O‘zbekiston | 21:00 / 19.09.2019
33240
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent davlat yuridik universitetiga yangi prorektor tayinlandi

Adliya vazirining tegishli buyrug‘i bilan Islambek Rustambekovich Rustambekov Toshkent davlat yuridik universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

U bu lavozimda Mansurxon Muxtarovich Kamalovning o‘rnini egalladi.

Foto: Adliya vazirligi

Islambek Rustambekov 1985 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma'lumoti oliy, 2007 yilda Toshkent davlat yuridik institutini, 2009 yilda Toshkent davlat yuridik institutining magistratura yo‘nalishini tamomlagan, mutaxassisligi huquqshunos, yuridik fanlari doktori.

U mehnat faoliyatini 2010 yilda Toshkent davlat yuridik instituti aspiranti lavozimidan boshlab, 2010-2013 yillarda Toshkent davlat yuridik instituti «Xalqaro xususiy huquq» kafedrasi o‘qituvchisi, katta o‘qituvchisi, 2013-2017 yillarda Toshkent davlat yuridik universitetining «Xalqaro tijorat huquqi» kafedrasi mudiri, 2017-2017 yillarda Toshkent davlat yuridik universiteti Biznes huquqi kafedrasi mudiri, 2017-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Fuqarolik jamiyati institutlari boshqaruvi kafedrasi mudiri, 2018 yil (aprel-iyun)da O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Xalqaro va xorijiy tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini huquqiy himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi lavozimlarida ishlagan.

Yuridik fanlar doktori bo‘lmish Islambek Rustambekov shu kungacha Adliya vazirligining Xalqaro va xorijiy tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini huquqiy himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlab kelayotgandi.

Bundan avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori Rahim Hakimov Toshkent davlat yuridik universitetining yangi rektori etib tayinlangani xabar qilingandi. U bu lavozimda o‘tgan oy ishdan olingan Yesemurat Kanyazov o‘rnini egalladi.

Mavzuga oid