Jamiyat | 11:55 / 25.11.2019
45857
4 daqiqa o‘qiladi

«Gaz so‘rg‘ich» moslamasidan foydalanish mumkinmi?

Foto: KUN.UZ

So‘nggi paytlarda aholi o‘rtasida tabiiy gaz quvurlariga o‘zboshimchalik bilan turli «gaz so‘rg‘ich» moslamalarini o‘rnatgan holda foydalanish va «undan foydalanish qonuniymi?» mazmunidagi savollar ko‘p uchramoqda.

«Hududgazta'minot» matbuot xizmatining yozishicha, aholi tomonidan xonadonlarda nostandart gaz uskunalari va gaz yondirgichlardan (gorelka) foydalanish yoxud o‘zboshimchalik bilan gaz uskunalarini joylashuvini o‘zgartirish, boshqa nostandart gaz yondirgichlarga almashtirish, sozlash yoki gaz uskunalarini konstruktiv holatini o‘zgartirib, texnologik jarayonlariga o‘zgartirishlar kiritish natijasida gaz uskunalaridan yoki ularning ulanish qismlaridan tabiiy gaz sizib chiqishi hamda chala yonish holatlari yuzaga keladi.  

Tabiiy gaz to‘plangan xonada gugurt chaqilishi yoki xonadagi yoritish tizimi yoqilganda, xonada gaz va havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘ladi. Gaz va havo aralashmasining chaqnashi ko‘plab ayanchli oqibatlarga sabab bo‘ladi. 

Eslatilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli qarorining 2-ilovasi 123-bandining «g» qismiga asosan, gaz quvurlari yoki GTShlarda, gaz taqsimlash tarmoqlarini texnologik ish rejimini buzishga olib keladigan qurilmalarni o‘rnatish taqiqlanadi.

 Shuningdek, 143-bandi talablariga binoan tabiiy gazdan foydalanishda quyidagilarga yo‘l qo‘yilmaydi:

a) o‘zboshimchalik bilan gazlashtirish, gazdan foydalanish uskunasini mustaqil ravishda ko‘chirish, almashtirish va ta'mirlash;

b) gazdan foydalanish uskunasi joylashgan xonalarda me'yoriy talablarga nomuvofiq tarzda qayta rejalashtirish;

v) gazdan foydalanish uskunasi, mo‘ri va ventilyatsiya tizimlari tuzilishiga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritish, shuningdek, mo‘rilarni tozalash uchun mo‘ljallangan ventilyatsiya kanallari va lyuklarni yopib qo‘yish;

g) xavfsizlik va tartibga solish avtomatika tizimini o‘zboshimchalik bilan o‘chirish, gaz priborlari, avtomatika va armatura yaroqsiz holga kelgan taqdirda gazdan foydalanish;

d) gazlashtirilgan pechlar va mo‘rilarda sinch zichligi, suvoqdagi (yoriqlar) buzilishi holatlarida tabiiy gazdan foydalanish;

ye) tabiiy gazdan mo‘ri va ventilyatsiya kanallari tekshirilganligi va tozalanganligi haqidagi dalolatnoma mavjud bo‘lmaganda yoki uning muddati o‘tganidan so‘ng foydalanish;

j) mo‘ri va ventilyatsiya kanallarini o‘zboshimchalik bilan tozalash;

z) darchalar (framugalar), jalyuzi panjaralari, ventilyatsiya kanallari panjaralari, hammom va oshxona eshiklari ostidagi tirqishlarning yopiq holatlarida, mo‘ri va ventilyatsiya kanallarida tortish kuchi yo‘q bo‘lganda gaz priborlaridan foydalanish;

i) ishlab turgan gaz priborlarini qarovsiz qoldirish, uzluksiz ishlab turishni nazarda tutadigan va buning uchun tegishli avtomatlashtirilgan tizimga ega gaz priborlari bundan mustasno;

k) gazdan foydalanish uskunalaridan maktabgacha yoshdagi bolalar, shuningdek, o‘z xatti-harakatlarini nazorat qila olmaydigan va ushbu uskunalardan foydalanish qoidalaridan bexabar shaxslar foydalanishga ruxsat etish;

l) gaz quvurlariga arqon bog‘lash va gaz quvurlariga og‘ir vaznli buyum qo‘yish;

m) tabiiy gaz va gazdan foydalanish uskunalaridan boshqa maqsadlarda foydalanish, gaz plitalarini xonalarni isitish uchun foydalanish;

n) gazdan foydalanish uskunasi o‘rnatilgan xonalardan uxlash va dam olish uchun foydalanish;

o) tabiiy gaz sizib chiqish joylarini aniqlash uchun ochiq olovdan foydalanish.

Mazkur talablar buzilishi uchun fuqarolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi, deyiladi ma'lumotda.

«Hududgazta'minot» gaz iste'molchilaridan ogoh bo‘lishni, xonadonlaridagi mavjud barcha gaz uskunalaridan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma talablari va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilgan holda foydalanishni so‘ragan.

Mavzuga oid