Jamiyat | 16:56 / 05.11.2019
4996
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiy EIZ da O‘zbek-Xitoy farmatsevtika zavodi qurilishi boshlandi

4 noyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida O‘zbek-Xitoy texnoparkini yaratish hamda dori substansiyalari sintezi bo‘yicha farmatsevtika zavodining qurilishi bo‘yicha loyiha muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati ma'lum qildi. 

Axborot xizmati xabariga ko‘ra Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov XXR ilm-fan va texnologiyalar vazirligining Ijtimoiy sohalarda ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirish departamentining bosh direktori o‘rinbosari Tyan Baogu boshchiligidagi Xitoy delegatsiyasini qabul qildi.

Muzokaralarda shuningdek, An'anaviy xitoy tibbiyoti milliy assotsiatsiyasi rahbari Vang Sijyeng, Xitoy Fanlar akademiyasining Markaziy Osiyo dori vositalarini ishlab chiqish va joriy etish markazi direktori Aysa Xojiakbar ham muzokaralarda ishtirok etdi.

Tomonlar O‘zbek-Xitoy texnoparkini yaratish hamda dori substansiyalari sintezi bo‘yicha farmatsevtika zavodining qurilishi bo‘yicha loyihani batafsil muhokama qildilar.

Ta'kidlash joizki, hozirgacha asosiy dori substansiyalari yurtimizga xorijdan olib kirilmoqda. Ularni O‘zbekistonda ishlab chiqarish muhim vazifalardandir. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo instituti va O‘simlik moddalari kimyosi institutida dori substansiyalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, biroq ularning sintezini amalga oshirish imkoniyati mavjud emas.

Shu bois ham “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida dori substansiyalarining sintezi bo‘yicha O‘zbek-Xitoy tibbiyot texnologik parkining yaratilishi mazkur sohada tub o‘zgarishlar yasaydi. Mazkur loyiha kimyo va farmatsevtika sohasidagi so‘nggi texnologiyalarni qo‘llagan holda qator dori substansiyalarining sintezi bo‘yicha bosqichma-bosqich ishlar amalga oshiriladi.

10 mln. AQSh dollari qiymatidagi ushbu investitsion loyiha Innovatsion rivojlanish vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi va Farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi hamkorligida o‘z ishini boshladi. Hozirda loyihaning koordinatori etib tayinlangan xorijiy kompaniyasi loyihaning birinchi bosqichini bajarishni boshladi. “Central Asian research and production centre of biologically active compounds” Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasining investitsiyasi hisobiga Sinszyan texnika instituti hamda O‘zR FA Bioorganik kimyo va O‘simlik moddalari kimyosi institutlari o‘rtasidagi 20 yillik hamkorlik natijasida tashkil etilgan.

Mavzuga oid