O‘zbekiston | 20:20 / 05.11.2019
4980
2 daqiqa o‘qiladi

2019 yilda 7,5 mln dollarlik dasturiy mahsulot eksport qilindi – vazir o‘rinbosari

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

2019 yilning 9 oyida 7,5 mln dollarlik dasturiy mahsulot eksport qilingan. AKT vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 10 mln dollarga yetkaziladi.

«Dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini yil yakunigacha 10 mln dollarga yetkazishni maqsad qilib qo‘yganmiz va ushbu yo‘nalishda 100tadan kam bo‘lmagan yangi korxonalarni tashkil etish va 500dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgan», deya vazir o‘rinbosarining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Matbuot anjumanida ta'kidlanishicha, 2019 yilning 9 oyida dasturiy mahsulotlar ishlab chiquvchi korxonalar tomonidan 546,6 mlrd so‘mlik kompyuter dasturlash xizmatlari ko‘rsatilgan hamda 7,5 mln dollarlik eksport amalga oshirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 10 yanvardagi qarori bilan Hindistonning dasturiy texnologiyalar texnoparki bilan hamkorlikda tashkil etilgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki tashkil 2019 yil 24 iyuldan buyon faoliyat yuritmoqda. Hind ilg‘or tajribasi asosida ishlayotgan ushbu texnoparkda 300dan ortiq rezident-korxona a'zo bo‘lgan.

«Texnopark hozirgi kundagi talabni qondiryapti, lekin tendensiya shunaqaki, rezident bo‘lishni xohlovchi sub'yektlar soni ortib borishi munosabati bilan texnoparkning hududini kengaytirish loyihasi konsepsiyasini yaqin bir oy ichida tasdiqlashni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Texnopark faoliyatini kengaytirish, axborot texnologiyalari sohasida autsorsing xizmatlarini ko‘rsatishni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi hamda Texnopark faoliyatlarini birlashtirish masalasini muhokama qildik va hozirgi kunda davlatimiz rahbarining tegishli qarori loyihasini ishlab chiqib Vazirlar Mahkamasiga kiritish choralari ko‘rilmoqda», deydi  Qahramon Yo‘ldoshev.

 

Mavzuga oid