«O‘zbekkosmos»ning asosiy vazifalari belgilandi
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining (“O‘zbekkosmos” agentligi) bosh direktoriga:
zarur bo‘lganda, “O‘zbekkosmos” agentligining tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish;
“O‘zbekkosmos” agentligiga yuklangan vazifalarni bajarish doirasida yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida rahbarlik lavozimlariga va maslahatchilar sifatida jalb etish huquqi berildi.
Belgilanishicha:
“O‘zbekkosmos” agentligi o‘z faoliyatini boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi;
“O‘zbekkosmos” agentligining xodimlari mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud organlari va notarial idoralar xodimlari mehnatiga haq to‘lashning tarif setkasini joriy etish to‘g‘risida” 1996 yil 12 apreldagi 147-son qaroriga 3-ilovada ko‘rsatilgan vazirliklar va idoralar markaziy apparati xodimlariga tenglashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining yuridik shaxsni tashkil etmasdan budjetdan tashqari Kosmik tarmoqni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi va quyidagilar uni moliyalashtirish manbalari sifatida nazarda tutilmoqda:
xalqaro moliya institutlari va boshqa institutlar, shu jumladan xorijiy tashkilotlarning grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Belgilab qo‘yilishicha, Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun foydalaniladi:
“O‘zbekkosmos” agentligiga kosmik tarmoq obektlarini, shu jumladan tashqi infratuzilma obektlari va turar joylar qurishni nazarda tutuvchi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga tayyorlash bo‘yicha tashkiliy-amaliy tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan yuklangan vazifalar samarali hal etilishini ta'minlash;
“O‘zbekkosmos” agentligi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, xorijiy mutaxassislar va maslahatchilarni jalb etish, shuningdek, Agentlik rahbariyati va xodimlarini xorijga xizmat safarlariga yuborish xarajatlarini qoplash;
“O‘zbekkosmos” agentligi xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
zamonaviy axborot va innovatsiya texnologiyalarini joriy etish, “O‘zbekkosmos” agentligining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish va mustahkamlash;
qonun hujjatlariga muvofiq “O‘zbekkosmos” agentligiga yuklangan vazifalarni hal etish va uning faoliyatini rivojlantirish bilan bog‘liq boshqa tadbirlarni amalga oshirish.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, “O‘zbekkosmos” agentligi kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun mas'ul davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Quyidagilar “O‘zbekkosmos” agentligi faoliyatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasida kosmik tarmoqni rivojlantirishning davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
kosmik faoliyat, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;
kosmik faoliyatning zarur darajada rivojlanishini ta'minlash, sohaga tegishli va u bilan bog‘liq ishlar bajarilishini, xizmatlar ko‘rsatishni tashkil qilish maqsadida kosmik faoliyat sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish;
kosmik tarmoq infratuzilmasi, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar, ilmiy tadqiqotlar, tajriba-konstruktorlik va innovatsiya ishlarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
kosmik faoliyatning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni, jumladan, yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalarida tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;
stratosfera va uchuvchisiz boshqa uchish apparatlari, shuningdek, yerni masofadan turib zondlash va yo‘ldoshli aloqa kosmik apparatlarini qo‘llash orqali davlat organlariga vazifalarni hal etish samaradorligini oshirishga ko‘maklashish;
kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;
xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni kosmik faoliyat sohasiga, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida jalb qilish maqsadida manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari, donor-mamlakatlar, kompaniyalar va banklar bilan hamkorlikni rivojlantirish;
kosmik va yo‘ldosh texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy tijorat tuzilmalari, ishlab chiqaruvchilar va moliya resurslarining keng jalb etilishini ta'minlash;
kosmik faoliyatning ayrim yo‘nalishlari tijoratlashtirilishini rag‘batlantirish.
Mavzuga oid
12:22
Kurash trenerlari va hakamlarini xorijiy davlatlarga “eksport” qilish yo‘lga qo‘yiladi
12:58 / 19.12.2024
O‘zbekiston bo‘ylab ikki mingga yaqin noqonuniy chiqindixonalar aniqlandi - «O‘zbekkosmos»
11:18 / 27.11.2024
Milliy simfonik orkestri xodimlari maoshi oshiriladi
19:45 / 04.11.2024