axborot bergandi.

 O‘sha maqolada «Dukchi eshon» MFY, Islomobod ko‘chasi tilga olinmagan bo‘lsa-da, o‘sha ko‘chaning abgor holati fotosurat shaklida berilgandi.

 Oradan ikki oy o‘tib tuman markazidagi Mustaqillik ko‘chasi trotuari ustida savdo do‘koni shaklida qurilgan bekat ham buzib tashlangan edi.  

 Arznoma kelgan Islomobod ko‘chasiga borganimizdan so‘ng xonadonlardan odamlar chiqib to‘plana boshladi.

Nuroniylar hasrati: «Ellik yildan beri yo‘l rasvo, simyog‘ochlar chirib ketgan, gaz ballon ta'minoti, ichimlik suvi katta muammo»

Aholi vakillaridan biri Abduhoshim ota Mamasidiqov ko‘chadan 5-umumta'lim maktabiga qatnayotgan mahalla ahli farzandlari juda qiynalayotgani, kuz-qish va bahorda ko‘chada yurib bo‘lmasligini aytib arzi-hol qildi.

«Maqola chiqqanidan so‘ng, «ko‘chamiz asfalt bo‘larmikin? », deb mutasaddilarni rosa kutdik. Ayollarimiz hokimlik idorasiga ko‘p marta chiqishdi. Atrofimizdagi ko‘chalar asfaltlandi. Bizga ham navbat kelsa, davlatga qiyin bo‘lmasin deb har bir xonadondan 100 ming so‘mdan pul yig‘ib shag‘al yotqizdik. Mana yana kuz kelyapti. Shag‘al yana tuproq bilan aralashib ketadi», deydi murojaatchilardan biri.

Fotima xola Hamroqulova va boshqa ayollar esa ko‘chadagi elektr simyog‘ochlari 50 yildan beri almashtirilmagani, simyog‘ochlar chirib xavfli holga kelib qolgani, uzluksiz ichimlik suvi ta'minoti yo‘lga qo‘yilmaganini aytishdi.

Ichimlik suvi tarmog‘ining katta qismi davlat tomonidan tortilgan bo‘lsa, ko‘chaning yarmiga mahallani o‘zi harakat qilib tortib kelibdi. Ichimlik suvi uzluksiz bo‘lmasa ham MIB tomonidan «suv puli» beto‘xtov yig‘ib kelinayotgani ham muammoga aylanibdi.

Yana bir eng katta muammolardan biri suyultirilgan gaz ballonlarini to‘ldirish masalasi ekan. Ayollar, «uch oylab gaz ballonlarini olib ketishmaydi. Tinmay qo‘ng‘iroq qilib, oxiri gaz idorasiga chiqamiz so‘ng zo‘rg‘a kelib olib ketishadi», deya o‘z dardlarini bildirishdi.

Bu orada mahalla raisi Abdumuxtor Davlatov ham keldi.

«Gaz ballonlarini to‘ldirish muammosi borligi to‘g‘ri. «Tumangaz»ga borsak, boshliqlari «Viloyatdan limit kam», degan javobni aytishadi», deydi oqsoqol.

Mutasaddi ko‘chaning barcha muammolari dastur asosida 2021 yilgacha hal etilishini qo‘shimcha qildi.

Mahallaga mutasaddilar hech kelganmi?

Bir qarasangiz, mahalladagi muammolar odatiydek. Joylarda yo‘l, elektr, gaz va ichimlik suvi masalalari juda ko‘pligi hammaga ayon. Biroq, kamchilik katta-kichik, dolzarb yoki nomuhimga ajratilmaydi. «Dukchi eshon»da aholi noroziligining eng katta sababi, mutasaddilar qadami bu yergacha yetib kelmaganida bo‘lsa kerak.

Aholi vakillarining aytishlaricha, o‘tgan yillar davomida tuman hokimligi, sektor rahbarlari mahallaga kelib biror marta ularning dardini tinglamagan. Fuqarolar hokimiyatga har gal borishganida hokim huzuriga kira olmay qaytishganini aytishdi.

Tuman hokimi Shuhratbek Qamchiyev bilan bog‘langanimizda ham bunga yana bir bor amin bo‘ldik. Uning «Biz bu ko‘chani shag‘allashtirganmiz», degan gapi mahalla ahli gapi bilan to‘g‘ri kelmadi. Biz hokimga aholi kayfiyati yaxshi emasligi, imkon bo‘lsa sektor rahbarlari bilan hududga kelib sayyor qabul o‘tkazishini so‘radik.

Mutasaddilar tez-tez kelib, aholi bilan suhbat o‘tkazib turganida mahallaning muammolari bu darajada ko‘payib ketmagan bo‘lar edi.

Maqolamiz so‘ngida, xalqimiz ijobiy o‘zgarishlarni kelajakda emas, balki bugun his etishi davr talabi ekanligini yana bir bor ta'kidlab qolamiz.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov

Mavzuga oid