O‘zbekiston | 10:27 / 15.10.2019
21148
12 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta'limda o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish tartibi e'lon qilindi

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjat bilan respublika oliy ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va boshqa toifadagi xodimlarini budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moddiy rag‘batlantirish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizom e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, oliy ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilarini va boshqa toifadagi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish pul mukofotlari ko‘rinishida, shuningdek mehnat faoliyatida yuqori ijodiy va ishlab chiqarishdagi erishgan yutuqlari uchun rahbariyat tomonidan asosiy ish haqiga ustama va qo‘shimcha haqlar belgilash orqali budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

Ustamalar, qo‘shimcha haqlar va mukofotlar miqdori har bir xodimning ta'lim muassasasi faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirishga qo‘shgan shaxsiy hissalariga qarab belgilanadi.

Oliy ta'lim muassasasi rahbarlari (rektor, prorektor, filial direktori va o‘rinbosarlari)ga mehnat faoliyatida erishgan yuqori ijodiy va ishlab chiqarishdagi yutuqlari uchun ustama va qo‘shimcha haqlar hamda mukofotlar yuqori turuvchi tashkilotlarning tegishli qarorlari (roziligi) bilan belgilanadi.

Mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, ta'lim muassasalarining ilmiy-intellektual salohiyati va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida ta'lim muassasasi ma'muriyati (rektorati) har yili professor-o‘qituvchi va xodimlar tomonidan bajarilgan ishlarning samaradorligi va sifatiga qarab moddiy rag‘batlantirish tartibi va hajmlarini belgilashi shart.

Moddiy rag‘batlantirish nafaqat bir xodim uchun, balki ta'lim muassasasi rahbariyati yoki boshqa boshqaruv organlari tomonidan jamoatchilik ishlarini bajargan butun bir jamoa, kafedra, fakultet, ilmiy laboratoriya va boshqa bo‘linmalar xodimlariga ham berilishi mumkin. Bunda, moddiy rag‘batlantiriladigan xodimlarning ro‘yxati bajarilgan ishlarning aniq ko‘rsatkichlari, erishilgan natijalari to‘g‘risidagi ma'lumotlar va boshqa hujjatlar bilan tasdiqlanishi lozim.

Moddiy rag‘batlantirish ko‘rsatkichlari va uni amalga oshirilishi

Oliy ta'lim muassasasi rahbariyatiga bajarilgan ishlar va erishilgan natijalar to‘g‘risida noto‘g‘ri ma'lumot taqdim etgan xodimlar moddiy rag‘batlantirilmaydi.

Oliy ta'lim muassasasi rahbariyati kasaba uyushmasi bilan kelishilgan holda tegishli tuzilmaviy bo‘limlarning taqdimnomalari asosida xodimlarni haqiqatda bajargan ishlari, amalda erishilgan natijalari uchun ushbu Nizomga hamda oliy ta'lim muassasalari tomonidan tasdiqlangan mezonlarga muvofiq rag‘batlantiriladi.

Oliy ta'lim muassasasining o‘quv-tarbiyaviy, ilmiy-tadqiqot va iqtisodiy faoliyatining samaradorligi va sifatini oshirish maqsadida xodimlarni rag‘batlantirish o‘quv yili davomida amalga oshirilishi mumkin.

Rag‘batlantirish ko‘rsatkichlari bajarilgan ishlarning xususiyati, o‘ziga xosligi va ta'lim muassasasi (uning tarkibiy bo‘linmalari)ning yo‘nalishidan kelib chiqib aniqlashtirilgan bo‘lishi lozim. Jamoa (aniq bir xodim)ni moddiy rag‘batlantirilishida haqiqatan ham erishishi mumkin bo‘lgan ko‘rsatkichlardan ikki yoki uchtadan ko‘p bo‘lmagan mukofotlash mezonlarini belgilash tavsiya etiladi.

Xodimlarni moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risidagi buyruq har bir xodim uchun oliy ta'lim muassasasi rahbari tomonidan imzolanib, kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishiladi, oliy ta'lim muassasalari rahbarlari uchun esa yuqori turuvchi tashkilotning qarori tegishli boshqarma va bo‘limlarining tavsiyasiga binoan tayyorlanadi.

Mehnat intizomining buzilishi belgilangan (yoki belgilanadigan) rag‘batlantirishni bekor qilinishiga asos bo‘lishi mumkin.

Intizomiy jazo amal qilib turgan muddat mobaynida xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilmaydi.

Ish sifati yomonlashganda, topshiriqlar o‘z vaqtida bajarilmaganda, mehnat va ishlab chiqarish intizomi buzilganda ustamalarni bekor qilish yoki kamaytirish intizomiy jazo chorasi hisoblanmaydi.

Ish sifati yomonlashganda, topshiriqlar o‘z vaqtida bajarilmaganda, mehnat va ishlab chiqarish intizomi buzilganda ustamalarni bekor qilish yoki kamaytirish oliy ta'lim muassasasi rahbarining majburiyati emas, balki huquqidir. Shu munosabat bilan, xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari mavjud bo‘lganda rahbar mazkur ustamani bekor qilish yoki kamaytirishga haqli, biroq bu rahbarning majburiyati hisoblanmaydi.

Quyidagi hollarda oliy ta'lim muassasalari xodimlariga ularning murojaatiga asosan kasaba uyushmasi tashkilotining tashabbusi bilan moddiy yordam to‘lanadi:

yaqin qarindoshlari (ota-ona, aka-uka, opa-singil, er-xotin) vafot etganda;

xodimning to‘yi yoki yubiley tantanasi munosabati bilan;

xodimning o‘z sog‘lig‘ini tiklashi munosabati bilan;

tabiiy ofatlar oqibatlari va boshqa shunga o‘xshash hollarda.

Rag‘batlantirish miqdori va manbalari

Professor-o‘qituvchilarga ish haqi uchun ustama haq va qo‘shimcha haqlar belgilangan tartibda budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan shakllantirilgan ta'lim muassasalarining moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 5 iyuldagi 236-sonli qaroriga binoan belgilangan miqdorda, oliy ta'lim muassasasining boshqa toifadagi xodimlariga esa muassasa kasaba uyushmasining tavsiyasiga binoan rektorning buyrug‘i bilan miqdorlar belgilanadi va to‘lanadi.

O‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan oliy ta'lim muassasalarida yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish, ko‘rsatiladigan ta'lim xizmatlari sifatini oshirish maqsadida professor-o‘qituvchi va xodimlarga ustamalar hamda moddiy rag‘batlantirish turlari va miqdorlari moliyaviy imkoniyatdan kelib chiqib, mustaqil belgilanadi.

Oliy ta'lim muassasasini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi o‘qitishning to‘lov-kontrakt asosida tushadigan mablag‘lar, boshqa ta'lim xizmatlari ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar, homiylik mablag‘lari, tadbirkorlik asosida ishlab topilgan mablag‘lar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa budjetdan tashqari tushadigan mablag‘lar hisobidan shakllantiriladi.

O‘qitishning to‘lov-kontrakt asosida tushadigan mablag‘larning 30 foizdan ko‘p bo‘lmagan qismi ta'lim muassasasining professor-o‘qituvchilar tarkibi va boshqa xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga sarflanishi mumkin.

Oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchi va boshqa xodimlarini moddiy rag‘batlantirishning asosiy mezonlari

Oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchi va boshqa xodimlarini rag‘batlantirishning asosiy mezonlari sifatida quyidagilar hisobga olinadi:

o‘quv jarayonini tashkil etishdagi salmoqli yutuqlari, ularni dunyo standartlari darajasida doimiy ravishda yangilab borish, fan, texnika, yangi texnologiyalar va madaniyatni rivojlantirishdagi yutuqlari hamda istiqbollari, ilmiy-texnik va ijtimoiy taraqqiyotni belgilaydigan sohalarda maxsus kurslar tashkil etish;

o‘quv va o‘quv-uslubiy ishlarning samaradorligi va sifatini ta'minlovchi yuqori pedagogik mahoratga, talabaning ijodiy hamda idrok qilish qobiliyatini oshirishni ta'minlovchi o‘qitishning ilmiy-metodik darajasiga ega bo‘lish;

o‘qitishning faol usullaridan foydalanish va bilimlarni nazorat qilish, ta'lim va tarbiyaning uyg‘unligini ta'minlash, o‘sib kelayotgan yosh avlodning yuksak axloqiy jihatlarini shakllantirish, besh tashabbus yo‘nalishlari bo‘yicha yutuqlarga erishish;

yangi avlod darsliklari va o‘quv qo‘llanmalarini yaratish va ishlab chiqish;

barcha turdagi ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish va o‘tkazishni takomillashtirish, talabalar konstruktorlik to‘garaklarini, yoshlar ijodiy markazlarini hamda talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlarini boshqarish, shuningdek talabalar orasidan iqtidorlilarini saralab olish, tanlovlarda, konferensiyalar va simpoziumlarda faol qatnashish;

o‘quv jarayonida zamonaviy kompyuter texnikalaridan foydalangan holda o‘qitishning yangi shakllari va usullarini ishlab chiqish va joriy etish, talabalarning mustaqil ta'lim olishini shakllantirish;

tayyorlanayotgan mutaxassislar sifatini oshirish maqsadida oliy ta'limning dolzarb masalalari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarida qatnashish va ularni o‘quv-tarbiyaviy jarayoniga tatbiq etish;

ilmiy-uslubiy kengashlar va o‘quv-uslubiy birlashmalarda samarali ish olib borish, o‘quv reja va dasturlarini hamda xalq xo‘jaligining real ehtiyojlarini hisobga olgan holda mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish;

fan va texnika hamda xalq xo‘jaligini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadigan maqolalar, monografiyalar va kitoblarni nashr etish;

O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini ko‘zlab turli xildagi ijtimoiy-siyosiy va ommaviy tadbirlarda faol ishtirok etish;

ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlashda, doktorantlar, jumladan xorij davlatlaridagi doktorantlarga ilmiy rahbarlik qilishda ijobiy natijalarga erishish;

fan doktori diplomini olgandan so‘ng talabgor (agar oliy ta'lim muassasasida faoliyat yuritayotgan bo‘lsa) va uning ilmiy rahbariga;

hisobot yili davomida amaliyotga tatbiq qilinadigan diplom loyihalariga rahbarlik qilish;

chet tillaridan (ingliz, fransuz, nemis va boshqa) biri yordamida o‘quv jarayonini tashkil etish;

budjetdan tashqari mablag‘larni ko‘paytirishda, shuningdek ta'lim muassasasi moddiy texnika bazasini homiylik asosida beg‘araz boyitilishidagi shaxsiy tashabbus ko‘rsatish;

har bir xodimning ta'lim muassasasi faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi, berilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishi hamda jamoat ishlarida faol qatnashishi.

Oliy ta'lim muassasasi rahbarlarini rag‘batlantirishda quyidagi mezonlar hisobga olinadi:

oliy ta'lim muassasasida tayyorlangan mutaxassislarning sifat ko‘rsatkichlari;

professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati bo‘yicha tarkibi va ularning malakasini oshirganlik darajasi, oliy ta'lim muassasasida faoliyat yuritayotgan xorijdan jalb qilingan malakali professor-o‘qituvchi (mutaxassis)larning salmog‘i;

O‘zbekiston Respublikasi xalq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirishga qo‘shgan ilmiy salohiyati;

oliy ta'lim muassasasidagi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish darajasi va budjetdan tashqari mablag‘larni jalb qilish usullari;

ta'lim muassasasining daromadlari va xarajatlari smetasining ijrosi natijalari (oxiri yillar o‘sish dinamikasi tahlili asosida);

hukumat va boshqa boshqaruv organlariga oliy ta'limni isloh qilish hamda milliy iqtisodiyot va madaniyatni rivojlantirish muammolari bo‘yicha takliflar kiritish;

oliy ta'lim muassasasida jamoaning ma'naviy, axloqiy va psixologik muhitining holatiga ko‘rsatayotgan ijobiy ta'siri.

Rag‘batlantirish chora-tadbirlarining samaradorligini oshirish maqsadida oliy ta'lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va boshqa toifa xodimlarining ilg‘or tajribasini va faoliyati samaradorligini ommaviy axborot vositalarida yoritish hamda oliy ta'lim muassasasi saytiga joylashtirish tavsiya etiladi.

Oliy ta'lim muassasasining shtatdagi xodimlariga mehnatga haq to‘lashning amaldagi tizimida ko‘zda tutilgan rag‘batlantirish bo‘yicha boshqa to‘lovlar ham qo‘llanishi mumkin.

Ustama haqlarini qat'iy mezonlarga muvofiq belgilash va to‘lash uchun javobgarlik oliy ta'lim muassasasi rahbarlariga yuklatiladi.

Mavzuga oid