Sport | 00:26 / 16.11.2019
4818
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda velotrekning yangi bazasi ochildi

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan velotrek bazasi tubdan rekonstruksiya qilinib, qayta foydalanishga topshirildi.

Mazkur sport bazasining ochilishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisi Tanzila Norboyeva, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi mas'ul xodimi Shavkat Sultonov, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori – elchi Jon Makgregor va angliyalik mutaxassis Peter Bonfild ishtirok etdi.

Dastlab mehmonlar ramziy tasmani kesib, velotrek bazasini ochib berishdi. Shundan so‘ng rasmiylar bugungi kundan esdalik va ekologiya uchun hissa qo‘shish maqsadida majmua hovlisida bir tup ko‘chat o‘tqazdilar. Foydalanishga topshirilgan yangi sport bazasi zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lib, mashg‘ulotlar maydonidan tortib oshxona-yu, yotoqxonalargacha zamonaviy anjomlar bilan jihozlangan.

“Bunday majmua poytaxtdan tashqari Namangan viloyatida ham barpo etilgan. Yaqin orada Samarqand viloyatida ham zamonaviy velotrek o‘quv-mashg‘ulotlar markazini qurish ishlari boshlanadi. Umuman, biz kelgusida barcha viloyatlarimizda mana shunday majmualarni barpo etish hamda yurtimizdan ko‘plab Osiyo va jahon chempionati g‘oliblari, Olimpiya o‘yinlari chempionlarini yetishtirib chiqarmoqchimiz. Bizda iste'dodlar yetarli, faqat ularga, avvalo, sharoit va imkoniyatlarni yaratib berishimiz lozim”, – dedi Tanzila Norboyeva.

Tokio-2020 Olimpiadasiga litsenziya qo‘lga kiritgan velosportchimiz Murodjon Xolmurodov taqdirlandi. Sportchi davlat tomonidan ajratilgan 100 million, uning murabbiyi esa 50 million so‘m pul mukofotini qabul qilib oldilar. 
 

Mavzuga oid