Jahon | 21:12 / 15.11.2019
5988
2 daqiqa o‘qiladi

Uber’ga 650 mln dollarlik jarima solindi

AQShning taksi xizmati ko‘rsatuvchi Uber Technologies Inc. kompaniyasi Nyu-Jyersi shtatida ishsizlik va mehnatga layoqatsizlikka sug‘urta badallarini to‘lamagani uchun 650 mln dollarlik jarimaga tortildi. Bu haqda shtatning mehnat va mehnat resurslarini rivojlantirish departamentiga asoslanib Bloomberg axborot agentligi xabar berdi. 

Ma'lum qilinishicha, departament 4 yildan beri Uber’ni ishchilarni noto‘g‘ri tasniflashda ayblab, undan sug‘urta badallarini to‘lashni talab qilib kelmoqda. Kompaniyada esa u bilan hamkorlik qiluvchi haydovchilar yollanma ishchilar emas, mustaqil pudratchilar deb hisoblanadi. Pudratchilardan farqli, ishchilarga ijtimoiy kafolatlar, jumladan sug‘urta taqdim etilishi kerak.

Uber va uning sho‘ba korxonasi Rasier LLC sug‘urta badallari bo‘yicha 523 mln dollar qarzga hamda to‘lovlarni o‘z muddatida to‘lamagani uchun 119 mln dollarlik foiz va jarimalarga ega.  

Kompaniya matbuot kotibi Aliks Anfangning ta'kidlashicha, kompaniya ushbu qaror bo‘yicha bahslashmoqda. 

Uber aksiyalari narxi jarima haqidagi yangilikdan keyin deyarli 4 foizga tushib ketgan.

Mavzuga oid