Light | 17:10 / 03.09.2019
154236
8 daqiqa o‘qiladi

Gemoglobin kamayganini qanday bilish mumkin va uni oshirish yo‘li bormi?

Sizga B va C vitaminlari yordam beradi, kalsiy esa xalaqit qiladi.

Nafassiz hayot yo‘q. Bu kundek ravshan. Ammo inson organizmida shunday moddalar borki, ularsiz nafasning o‘zi ham keraksizga aylanadi. Ulardan biri — gemoglobin.

Qon tarkibidagi oqsillar shunday ataladi. Uning asosiy vazifasi nafas olish jarayonida qabul qilingan kislorod molekulalari bilan birlashib ularni qon tomirlari bo‘ylab tashib, organ va to‘qimalarga yetkazib berishdir.

Gemoglobinning ikkinchi, ammo birday muhim bo‘lgan vazifasi — kislorod yetkazib berish jarayonida to‘qimalardagi karbonat angidrid gazini yig‘ib, teskari tomonga ya'ni o‘pkaga tashish. Biz nafas olamiz va bizning organlarimiz hayotiy faoliyatni davom ettirishi uchun zarur bo‘lgan kislorodni qabul qiladi. Biz nafas chiqaramiz va to‘qimalarda paydo bo‘lgan karbonat angidrid gazini tozalaymiz. Gemoglobinlarsiz to‘laqonli nafas olish-qaytarish ishi ilojsiz bo‘lib qoladi.

Gemoglobin yetishmovchiligini qanday aniqlash mumkin?

Agar ushbu oqsil miqdori kam bo‘lsa, Tana kislorodga to‘yinmaydi. Yurak, miya, boshqa organlar gipoksiyadan aziyat chekishni boshlaydi, bu ularning ishlashi va umumiy his qilish holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Anemiyaga (gemoglabin yetishmovchiligi shunday ataladi) xos alomatlar paydo bo‘la boshlaydi:

  • O‘zingizni holsiz sezasiz. Xuddiki, sizda odatiy ishlarni qilishga ham kuch qolmagandek.
  • Biror ish boshlasangiz, tez charchaysiz.
  • Fikrlashda oqsayotganingizni sezasiz.
  • Bosh aylanishi ko‘payadi.
  • Juda rangpar bo‘lib qolganingizni aytishadi (yoki o‘zingiz sezasiz).
  • Milklardagi rangi o‘chganlik alohida aks etadi — ularda och pushti, oqqa moyil rang paydo bo‘ladi.
  • Sizda nafas qisishi oson va tez-tez sodir bo‘ladi.
  • Yurak urishingiz tezlashib borayotganini sezib turasiz. Yoki ba'zida yurak zarbalar qabul qilayotganday tuyiladi.

Darhol ma'lum qilamiz: agar o‘zingizda gemoglabin miqdori kamayganidan shubhalanayotgan bo‘lsangiz, terapevtga uchrash zarur. Shifokor ko‘rikni yakunlab, katta ehtimol bilan, sizga qon tahlilini topshirishni maslahat beradi. Bu sizdagi alomatlarni nima qo‘zg‘atganini aniqlash uchun kerak bo‘ladi: bu rostdan ham gemoglobin miqdori kamayishimi yoki boshqa kasallikmi? Masalan, yurak-qon tomir kasalliklari anemiya alomatlari bilan niqoblanishi mumkin va ularni o‘tkazib yubormaslik zarur.

Agar gemoglobin taqchilligi o‘z tasdig‘ini topsa, shifokor uning sabablarini izlashga kirishadi. Ular ko‘p, ya'ni keng ko‘lamda — to kam zararlilaridan o‘lim darajasidagi xavflilarigacha. Misol uchun, gemoglobin kamayishi — homiladorlik yoki ozish maqsadida oziq-ovqatdan tiyilishni boshlashda normal holat. Lekin anemiya sababi surunkali buyrak xastaliklari, jigar sirrozi, gipotireoz, qo‘rg‘oshindan zaharlanish, ichki qon ketishi, turli xildagi saraton bo‘lishi ham mumkin. Umuman olganda, ushbu noxush holatlarni inkor etish uchun shifokor bilan maslahatlashish kerak.

Gemoglobinni qanday ko‘taramiz?

Organizmda hech qanday yomon kasallik aniqlanmaydi deb niyat qilamiz. Shunday holatda gemoglobin darajasini normaga keltirish uchun ovqatlanish ratsionini tartibga solishning o‘zi yetarli bo‘ladi. Natijaga bexato erishish uchun ba'zi tavsiyalarni keltiramiz:

1. Temirga boy mahsulotlarni iste'mol qiling

Organizmda gemoglobin ishlab chiqarilishi uchun unga temir juda zarur. Ushbu mikroelement yetishmovchiligida anemiyaning eng keng tarqalgan turlaridan biri — temir taqchilligi rivojlanadi. Shuning uchun, gemoglobin miqdori pastlashi kuzatilishi bilan birinchi navbatda temirga boy mahsulotlarga murojaat qiling:

  • go‘sht va baliq;
  • jigar va boshqa ichak-chovoqlar (kalla-pocha) — buyrak, yurak, sigir yelini;
  • ismaloq, karam va boshqa yashil bargli sabzavotlar;
  • brokkoli;
  • loviya va yasmiq (chechevitsa);
  • tovuq tuxumi;
  • yong‘oq va pistalar;
  • quruq mevalar.

2. Menyuga tarkibida foliy kislotasi mavjud mahsulotlarni kiriting

Foliy kislotasi V guruhiga kiruvchi vitaminlardan biridir. U organizmda gemoglobin ishlab chiqarilishida qatnashuvchi muhim tarkibiy qism hisoblanadi. Agar ushbu modda miqdori iste'mol qilinuvchi oziq-ovqat tarkibida yetarli darajada bo‘lmasa, foliy yetishmovchiligi turidagi anemiya avj olishi xavfi kelib chiqadi.

Quyidagilar foliy kislotasi manbasi hisoblanadi:

  • bargli ko‘katlar (ismaloq, salat bargi), kale karami;
  • dukkaklilar — loviya, no‘xot, yasmiq;
  • sarsabil;
  • tovuq tuxumi.

3. S vitaminini yodda tuting

Yetarli miqdordagi temir moddasini tanovul qilinuvchi mahsulotlar yoki bioqo‘shimchalar orqali qabul qilish muhim, albatta. Ammo bundan ham muhimrog‘i — ushbu mikroelement o‘zlashtirilishini ta'minlashdir. Organizmdagi S vitamini ovqatdan yanada ko‘proq temir qabul qilib olishga zamin yaratadi.

Uni quyidagi mahsulotlardan izlang:

  • sitrus mevalar — apelsin, mandarin, greypfrut;
  • qulupnay;
  • qorag‘at;
  • yashil bargli sabzavotlar — ismaloq, karam.

4. A vitamini esdan chiqmasin

A vitamini va beta-karotin (uning o‘simliklarda mavjud shakli) ham oziq-ovqat tarkibidagi temir moddalarini samarali o‘zlashtirishga yordam beruvchi muhim elementlar hisoblanadi. 

Ushbu vitaminga boyligi jihatidan yuqori turuvchi mahsulotlarning qisqa ro‘yxatini keltiramiz:

  • jigar, ayniqsa mol jigari, xususan kolbasa va pashtet shaklida;
  • baliq jigari yog‘i;
  • batat (shirin kartoshka);
  • ismaloq;
  • qovoq.

5. Temir moddasini o‘zlashtirishni qiyinlashtiruvchi mahsulotlar iste'moliga ruju qilmang

Bunga kalsiyga boy mahsulotlar qodir:

  • nordon sut mahsulotlari — yogurt, kefir, tvorog;
  • soya va shu tarkiblilar: soya go‘shti, tofu va boshqalar;
  • anjir.

Nozik farq mavjud: kalsiyni butunlay cheklash yaramaydi, axir u ham organizm uchun zarur. Muhimi me'yorni bilish. Bir stakan kefir yoki bir juft anjir mevasi salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi va ayniqsa ularni temirga boy mahsulotlardan alohida iste'mol qilish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, mikroelement so‘rilishini choy va kofe ham qiyinlashtiradi.

6. Tarkibida temir saqlovchi bio-qo‘shimchalar qabul qiling

Eng muhimi — bunday qo‘shimchalarni o‘zboshimchalik bilan tanlamang. Ushbu vazifani faqatgina shifokor bajarishi kerak. Gap shundaki, dorixonalardagi temirga boy bio-qo‘shimchalar tarkibida boshqa moddalar — mikroelementlar va vitaminlar ham mavjud.

Agar bu turdagi preparatlar nazoratsiz qabul qilinsa, xavfsiz dozani oshirib yuborish mumkin. Buning natijasida, masalan, A vitamini gipervitaminozi kelib chiqishi mumkin — juda noxush holat bo‘lib, bosh og‘rig‘i va suyaklarda og‘riqlar, soch to‘kilishi, ko‘rish qobiliyati pasayishi va boshqa oqibatlarga olib keladi.

Temir moddasi keragidan oshib ketishi ham tahlikalidir. U gemoxromatoz nomi bilan ataluvchi jigar, o‘t pufagi, qalqonsimon bez, yurak-qon tomir tizimi kasalliklari va hatto rakning ba'zi turlari rivojlanishi xavfi ortishi holatini chaqirishi mumkin.

Mavzuga oid