O‘zbekiston | 10:13 / 18.10.2019
30075
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda qiymati 144 million dollarlik sement zavodi ishga tushdi

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida qiymati 144 million dollarlik yangi sement zavodi ishga tushdi.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yil viloyatning Sherobod tumanida sement zavodi ishga tushirilgan edi. Bu yil Jarqo‘rg‘on tumanida «Surxonsementinvest» xorijiy korxonasi barpo etildi. Bu yerda Germaniya, Avstriya, Rossiya va Xitoydan zamonaviy texnologiya va uskunalar o‘rnatildi. 

Loyiha qiymati 144 million dollar bo‘lgan korxonaning birinchi bosqichi yakunlangan. Zavod to‘liq quvvat bilan ishlay boshlagach, yiliga 1,1 million tonna sement ishlab chiqariladi va 750 ming tonna sement eksport qilinadi, 1125 kishi ish bilan ta'minlanadi.

17 oktyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu zavod salohiyati bilan tanishdi.

“Surxondaryo viloyatining iqtisodiy imkoniyatlari juda katta. Bu yerda yer osti boyliklar ko‘p. Mendeleyev davriy jadvalidagi deyarli barcha elementlar bor. Bundan oqilona foydalanishimiz, xalqimiz manfaati uchun ishlatishimiz kerak”, dedi Prezident.

Shuningdek, kelgusida 12 million dollardan ziyod investitsiya jalb qilish orqali quruq qurilish aralashmalari, gidratlangan ohak, temir-beton mahsulotlari ham tayyorlash rejalashtirilgan.

Shu yerning o‘zida viloyatda sanoat, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ichimlik va oqova suv tizimlarini yaxshilash, qurilish materiallari ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Mutasaddilarga viloyatning har bir tumanida 9-12 qavatli uylar qurish, Denov tumani iqtisodiyotini rivojlantirish, tumanda erkin iqtisodiy zona tashkil etish, viloyat eksport salohiyatini oshirish, ko‘proq investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

 

Mavzuga oid