Sport | 21:00 / 17.09.2019
21612
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning yana ikki vakili jahon chempionatida chorak finalga chiqdi

Rossiyaning Yekaterinburg shahri mezbonlik qilayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatining to‘qqizinchi kunida O‘zbekiston boks terma jamoasining yana ikki vakili chorak finalga chiqdi.

O‘zbekison sharafini -57 kg vazn toifasida himoya qilayotgan Miraziz Mirzaxalilov 1/8 finalda marokashlik Muhammad Hamutga qarshi bahs olib bordi.

Raqibiga qaraganda kuchli va aniq zarbalar yo‘llay olgan Mirzaxalilov ushbu bellashuvni o‘z foydasiga hal qildi (4:1) va chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. U keyingi bosqichda Kayrat Yeraliyev (Qozog‘iston) va Butdi Chatchai (Tailand) juftligi g‘olibi bilan to‘qnash keladi.

Shuningdek, -69 kilogramm vazn toifasida Bobousmon Baturov amerikalik Delante Jonsonga qarshi bahs olib bordi. 3 raund yakuniga ko‘ra Bobousmon Baturov musobaqani davom ettiradigan bo‘ldi (5:0). Endi u chorak finalda Bayarxu Ganbatar (Mo‘g‘iliston) va Ziyad Eyshash (Iordaniya) juftligi g‘olibi bilan kuch sinashadi.

Bungacha O‘zbekiston boks terma jamoasining -52 kg vazn toifasidagi vakili Shahobiddin Zoirov qirg‘izistonlik Azat Usenaliyevni yengib, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi.

Terma jamoaning uch vakili esa turnirdagi ishtirokini erta yakunladi. Biroz oldinroq, -91 kg vazn toifasidagi Sanjar Tursunov hindistonlik Sanjit Sanjitga yutqazib, turnirdagi ishtirokini yakunladi. Ungacha -75 kg vazn toifasi vakili Fanat Qahramonov va -63 kg vazn toifasidagi Elnur Abduraimov ham turnirni nimchorak finaldan tark etgandi.

O‘zbekiston terma jamoasining yana 2 nafar vakili chorak final yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tariladi.

-81 kg: Dilshod Ro‘zmetov – Andre Paul Aradoay (Ruminiya)
+91 kg: Bahodir Jalolov – Tsotne Rogava (Ukraina).

Janglarni tomosha qilish uchun link:

Ring B: Dilshodbek Ro‘zmetov - Andrei Aradoay, 22:00 dan so‘ng, Bahodir Jalolov - Tsonte Rogava, 23:00dan so‘ng.

 

Mavzuga oid