O‘zbekiston | 20:00 / 01.11.2019
30040
3 daqiqa o‘qiladi

Yo‘nalishsiz taksilarni yagona rangga bo‘yash talabidan voz kechilishi mumkin

Yo‘nalishsiz taksilar uchun belgilangan qat'iy rang bekor qilinishi kutilmoqda.

«Yengil avtomobillarda yo‘lovchilarni tashish sohasida kutilayotgan yangiliklar» mavzusidagi brifingda Toshkent shahar Transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev tomonidan ma'lum qilinishicha, yengil avtomobillarda yo‘lovchilarni tashishni to‘liq qonuniylashtirish maqsadida yo‘nalishsiz taksi faoliyati uchun qo‘yiladigan talablarni soddalashtirish rejalashtirilgan.

Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror loyihasi ishlab chiqildi.

«Mazkur qaror loyihasiga asosan, yo‘nalishsiz taksilar uchun belgilangan qat'iy rangning (Toshkent shahri uchun fil suyagi rangi, viloyatlar uchun sariq rang) bekor qilinishi, ijara shartnomalarini notarial tasdiqlashning o‘rniga davlat soliq qo‘mitasidan ro‘yxatda o‘tish ko‘zda tutilmoqda. Bu sohadagi yuridik shaxslarni davlat boji to‘lovidan ozod qiladi. Shu bilan birga, taksi xizmatini buyurtma qilishdagi interaktiv xizmatlarni qonuniylashtirish kutilmoqda», deydi Anvar Jo‘rayev.

Dastlab yo‘nalishsiz taksilar faoliyati Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan tartibga solingan bo‘lib, unga ko‘ra, yo‘nalishsiz taksilarda to‘lov terminal, hisoblagich taksometr, radioaloqa vositalari, kassa apparati o‘rnatilishi, avtomobil yagona rangga bo‘yalishi talab etilar edi. Bu esa taksi faoliyati uchun litsenziya olmoqchi bo‘lgan yuridik shaxsdan har bitta avtomobil uchun 2,5-3 mln so‘m xarajatni talab etgan.

Mazkur faoliyat uchun yengillik yaratish maqsadida joriy yilning aprelidan boshlab yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi ijara shartnomalarini tasdiqlash uchun davlat boji miqdori ikki baravarga kamaytirildi. Shu bilan birga, 1 iyuldan yo‘nalishsiz taksi uchun talab etiladigan to‘lov terminallari, hisoblagich taksometr va radioaloqa vositalarining o‘rnini bosuvchi maxsus ilovali qurilmalar (smartfon, planshet)dan foydalanishga ruxsat berildi.

«Ushbu tadbirlar natijasida qonuniy asosda taksi faoliyatiga yo‘naltirilgan avtotransport vositalari ortdi. Xususan, 2019 yilning 1 iyul holatida Toshkent shahri bo‘yicha 6837ta litsenziyalangan transport vositasi qayd etilib, hozirda bu ko‘rsatkich 8363tani tashkil etadi.

Ammo, shunga qaramay, litsenziyasiz taksi faoliyatiga to‘la barham berilgani yo‘q. Noqonuniy faoliyat davom etmoqda. Buning asosiy sababi esa litsenziya talablari yuqoriligi bilan bog‘liq. Shu bois, yangi qaror bilan bu talablarni yanada soddalashtirish, litsenziyalangan faoliyatni qo‘llab-quvvatlash ko‘zlanmoqda», deyiladi brifing axborotida. 

Mavzuga oid