O‘zbekiston | 12:33 / 17.10.2019
231149
2 daqiqa o‘qiladi

Yil oxirida dollar kursi qancha bo‘lishi taxmin qilindi

Foto: Morteza Nikoubazl / Zuma / TASS

Markaziy bank so‘rovida ishtirok etgan aholining aksariyati 2019 yil oxirida dollar kursi 9837–9895 so‘m atrofida bo‘ladi, deb hisoblamoqda.

Iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra, 2019 yilning III choragida aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining iqtisodiyotdagi narxlar o‘zgarishi borasidagi kutilmalariga yoqilg‘i-energetika mahsulotlar narxlari o‘zgartirilishining e'lon qilinishi va oshirilishi yuqori ta'sir ko‘rsatgan.

Sentyabrga kelib aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining qisqa muddatli kutilmalarida pasayuvchi trend kuzatilgan, ammo o‘rta muddatli kutilmalari yuqori darajada saqlanib qoldi.

«So‘rov ishtirokchilarining valuta kursi bo‘yicha kutilmalari kelgusi davrlarda milliy valutaning tebranuvchanlik darajasiga nisbatan noaniqlik ta'siri ostida shakllandi», - deyiladi Markaziy bank ma'lumotida.

Aholining 2019 yil yakuniga ayirboshlash kursi bo‘yicha kutilmalari sentyabrda o‘rtacha 1 AQSh dollari 9837 so‘mga, tadbirkorlar kutilmalari esa o‘rtacha 1 AQSh dollari 9895 so‘mga teng bo‘ldi.

Shuningdek, III chorakda milliy valutaning yuqoriroq sur'atda qadrsizlanishi va davlat sektorida ish haqlarining navbatdagi indeksatsiyasi inflyatsion kutilmalarga qo‘shimcha bosim shakllanishiga xizmat qilgan.

Bildirilishicha, 2019 yil yakuniga qadar bir martalik omillar ta'siri kamayishi natijasida inflyatsion kutilmalar asta-sekin pasayib boradi. Mo‘tadil past darajadagi inflyatsion kutilmalarga erishish uchun ularga ta'sir etuvchi omillarni barqarorlashtirish va ularga bog‘liq o‘zgarishlarni oldindan aniqlash imkoniyatlarini oshirish talab etiladi.

Bundan oldin, Markaziy bank milliy valuta devalvatsiyasi aholining jamg‘arish kayfiyatiga ham ta'sir ko‘rsatganini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid