Sport | 19:43 / 21.09.2019
30132
2 daqiqa o‘qiladi

Ikkinchi oltin: Mirazizbek Mirzaxalilov finalda uch karra jahon chempionini mag‘lub etdi

Rossiyaning Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston boks terma jamoasi yana bir oltin medalga ega bo‘ldi.

Turnirda -57 kg vazn toifasida ishtirok etgan Mirazizbek Mirzaxalilov kubalik Lazaro Alvares Estradani mag‘lub etib, jahon chempioniga aylandi.

Murosasiz jangning 2-raundi o‘tib borayotgan paytda kubalik bokschi jarohat oldi va shifokorlar Alvaresga jangni davom ettirishga imkon berishmadi. Shu paytgacha bo‘lgan ochkolar hisob-kitobi bo‘yicha Miraziz Mirzaxalilov ustun keldi.

Qayd etish kerakki, Estrada 3 karra jahon chempioni hisoblanadi, u 2011 yili Bokuda, 2013 yili Olma-otada, 2015 yil Dohada o‘tkazilgan jahon birinchiliklarida birinchi bo‘lgan. Bundan tashqari, u 2012 yilgi London olimpiadasida va 2016 yilgi Rio-de-Janeyro olimpiadasida sovrindor bo‘lgan.

Mirazizbek Mirzaxalilov turnirdagi ishtirokini 1/16 finalda braziliyalik Duglas de Andradeni mag‘lub etish bilan boshlagandi. U keyingi bosqichlarda marokashlik Muhammad Hamut, qozog‘istonlik Qayrat Yeraliyev va mo‘g‘ulistonlik Tsenbataar Yerdenebatni mag‘lubiyatga uchratib, finalga yetib kelgandi.

Bundan oldinroq O‘zbekiston terma jamoasining -52 kg vazn toifasidagi vakili, 2016 yilgi Rio Olimpiadasi g‘olibi Shahobiddin Zoirov hindistonlik Amitni mag‘lub etib, terma jamoaga ilk oltin medalni keltirgandi.

Bugun O‘zbekiston boks terma jamoasining yana ikki nafar vakili jahon chempionatining oltin medali uchun ringga ko‘tariladi:

-81 kg: Dilshodbek Ro‘zmetov (O‘zbekiston) – Bekzad Nurdauletov (Qozog‘iston)
+91 kg: Bahodir Jalolov (O‘zbekiston) – Kamshibek Konkabayev (Qozog‘iston)

Mavzuga oid