Jahon | 22:39 / 04.10.2019
21533
2 daqiqa o‘qiladi

Almazbek Atamboyevga “qonundagi o‘g‘ri” Aziz Batukayev ishi bo‘yicha ayblov qo‘yildi

Foto: knews.kg

Bishkekning Pervomaysk tuman sudiga “qonundagi o‘g‘ri” Aziz Batukayevning noqonuniy ozod etilishi bo‘yicha jinoiy ish yo‘llandi. Bu haqda Qirg‘iziston bosh prokuraturasida ma'lum qilingan.

Ushbu ish tergovi davomida Qirg‘izistonning sobiq prezidenti, hozirda hibsda ushlab turilgan Almazbek Atamboyevga “Uyushgan jinoiy guruh manfaati yo‘lida korrupsiyani tashkillashtirish” moddasi bo‘yicha jinoyatlar sodir etishda gumon qilinishi haqida bildirishnoma topshirilgan. Jinoiy ish bosh prokuraturaga kelib tushgan. 

Prokuraturaning ma'lum qilishicha, ishning o‘rganilishi natijalariga ko‘ra Atamboyevga, sobiq bosh prokuror Indira Joldubayevaga, Jazoni ijro etish davlat inspeksiyasi sobiq maslahatchisi Kalibek Kachkinaliyevga hamda gematologiya markazi rahbari Abduxalim Raimjanovga ayblov aktlari topshirilgan.

Atamboyevning advokati Sergey Slesarev ayblov akti olingani, hozir uni huquqshunoslar o‘rganayotganini aytgan.

“Ayblov akti bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan imzolangan. Shu ondan boshlab bu 4 kishi ayblanuvchi hisoblanadi”, deb aytgan Slesarev.

Chechen millatiga mansub jinoiy avtoritet Aziz Batukayev 1990-yillar o‘rtalarida Qirg‘izistondagi eng yirik jinoiy guruh yetakchilaridan biri bo‘lgan. 2014 yilda u uydirma vajlar bilan Qirg‘izistondagi turmadan muddatdan oldin ozod qilinib, Chechenistonga yetkazilgan. Bu voqea bir necha yillar o‘tib Atamboyevga qarshi jiddiy dalilga aylangan. 2019 yil 9 avgustda Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligi Atamboyevni Batukayevning noqonuniy ozod etilishiga aloqadorlikda ayblagan. Ish materiallarida aytilishicha, “qonundagi o‘g‘ri” turmadan shaxsan Atamboyevning buyrug‘i bilan ozod etilgan.  

 

Mavzuga oid