Sport | 16:10 / 17.09.2019
23409
13 daqiqa o‘qiladi

Chempionlar ligasi qaytdi, Lempard ham. Kun o‘yinlari anonsi

Chempionlar ligasining yangi mavsumi start olmoqda. 17 sentabr kuni guruh bosqichining 1-turi doirasida 8ta uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

E guruhi

Chempion maqomini qanday himoya qiladi?

Napoli — Liverpul
17 sentabr. Neapol. «San-Paolo» stadioni 23.55.
Yo‘qotishlar
«Napoli»: Milik, Xyusay (ikkisi — so‘roq ostida)
«Liverpul»: Alisson (jarohat), Keyta, Origi (ikkisi — so‘roq ostida)
Hakam: Brix (Germaniya).

Zalsburg — Genk
17 sentabr. Zalsburg. «Red Bull Arena» stadioni. 23.55.
Yo‘qotishlar
«Zalsburg»: Valke (jarohat), Pongrachich (so‘roq ostida)
«Genk»: Peynsil (so‘roq ostida)
Hakam: Tsvayyer (Germaniya).

Odatda favoritlar pley-off uchun kuch tejab o‘ynashadi, ammo guruh bosqichida ham pley-off darajasidagi o‘yinlar bo‘lib qolishi mumkin. Bu mavsumning birinchi turidayoq 4ta «top» o‘yin bor (bugun «Napoli» - «Liverpul», «Borussiya» - «Barselona», ertaga «PSJ» - «Real», «Atletiko» - «Bavariya») — muxlislar uchun ko‘hna qit'adagi asosiy turnir startida haqiqiy sovg‘a. Neapoldagi to‘qnashuv esa o‘tgan mavsum va yangi mavsum o‘rtasidagi ko‘prikka aylanadi.

Balki, «Napoli» va «Liverpul» jamoalarining o‘tgan mavsumda «Enfild»da o‘tkazilgan so‘nggi tur uchrashuvida bir epizod ro‘y bergandiki, bu futbol tarixini o‘zgartirib yuborgandi. Agar o‘sha o‘yinning so‘nggi daqiqalarida Alissoning qoyilmaqom seyvi bo‘lmaganida mersisaydliklar YeChL pley-offiga chiqa olmas va Yevropada butunlay boshqa jamoa chempion bo‘lgan bo‘lardi. Ammo braziliyalik posbon o‘yinni qutqargan, Yurgen Klopp jamoasi esa o‘z yo‘lida davom etgandi.

Hozircha o‘tgan turnirning va o‘tgan mavsumning eng yaxshi darvozaboni jarohatini davolashda davom etmoqda, «Napoli» esa o‘sha o‘yinda Alissonni dog‘da qoldira olmagan Milik xizmatlaridan foydalana olmaydi. Lekin bu Karlo Anchelottini xafa qilmasligi aniq. Birinchidan, markaziy forvard rolini APLdan Italiyaga qaytgan Lorente bajara oladi. Ikkinchidan, hozirda Mertens juda yuqori sport formasida. O‘tgan mavsumda belgiyalik futbolchi yangi murabbiy o‘yin uslubiga moslashish qiyin bo‘lgandi, hatto u Hamshik ortidan Xitoyga yo‘l olishini kutishgandi, ammo og‘ir davrni yengib o‘tgan futbolchi o‘tgan turda dubl qayd etdi.

F guruhi

Fati tarixga kiradimi?

Inter — Slaviya Praga
17 sentabr. Milan. «Juzeppe Meatssa» stadioni. 21.55.
Yo‘qotishlar
«Inter»: de Fray, Lukaku (ikkisi — so‘roq ostida)
«Slaviya» Pr: —
Hakam: Buke (Fransiya).

Borussiya D — Barselona
17 sentabr. Dortmund. «Signal Iduna Park» stadioni. 23.55.
Yo‘qotishlar
«Borussiya» D: Shuls, Pishchek (so‘roq ostida)
«Barselona»: Yumtiti (jarohat), Dembele, Netu (ikkisi — so‘roq ostida)
Hakam: Xatsegan (Ruminiya).

Neapolda bo‘lgani kabi, Dortmundda ham ikkita kuchli va hujumkor jamoa kuch sinashadi. Yana bir e'tiborli jihati, «Borussiya» va «Barselona» bu asrda ilk marta rasmiy o‘yinda o‘zaro o‘yin o‘tkazadi. Avvalgi duel 1998 yilda bo‘lib o‘tgan va o‘shanda katalonlar ikki o‘yin natijasiga ko‘ra (2:0, 0:0) UYeFA Superkubogini qo‘lga kiritgan. O‘sha vaqtda Lionel Messi endigina 11 yoshda bo‘lgan, u hali o‘z oilasi bilan Pireney yarim oroliga kelmagandi ham.

Endi «asalarilar» jamoasi argentinalik futbolchi uchun yevrokuboklardagi 40-raqib jamoa bo‘lishi mumkin. Dushanba kuni «Barselona» sardor o‘zini yaxshi his qilayotgani va Dortmunddagi o‘yinga tushishi mumkinligi haqida ma'lum qildi. Undan avvalroq tiklanib safga qaytgan Suares esa La Liganing 4-turida «Valensiya»ga qarshi o‘yinda zaxiradan maydonga tushib, dubl qayd etdi. Ammo hozirgi kunda bu ikki janubiy amerikalik yulduz 16 yoshli Fatining shuhrati soyasida qolmoqda. O‘smir futbolchining ko‘k-anorranglilar klubidagi debyuti muvaffaqiyatli kechdi va endi u yangi rekord o‘rnatish imkoniyatiga ega — u Chempionlar ligasida gol urgan eng yaxshi futbolchi bo‘lishi mumkin.

Maydon egalari muxlislari ham Pako Alkaserning golli seriyasi davom etishidan umid qilishmoqda. Ispaniyalik futbolchi yangi mavsumda klubi va terma jamoadagi o‘yinlari qo‘shib hisoblanganda qatorasiga 8 o‘yinda maydonni golsiz tark etmadi, u bu o‘yinlarda 10 bor raqib jamoalar darvozasini ishg‘ol qildi. Qolaversa, ushbu forvard sobiq jamoasiga qarshi o‘yin arafasida bergan intervyusi bilan intriga yaratdi - u «Barsa»da o‘ynaganida jamoadagi ayrim shaxslar unga juda yomon munosabatda bo‘lgani haqida gapirdi. Gap  futbolchilar va muxlislar haqida ketmayotgan bo‘lsa kerak, ammo, aftidan, Alkaser kimgadir nimanidir isbotlashga tayyor. Asosiysi, mezbonlar ustozi Lyusen Favr ushbu markaziy hujumchini boshlang‘ich tarkibda tushirmoqchi, mezbonlar bu o‘yinni ikki qanot himoyachisisiz o‘tkazishi kerak bo‘ladi, Shuls va Pishchek jarohatidan to‘la forig‘ bo‘lib ulgurmagan.

H guruhi

«Stemford Brij»da yangi ertak boshlanadimi?

Ayaks — Lill
17 sentabr. Amsterdam. «Yoxan Kroyf Arena» stadioni. 23.55.
Yo‘qotishlar
«Ayaks»: Bande, van de Bek (ikkisi — jarohat), Mazraui (so‘roq ostida)
«Lill»: Vea, Sheka (ikkisi — jarohat), Yusuf Yaziji (so‘roq ostida)
Hakam: Yovanovich (Serbiya).

Chelsi — Valensiya
17 sentabr. London. «Stemford Brij» stadioni. 23.55.
Yo‘qotishlar
«Chelsi»: Loftus-Chik (jarohat), Kante, Ryudiger, Hadson-Odoi, Emerson (barchasi — so‘roq ostida)
«Valensiya»: Soler (jarohat)
Hakam: Junayt Chaqir (Turkiya).

H guruhi — nisbatan teng kuchli jamoalar jamlangan guruh va bu yerda nimalar bo‘lishini oldindan aytib bo‘lmaydi. Hatto o‘tgan mavsumda yarim finalga yetib borgan «Ayaks»ni ham guruh favoriti deb bo‘lmaydi, amsterdamliklar asosiy yetakchilari Matteys de Ligt va Frenki de Yong bilan xayrlashishgan. Shunday ekan, amsterdamliklar jarohatdagi van de Beksiz ham Niderlandiya chempionatidagi raqiblarni osonlik bilan yengayotgan bo‘lsada — YeChLdagi raqiblar yetarlicha muammolar tug‘dirishi mumkin.

Qolaversa, Chempionlar ligasida qatnashish uchun saralash bosqichidan o‘tgan jamoa PAOK bilan o‘yinlarda qiynalgandi, «Lill» esa — butunlay boshqa saviyadagi jamoadir.

Fransuzlar klubi ham o‘tgan mavsumdagi asosiy futbolchilari bilan xayrlashdi. Ammo klub Pepe («Arsenal»), Tiagu Mendesh («Lion») va Rafael Leao («Milan») sotuvidan 132 million yevro ishlab oldi. Bu mablag‘ning uchdan bir qismi tarkibga yangi futbolchilarni, jumladan nigeriyalik yosh forvard Osimxenni, Fransiya chempionatining joriy mavsumida to‘purarlar ro‘yxatini boshqarib borayotgan iqtidorli futbolchini sotib olishga sarflandi.

Umuman, bu jamoalar juftligidan istalgan natijani kutish mumkin.

Nisbatan reytingi yuqoriroq bo‘lgan «Chelsi» va «Valensiya» klublari juftligi haqida ham shunday deyish mumkin. «Ko‘rshapalaklar»da kichik inqiroz yuzaga kelgan, futbolchilar va muxlislar Marselino Toralning iste'fosi uchun klub rahbariyatidan qattiq  norozi. Lekin uning o‘rniga kelgan Albert Selades Ispaniya chempionatining o‘tgan turida «Barselona»dan uchralgan 2:5 hisobidagi mag‘lubiyatga qanday reaksiya ko‘rsatishini ko‘rish qiziq.

«Chelsi» ustozi Frenk Lempard Chempionlar ligasiga qaytganidan xursandligi haqida gapirdi. Ha, murabbiy uchun bu turnir juda tanish, u ko‘p yillar davomida ushbu turnirda ishtirok etgan va asosiy kubokni boshi uzra ko‘targan, ammo uning yoshlardan iborat jamoasida ba'zi futbolchilar hayajondan tizzasi qaltirashi ham mumkin. Ba'zi futbolchilar esa «Vulverhempton»ga qarshi o‘yindagi muvaffaqiyatdan (5:2) ruhlanishi ham mumkin.

Ayniqsa o‘sha o‘yinda o‘z jamoasi darvozasiga bitta, raqib darvozasiga uchta gol urgan Abraham juda yaxshi kayfiyatda. Qolaversa, londonliklar safida Kante qaytmoqda. Shuningdek, inglizlarda Yevropa Ligasining o‘tgan mavsumdagi eng yaxshi snayperi, zaxiradan tushib o‘yinni kuchaytirishda tengsiz bo‘lgan Olive Jiru ham bor.

G guruhi

«Zenit» Yevropa saviyasini ko‘rsata oladimi?

Lion — Zenit
17 sentabr. Lion. «Lyumer» stadioni. 21.55.
Yo‘qotishlar
«Lion»: Marsal (jarohat), Denayyer (so‘roq ostida)
«Zenit»: Malkom (jarohat)
Hakam: Oliver (Angliya).

Benfika — Leypsig
17 sentabr. Lissabon. «Da Lush» stadion. 23.55.
Yo‘qotishlar
«Benfika»: Gabriel, Jyedson Fernandesh, Karlos Vinisius, Konti, Florentinu, Chikinyu, Ebuexi, (barchasi — jarohatda)
«Leypsig»: Volf (jarohat), Adams, Kampl (ikkisi — so‘roq ostida)
Hakam: Sidiropulos (Gretsiya).

«Zenit»ning qur'ada omadi kelgan, deyish mumkin. Piterliklar jamoasining bu turnirdagi statistikasi kamtargina. Guruhdan chiqish — yaxshi natija sifatida baholanishi mumkin. Uchinchi o‘rin — munosib ishtirok. To‘rtinchi o‘rin ham muxlislarni juda qattiq ranjita olmaydi, kimsan shunday jamoaga yutqazdik, deyish ham mumkin. Lekin bu safar guruh bosqichida «Zenit»da kuchli grand raqiblar yo‘q.

«Benfika» — Portugaliya miqyosida grand, lekin bu jamoa afsonaviy Bela Guttmanning o‘tgan asr 60-yillaridagi natijalaridan keyin deyarli hech narsa yutgani yo‘q. Vengriyalik murabbiyning qarg‘ishi haqida gaplar yuradi — emishki, «Benfika» rahbariyati murabbiy bilan shartnomani uzaytirishni istamaganidan keyin klubni qarg‘agan. U chin dildan shunday degan: «Yaqin yuz yil ichida «Benfika» Yevropada chempion bo‘la olmaydi». «Tavqi la'nat» amalda — jamoa shu vaqt ichida 8 marta yevrokuboklar finalida o‘ynagan, birortasida g‘alaba qozona olmagan.

«Leypsig» — bundes­ligada myunxenliklarning asosiy raqibiga aylangan kuchli jamoa, bu mavsumda ham Negelsman shogirdlari «Bavariya» va Dortmundning «Borussiya» klubini ortda qoldirgan holda turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.

«Lion» — «Zenit»ning guruh bosqichidagi birinchi raqibi. 2000-yillar boshida va o‘rtalarida YeChL favoritlari uchun dahshatga aylangan bu klub bugungi kunga kelib qahramonliklar qilmay qo‘ygan.

Fransiya chempionatining joriy mavsumi startidagi ikki o‘yinda bu jamoa 9 gol urib, birorta gol o‘tkazmadi, birinchi turda «Monako» 3:0 hisobida, ikkinchi turda «Anjyer» 6:0 hisobida mag‘lub etildi, ammo shundan keyin jamoa to‘xtab qoldi. Bir oydan beri Depay, Dembele va Ko g‘alaba qozona olmayapti, 1 mag‘lubiyat va 2 durang.

Kartina shunday. Qog‘ozda bu jamoalarning barchasi «Zenit»dan kuchlidek ko‘rinmoqda, amalda qanday bo‘ladi, bilib olamiz.

Mavzuga oid