Jamiyat | 20:17 / 01.10.2019
70071
2 daqiqa o‘qiladi

TIV: Nodira Qodirovaning o‘limi bilan bog‘liq vaziyat nazorat ostida

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi 23 yoshli Nodira Qodirovaning Anqaradagi shubhali o‘limi bilan bog‘liq vaziyat nazoratga olinganini ma'lum qildi.

«Anqara shahri prokuraturasi ma'lumotiga ko‘ra, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Xususan, guvohlar so‘roq qilinmoqda, telefon suhbatlari va elektron yozishmalar mazmuni o‘rganilyapti», – deyiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Ta'kidlanishicha, tergov organlari sud-tibbiy ekspertizasi xulosasini kutishmoqda.

«Shuningdek, elchixona xodimlari Turkiyadagi o‘zbek diasporasi vakillarining mazkur masaladagi savollariga javob berishmoqda», deb qo‘shimcha qilingan TIV rasmiy bildirishida.

Eslatib o‘tamiz, Nodira Qodirova 23 sentabr oqshomida Buyuk millat majlisi deputati Shirin Unalning uyida deputatning to‘pponchasi bilan o‘zini otib qo‘ygan. U bu xonadonda bir yildan buyon oqsoch bo‘lib ishlab kelayotgan edi.

Nodiraning akasi va dugonalari u o‘z joniga qasd qilishdan oldin jinsiy zo‘ravonlikka uchragan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Turkiya parlamentidagi muxolif partiya deputati Sera Kadigilning so‘zlariga ko‘ra, «jamoatchilik ko‘ngilsiz hodisa hukmron partiya deputatining uyida sodir bo‘lgani bois yopdi-yopdi qilinyapti, degan fikrga bormoqda». U Adliya vaziriga bir qator savollar bilan deputatlik so‘rovi yuborgan.

Mavzuga oid