O‘zbekiston | 14:26 / 09.11.2019
24170
3 daqiqa o‘qiladi

TDIUning yangi rektori: «Talabalarga sharoit yaratishda DXShdan foydalanish kerak»

Kongratboy Sharipov / Foto: KUN.UZ

Kuni kecha ijtimoiy investitsiyalar kiritish sohasida davlat va xususiy sektor hamkorligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida Senat rais birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Kolumbiya universiteti professori, Uilyam Eymikelar ijtimoiy muammolarda davlat-xususiy sherikchiligi masalasida nutq so‘zladi.

Davra suhbatida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining yangi rektori Kongratboy Sharipov sohadagi muammolar haqida to‘xtaldi.

«Bu mavzu nafaqat boshqa sohalarga, ayniqsa ta'lim sohasi uchun juda dolzarb hisoblanadi. Oliy ta'lim tizimini oladigan bo‘lsak, birinchi navbatda talabalarga sharoit yaratish muhimdir. Ularning yotoqxonalari qurilishi, o‘quv binolarining qurilishi, moddiy bazasini yaratish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarishda davlat-xususiy sherikchiligidan foydalanish vaqti keldi», — dedi oliy o‘quv yurti rektori.

Xorijlik mutaxassis o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga e'tibor qaratish, bunda davlat, xususiy sektor va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorliklar masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirda «Ijtimoiy ahamiyatli investitsiyalar» kitobi muallifi, professor Uilyam Eymike AQSh va Lotin Amerikasi mamlakatlarida ijtimoiy investitsiyalar doirasida davlat va xususiy sektor hamkorligining muvaffaqiyatli tajribasi haqida so‘zlab berdi, bunday turdagi hamkorlikni mustahkamlashga qaysi muhim omillar ta'sir ko‘rsatishi haqida o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi. 

«XX asrdagi har qanday islohot davlat mulkini xususiylashtirish hisobiga amalga oshirildi. Endi esa vaziyat o‘zgardi. Ishonchim komil, XXI asrda ijtimoiy va siyosiy islohotlar davlatning xususiy sheriklar bilan hamkorligi asosida ro‘yobga chiqariladi. Qarorlar barcha tomonlar fikrlaridan kelib chiqib qabul qilinadi. Bu ijtimoiy va siyosiy hamda xususiy sektorlarga ham tegishli bo‘ladi.

Masalan, shahar transport infratuzilmasini yaxshilash uchun tomonlar metropoliten liniyasini yanada kengaytirish yoki mototsikl ishlab chiqarishni oshirish masalasini birga o‘tirib muhokama qilishi kerak.

Ijtimoiy investitsiyalar, davlat-xususiy sherikchiligiga bir necha misollar keltirib o‘tsam. Masalan, Nyu-York markaziy parkini olaylik. Juda ovloq va tashlandiq joylar edi. Biz bu joyga ijtimoiy investitsiya jalb etdik. Hozirda bu joy juda ham ko‘rkam va tashrif buyuruvchilar uchun bepul. Bu joyda kuniga minglab insonlar hordiq chiqarishi mumkin.

Boshqa misollardan, Rio-de-Jyeneyrodagi «Ertangi kun muzeyi»ni qurishni olsak. Bunda yuqorida aytilganidek uch tomonlama: davlat, xususiy sektor va nodavlat jamoat tashkilotlarining hamkorligini ko‘rish mumkin. Muzeyning loyihasini nodavlat tashkilot bajargan, qurilishini xususiy sektor kompaniyalari bajarib berdi», — dedi professor Eymike.

Mavzuga oid