Jamiyat | 10:00 / 12.09.2019
76639
7 daqiqa o‘qiladi
Reklama

O‘zbekiston ahli qaysi telekanalni ko‘proq tomosha qilishi aniqlandi

Bugungi teletomoshabinning talabi, didi va dunyoqarashi kechagidek emas. U o‘zgaruvchan, talabchan, muntazam yangiliklarni xohlaydi. Buni his qilmagan har qanday telekanal o‘z-o‘zidan chetga chiqib qoladi. Xo‘sh, bugungi tomoshabin qaysi kanalni, qanday dasturlarni tomosha qilmoqda? Quyida mana shu savolga javob izlab ko‘ramiz.

Aslida dunyo tajribasiga qaralsa, bu savolga osongina javob berish usuli allaqachon topilgan va muvaffaqiyat bilan qo‘llanib kelinmoqda. Qaysi telekanallar tomosha qilinayotganini aniq ko‘rsatib beruvchi aqlli uskunalar deyarli barcha davlatlarda ishlab turibdi. Telekanallarning asosiy daromad manbai bo‘lgan reklama beruvchilar mana shu o‘lchovlar natijalariga jiddiy e'tibor qaratishadi. O‘z navbatida telekanallar ham bu o‘lchovlarga qarab o‘z dasturlarini tahlil qilib chiqishadi, rejalar tuzishadi, yangi loyihalar amalga oshirishadi.

So‘nggi ma'lumotlarga qaralsa, O‘zbekiston telereklama bozori hajmi muntazam oshib bormoqda. 2018 yilda u 74,7 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilning shu davriga kelib 87,5 mlrd so‘mga yetib ulgurgan (o‘sish 17 foiz).

Ammo shu bilan birga telekanallar o‘rtasida shiddatli, keng qamrovli va eng muhimi sog‘lom raqobat ketmoqdaki, bu shubhasiz O‘zbekiston telebozori taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Keling, aniq ma'lumotlar bilan tanishamiz. 2018 yilning oktabr oyidan boshlab O‘zbekistonda ham televizon auditoriyalarni o‘lchash amaliyoti qo‘llanishga kirishildi. O‘lchovlarni o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritgan «Kantar Media» kompaniyasi 2019 yilning dastlabki yarim yilligi natijalarini e'lon qildi. Ularga ko‘ra milliy kanallar ichida 3,38 foiz to‘plagan «Sevimli» telekanali yetakchilikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni 2,78 foiz auditoriya to‘play olgan "Zo'rTV" telekanali egallab turibdi.

“Bu reytingda faqat nodavlat telekanallar joy olgan” degan fikrda bo‘lganlar adashadilar. Uchinchi o‘rindagi "Mening yurtim"dan so‘ng MTRK tarkibiga kiriuvchi "Bolajon" telekanali kuchli to‘rtlikni yakunlayotgani buning isbotidir.

«International Media Service» resursida e'lon qilingan bu ma'lumotlar o‘rganilganda (infografikaga quyida) respublika bo‘ylab eng reytingi baland besh ko‘ngilochar dasturlarning ikkitasi, eng ommabop seriallar beshligining uchtasi «Sevimli» telekanaliga tegishli ekanligi ma'lum bo‘ladi.

«International Media Service»da e'lon qilingan infografika

Ko‘ngilochar dasturlarning yetakchisi “Xafa bo‘lish yo‘q” ko‘rsatuvi ekanligini ko‘pchilik kutmagan bo‘lishi mumkin, ammo aynan shunday. Bunday ko‘rsatuvlar reytingida «Sevimli» telekanalining «Eslab,eslab» kabi zalvorli dasturlari emas, «Zirapcha», «Oliftalar» kabi yoshlarbop ko‘rsatuvlari joy olganligi bugungi tomoshabin qarashlaridan dalolat beradi.

Nega aynan «Sevimli» telekanali reytingda birinchi o‘rinda? Bu haqda bilish uchun telekanalning efir bo‘yicha bosh muharriri o‘rinbosari Qahramon Saidaliyevning fikrlarini o‘rgandik.

– Telekanalimiz mazkur reytingda yetakchilikni qo‘lga kiritganidan mamnunmiz, albatta. Ammo shu bilan birga birinchilik doimiy mas'uliyatni, muntazam ishlash zaruriyatini yuklashini yaxshi anglaymiz. Fikrimcha kamtar yutuqlarimiz quyidagi omillarga bog‘liq:

1. Auditoriya – butun oila tamoyili.

Ma'lumki, O‘zbekistonda oilaviy qadriyatlar juda muhim sanaladi. «Sevimli» telekanali o‘zining asosiy auditoriyasi sifatida oilani, turli avlodlarni, keksayu-yoshlarni biladi va barcha uchun birdek qiziqarli telemahsulotlar taqdim etishga harakat qiladi. Telekanal yangi logotipidagi “Sev – muhabbating baxsh et” so‘zining doira ichiga olinishi oila hamjihatligi, yaqinlar bir-biriga tayanch bo‘lishi ramzidir.;

2. Yangi mavsum – yangi dasturlar.

«Sevimli» telekanali 2 sentyabrda ramziy start berilgan navbatdagi mavsumda 25dan ortiq dasturlarning yangi va yangilangan shaklini ishlab chiqdi. Hammaga tanilib ulgurgan «Zirapcha», «Mening Qaynonam General» va «Eslab, eslab...» dasturlari teletomoshabinga yanada yaqinlashdi, kengaytirildi. Shu bilan birga qator yangi va yirik loyihalarga qo‘l urildi. Endi tomoshabinlar dushanbadan jumaga qadar aniq vaqtda tonggi dastur – «O'zbegim» va «Sevimli kun», salomatlik haqida ma'lumot beruvchi «Salomat boling», jamiyatdagi ijtimoiy muammolarni yoritadigan «Mahallada duv-duv gap» dasturlaridan bahra olishlari mumkin. Shuningdek, farzand tarbiyasiga bog‘liq «Ideal ona» realiti-shousi, kechki dasturlardan o‘rin olgan «Xayrli oqshom» ko‘rsatuvida hamyurtlarimiz haqida, ularning noodatiy hayotiy voqealaridan so‘zlovchi dasturlarni ham tomosha qilish imkoniyati mavjud.

3. Seriallar rang-barangligi.

Bugungi telekanallarni seriallarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ammo ularning ham reytingi turlicha. «Sevimli» telekanali o‘z nomidan kelib chiqib, teletomoshabinlarga eng sevimli seriallarnigina taqdim etadi. Telekanal turk seriallari reytingida yetakchilik qilayotgan «Beqaror» ("hercai") serialini ham O‘zbekiston hududida namoyish etish huquqini qo‘lga kiritib, uni soat 20:30da xalqimiz e'tiboriga havola etmoqda. Milliy seriallarga kelsak, telekanal oktabr oyidan boshlab «Bokira» serialini efirga uzatishni rejalashtirayapti, bundan tashqari «Sevimli» telekanali o‘z ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, uchta yirik serialga qo‘l urgan. Ulardan birining ishchi nomi «Ko'k ko'z» bo‘lib, uni telekanal Unicef xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda suratga olmoqda. Bundan tashqari yoshlar hayotidan so‘zlovchi «Ko'cha» va oilaviy komediya janridagi «Bobomni uylantiramiz» seriallarini ham suratga olish ishlari jadal ketmoqda;

4. Teleloyihalar dasturidagi qulaylik.

Bugungi teletomoshabin aniqlikni xush ko‘radi. «Sevimli» telekanalining dasturlari ketma-ketligi uzviylikka asoslanadi, ya'ni ma'lum bir teleloyiha kunning faqat muayyan bir vaqtida namoyish etiladi. Bu esa mushtariyga o‘z ishini aniq rejalashtirish imkonini beradi.

O‘zbekiston telekanallari tomoshabopligi reytingi e'lon qilina boshlashi sohaning yangi bosqichga kirayotganini anglatadi. Endi har bir telekanal o‘z faoliyatining raqamlardagi ifodasini yaqqol his qiladi va shunga qarab ish ko‘radi.

Abror Zohidov

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid