O‘zbekiston | 11:51 / 09.10.2019
3385
2 daqiqa o‘qiladi

Procter & Gamble O‘zbekiston-Amerika biznes-forumida ishtirok etishi kutilyapti

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

2019 yil 8 oktabr kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanovning “Procter & Gamble” kompaniyasi Yevropa bo‘linmasi prezidenti Loik Kassel va kompaniyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Tankut Turnao‘g‘lu bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Uchrashuvda O‘zbekistonda jamiyatning barcha sohalarida olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berildi, tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan jarayonlarning hayratomuz ko‘lami va teranligi alohida qayd etildi. Investitsiya muhiti va biznes yuritish shart-sharoitlari ancha yaxshilangani, bu esa iqtisodiyotni tubdan isloh qilishning amaliy natijasi ekanligi ta'kidlandi.

Tomonlar ushbu kompaniya bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini, ishlab chiqarish maydonlarini tashkil etish, ijtimoiy dasturlar amalga oshirish, takliflar ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida Amerika kompaniyasiga joriy yil oktabr oyida AQShda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yillik O‘zbekiston-Amerika biznes-forumida ishtirok etish taklifi bildirildi.

“Procter & Gamble” – jahon iste'mol tovarlari bozorida yetakchilik qilayotgan AQShning transmilliy kompaniyasidir. Uning bozor kapitallashuvi 225 mlrd. AQSh dollarini tashkil etadi. Kompaniyaning jahon mamlakatlarida 70 ta vakolatxonasi bor.

Mavzuga oid