Jamiyat | 19:18 / 03.10.2019
50396
9 daqiqa o‘qiladi

Mehnat bozorida kimga talab kuchli: bakalavr yoki magistr?

Bu yil bitiruvchi kurs talabasiman. O‘qishni tamomlab, qaysi yo‘lni tanlasam ekan: magistraturada tahsil olganim yaxshimi yoki bakalavr diplomi yetarmikin? Ishga joylashayotganda bu ikki darajaga ahamiyat beriladimi? Orangizda men kabi «boshi qotganlar» ko‘pchilikni tashkil etishiga ishonchim komil. Magistratura ta'limi karera o‘sishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadimi? O‘zi aslida, magistraturaning maqsadi nima? Mehnat bozorida qay biriga talab har qachongidan yuqori? Bu bosqich rostdan ham bizga kerakmi yoki ikki yillik umrni band qilish uchun joriy etilganmi? Ushbu maqola orqali masalaga ilmiy va amaliy jihatdan baho berishga harakat qilib ko‘ramiz. 

«Magistr va bakalavrlarning mehnat maqomini tegishli qonunlar bilan belgilab olish zarur»

Rustam Xolmurodov, Samarqand davlat universiteti rektori:

— Magistraturaga tanlov juda kam. O‘tgan yili Samarqand davlat universitetiga bitta bakalavr o‘rniga 10 nafar abituriyent to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, magistraturada atigi 2tani tashkil qildi. Bunga sabab bakalavr va magistrning mehnat maqomi aniq belgilanmaganidir. 20 yil muqaddam oliy ta'limning ikki bosqichli tizimini qabul qilganmiz-u, ammo bu ikki tur diplom sohiblarining egallashi mumkin bo‘lgan lavozimlari yoki maoshlari farqini tasdiqlamaganmiz (oliy ta'lim bundan mustasno). Shuning uchun magistraturada o‘qishga qiziqish qolmagan, obro‘si past. Barcha sohalarda asosiy vazifalar magistrlarga berilsa, uning maqomini yuqoriga ko‘tara olsakkina, sifatli kadrga ega bo‘lamiz. Umumkasbiy ma'lumotgagina ega bakalavrlar va umumilmiy ma'lumotga ega magistr mutaxassislar bilan iste'molchilar talab va ehtiyojini qondirolmaymiz. Magistrlarni tayyorlashning amaldagi maqomi sifatli mutaxassisni bera olmayapti. Magistr va bakalavr diplomi sohiblarining mehnat maqomini ham tegishli qonunlar bilan belgilab olish zarur. Ushbu ta'lim turining o‘zimizga munosib modelini qabul qilmasdan turib, ta'lim-tarbiyaning barcha bosqichlarida qo‘yilgan maqsadga erishish mushkul. Afsuski, shu paytgacha oliy ta'limning bu bosqichining asl mohiyatiga munosib ahamiyat bermay, unga yengil-yelpi qarab kelinmoqda.

«Yuqori lavozimlarda ishlash uchun magistraturada o‘qish lozim, degan noto‘g‘ri qarash shakllangan»

Firdavs Saidov (OTM o‘qituvchisi)

— Bizda magistraturaga nisbatan noto‘g‘ri qarashlar shakllangan. Birinchidan, aksariyat odamlarimiz magistraturada o‘qisamgina to‘liq oliy ma'lumotli shaxs bo‘laman, deb o‘ylashadi. Ikkinchidan, magistraturada o‘qimasam karera qilolmayman, deydi. Oddiy qilib aytganda, yuqori lavozimlarda ishlash uchun magistraturada o‘qish lozim, deb hisoblanadi. Aslida, magistratura – bu ilm ekanligini tushunib yetishimiz kerak. Ilmiy izlanishlar qilish, o‘z sohasi bo‘yicha tadqiqotlar olib borish va natijada ushbu olgan ilmini oliy ta'limda amaliyotga joriy etish bu bosqichning asosiy maqsadi va vazifasi bo‘lishi kerak.

Mehnat bozorida har ikki bosqichga ham talab bor. Biroq ba'zi bir tushunmovchiliklar yuzaga keladi. Masalan, biror lavozimga ikki talabgor bor, deylik. Biri bakalavr, ikkinchisi magistr. Ish beruvchi ko‘p hollarda magistrni tanlaydi. Garchi ularning har ikkisi ham taklif etilayotgan ishda ishlashga haqli bo‘lsa ham. Bu ham noto‘g‘ri. Natijada bakalavriaturani bitirgan shaxs ham magistraturada o‘qishga intiladi. Unda ilmiy ishlar olib borish layoqati bo‘lmasa ham, kelajakda o‘z karerasini qilish uchun magistratura kerak ekan, degan fikr bilan unda o‘qishga harakat qiladi. Mana shunga o‘xshagan talablar ko‘payib ketishi natijasida magistraturaning darajasi tushib ketyapti. Magistratura karera qilish uchun emas, balki ilmiy-tadqiqot va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borish uchun mo‘ljallangan ta'lim turi ekani tushunilishi kerak.

«Ayrimlar amaliyotda ish topolmagach, bakalavrni bitirgandan keyin nima qilishni bilmasdan magistraturaga kiradi»

Nazira Toshpo‘latova (O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti dotsenti)

— Mehnat bozorida magistrlar uchun alohida imtiyozlar belgilanmagan. Magistratura akademik ta'lim tizimi bo‘lib, muayyan soha va mutaxassislikdagi bilimlarni chuqur o‘rganish, ilmiy-tadqiqot olib boradigan, pedagogika bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlar uchun mo‘ljallangan. Magistratura darajasi tushib ketishiga sabablardan biri uning mohiyati, hayotda qanchalik kerak bo‘lishini tushunmaslikdir. Juda ko‘plab magistrlar ushbu ta'lim bosqichi maqsadini to‘liq anglab yetishmagan. To‘g‘ri, o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, ilmiy faoliyat olib borishni istovchilar yo‘q emas. Afsuski, ular orasida amaliyotda ish topolmasdan, bakalavriatni bitirib nima bilan shug‘ullanishni bilmasdan ikki yil umrini band qilish uchun magistraturaga kiradiganlar ham bor. Natijada, ular o‘qishni bitirib bakalavrlardan yuqori darajasi bo‘lsa ham salohiyat jihatidan ulardan ortda qolib ketyapti. Bakalavr bosqichida ma'lum soha mutaxassislari yetishtirilsa, magistraturada o‘sha soha chuqur o‘rganiladi, dolzarb muammolarini imkoniyat darajasida hal qilish yo‘llari topiladi, ilmiy-tadqiqot olib boriladi.

O‘zbekiston oliy ta'lim tizimi magistratura bosqichini o‘qitishda bir qancha kamchiliklar bor. Jumladan, fundamental fanlarni tanlashda umumiyliklar bor, dasturlar mustahkam tuzilmagan. Magistrlar ma'lum ilmiy muammoni mustaqil ravishda o‘rganishi, uni yechimlarini topishi lozim. Bu bosqichda professor-o‘qituvchilar talabalar bilan individual ishlashi talab etiladi. Lekin aksariyat talabalar individual topshiriqlarni tushunishmaydi, tadqiqot olib borish ko‘nikmasini o‘zlarida shakllantira olishmaydi.

Barcha bilgan haqiqat: magistr bakalavrdan ko‘ra ko‘proq bilimga ega bo‘lishi kerak. Yuqorida aytilganidek, mehnat bozorida magistrlarning maqomi hisobga olinmagani uchun bu bosqichni tanlaydiganlar juda kam. Magistrlarning astoydil o‘qimasliklariga yana bir sabab ularning ishlashidir. Ko‘pincha ularga 0.25 yoki 0.5 stavka ishlashlariga ruxsat beriladi (to‘lov-shartnoma pulini to‘lashlari uchun). O‘tkir savol tug‘iladi: magistrlar ishlaydigan bo‘lsa, qachon ilmiy-tadqiqot bilan shug‘ullanadi? Agar mehnat bozorida ularga imtiyoz berilsa, bu, albatta, stimul vazifasini bajargan bo‘lardi, sifatli kadrlarga ega bo‘lardik.

Davlat tashkilotiga ishga kirishda magistrlik diplomi qanchalik ahamiyatli?

Mehnat bozorida magistrlik diplomi qay darajada qadrlanadi? Davlat tashkilotlariga (nodavlat tashkilotlari hisobga olinmadi, chunki xususiy sektorda buning ahamiyati deyarli yo‘q) ishga kirishda uning ahamiyati qay darajada? Buni bilish maqsadida bir necha tashkilotlarga murojaat qilindi.

Adliya vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, adliya tizimida magistrlik darajasi faqat pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlarda talab etiladi. Rahbarlik lavozimiga ham bakalavr diplomining o‘zi kifoya qilar ekan. Asosiy e'tibor kadrning ishchanlik qobiliyati, nazariy bilim va kasbiy layoqatiga qaratiladi. «O‘zavtosanoat» AJ tarkibida mehnat faoliyatini olib borish uchun ham 4 yillik oliy ta'limning o‘zi yetarli ekanligi ma'lum qilindi. Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati bilan ham bog‘lanilganda,  ishga qabul qilish maxsus tartibi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda kadrning asosan kasbiy salohiyatiga e'tibor berilishi aytildi. Ushbu hujjatda nomzodning bakalavr yoki magistr diplomiga alohida imtiyozlar berilishi haqida aytilmagan. Demak, bundan xulosa qilish mumkinki, bakalavr diplomi ishga qabul qilishda asos vazifasini o‘taydi.

Muhabbat Ma'mirova

Mavzuga oid