Jamiyat | 13:54 / 19.10.2019
10753
4 daqiqa o‘qiladi

«Ochiq Andijon» birinchi Xalqaro investitsion forumi boshlandi

Forumda 30ga yaqin mamlakat delegatsiyalari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, xalqaro moliya institutlari, mahalliy va xorijiy OAV vakillari — jami 500dan ortiq ishtirokchilar qatnashmoqda.

Eng ko‘p vakillik delegatsiyasi Hindiston Respublikasidan. Delegatsiyani Gujarat shtatining gubernatori Vijay Rupani boshqaradi. Bu, shubhasiz, O‘zbekiston va Hindiston mintaqalari o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganiga dalildir.

Andijondagi Yoshlar saroyida forumning yalpi majlisi ishtirokchilariga Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov, Gujarat shtati gubernatori V.Rupani, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi rahbarlari, taniqli chet ellik mehmonlar va investorlar murojaat qiladi.

Forum kun tartibida 5 ta taqdimot bo‘lib o‘tadi:

·       «Andijon viloyatining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash sohasidagi salohiyati»;

·       «Andijon viloyatining sayyohlik salohiyati»;

·       «Andijon viloyatidagi to‘qimachilik sanoatining holati va rivojlanish istiqbollari»;

·       «Andijon viloyatining avtomobilsozlik sohasidagi yutuqlari va salohiyati»;

·       «Andijon viloyatida farmatsevtika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar».

Kunning ikkinchi yarmida Savdo-sanoat palatasi binosidagi forum ishtirokchilari «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» nomli Andijon viloyatining investitsiya va sanoat salohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmasi bilan tanishadilar. Unda «O‘zavtosanoat» AK, «Andizansilko» QK, «Sabo» MCHJ, «Hamkor» MChJ, «Neil Granite» MChJ, «Makrofarm» kabi eksport kompaniyalari o‘zlarining eksport imkoniyatlarini namoyish etadilar.

Shuningdek, Andijon viloyatida xorijiy investorlar, xalqaro moliya institutlari vakillari va viloyat tadbirkorlari ishtirokidagi investitsiya loyihalari yuzasidan fikr almashiladi.

Investorlar, ayniqsa «O‘zavtosanoat» AK tomonidan taklif etilayotgan investitsion loyihalarni mahalliylashtirishga qiziqishmoqda. Masalan, barcha avtomobillarning modellari uchun xavfsizlik kamarlarini yig‘ish bo‘yicha investitsiya loyihasi. Loyihaning taxminiy qiymati 8,6 million dollarni tashkil etadi, yaratilgan yangi ish o‘rinlarining sifati 92 kishini tashkil etadi, yillik aylanma miqdori 12 million dollarni tashkil etadi.

Mashinasozlik sanoatidagi 17 ta shunga o‘xshash mahalliylashtirish loyihalari xorijiy investorlarga taqdim etiladi, ularni amalga oshirish davomida 280 million dollar miqdorida investitsiyalar jalb qilinishi va 1340 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.

Hindistonning «Cadila Pharmaceuticals Limited» kompaniyasi bilan 2019 yildan 2022 yilgacha Andijon farmatsevtika zonasida 50 million dollar miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bilan integratsiyalashgan farmatsevtika ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich amalga oshirish to‘g‘risida bitim imzolash forumning ishbilarmonlik dasturining asosiy voqeasi bo‘ladi.

Forum doirasida Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov va Gujarat gubernatori V.Rupani o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv, Andijonda Sharda universiteti filialining tantanali ochilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Andijonda Hindistonning davlat va siyosat arbobi, Gandining sodiq izdoshi Sardar Patel nomidagi ko‘chaning ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tadi.

Elmurod ERMATOV,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid