O‘zbekiston | 09:46 / 13.09.2019
11233
3 daqiqa o‘qiladi

Shikastlanishning yuqori ko‘rsatkichlari qayd etilgan hududlar ma'lum qilindi

Foto: Dreamstime

Respublika travmatologiya va ortopediya ilmiy–amaliy tibbiyot markazida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda mazkur markaz rahbarining “Aholiga travmatologiya va ortopediya xizmatni ko‘rsatishning holati to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda markaz faoliyati bilan bog‘liq bir qator muammolar ham atroflicha muhokama qilindi. 

Xususan, ma'lumotlarga ko‘ra, respublikadagi travmatizm darajasi yil sayin oshish tendensiyasini ko‘rsatmoqda. Bu nafaqat yurtimizda, balki jahon travmatizmi uchun xos holatdir. 2013 yil mamlakatda har 100 ming aholiga 3 160,7 shikastlanish ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, 2018 yil yakuni bo‘yicha bu ko‘rsatkich 3 699,4 tani tashkil etdi. 

Travmatizmning yuqori ko‘rsatkichlari aholi zich, asosan yirik shaharlarda yashaydigan, texnologik rivojlangan hududlarda, xususan, Toshkent shahri, Buxoro, Namangan, Andijon, Samarqand, Xorazm hududlarida qayd qilingan.

Ayni zamonda travmatologiya va ortopediya amaliyoti uchun zarur yo‘nalish – suyak transplantologiyasi masalalari (allogen suyak tayyorlash, saqlash va qo‘llash) uchun qonunchilik bazasini yaratish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, sohada yana bir jiddiy muammo bu bemorlarga endoprotez qo‘yish masalasidir. Bugungi kunda bemorlarga qo‘yiladigan endoprotez vositasini sotib olish uchun xarajatlar budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmaydi. Bemorlar o‘z hisobidan sotib olib kelgan endoprotezlar markazda o‘rnatib beriladi.

Deputatlar tomonidan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ham ko‘plab bemorlar endoprotezlar ishlab chiqarilgan davlatga qarab, turlicha, asosan qimmat ekanini bildirmoqda. Shu munosabat bilan, chet el tajribasini o‘rgangan holda Sog‘liqni saqlash vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bemorlarga endoprotez va shu kabi boshqa vositalar bilan ta'minlashda qulayliklar yaratishga doir amaliy choralar ko‘rishi maqsadga muvofiqligi ta'kidlandi.

Bundan tashqari, ayni sohani malakali kadrlar bilan ta'minlash masalasi mamlakatimizda aholiga travmatologiya va ortopediya xizmatini ko‘rsatishga o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatayotgan muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.

Tadbirda ushbu masalalar bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi vakillarining fikr-mulohazalari eshitildi va mavjud muammolarni hal qilish maqsadida tegishli choralar ko‘rish tavsiya qilindi. 

Mavzuga oid