Jahon | 22:02 / 28.10.2019
34223
2 daqiqa o‘qiladi

Quyosh tizimida yangi mitti sayyora aniqlandi

Foto: ESO/P. Vernazza et al./MISTRAL algorithm (ONERA/CNRS)

Yevropa janubiy observatoriyasi astronomlari Quyosh tizimida yangi Gigeya mitti sayyorasi mavjudligini aniqlashdi.

Qadimgi greklarning salomatlik ma'budasi sharafiga Gigeya deb nomlangan sayyora Quyosh atrofida aylanadigan Mars va Yupiter orbitalari orasidagi asteroidlar belbog‘ida joylashgan. Mitti sayyoraning diametri 430 km atrofida.

Gigeyani birinchi bo‘lib italiyalik astronom Annibale de Gasparis 1849 yilda aniqlagan bo‘lsa-da, u bugunga qadar rasman asteroid deb hisoblab kelinardi.

Gigeya asteroidlar belbog‘idagi eng yirik obekt emas. U kattaligi jihatidan Tserera (950 km), Vesta (525 km) va Palladadan (512 km) keyingi o‘rinda turadi.

XIX asr boshlariga qadar ularning uchovi ham haqiqiy sayyora deb hisoblab kelingan, ammo keyinchalik asteroid deb topilgan. 

Sayyora deb hisoblanishi uchun samoviy jism bir nechta shartlarga to‘g‘ri kelishi kerak: 

quyosh atrofida orbita bo‘ylab aylanishi;

boshqa sayyoraning yo‘ldoshi bo‘lmasligi;

dumaloq shaklni saqlab turish uchun yetarlicha gravitatsiyaga ega bo‘lishi;

orbitasini boshqa kichik jismlardan tozalash uchun yetarlicha vaznga ega bo‘lishi kerak.

Agarda dastlabki uchta shart bajarilsa, sayyora mitti deb hisoblanadi.

Mavzuga oid