Sport | 11:28 / 09.12.2019
22719
2 daqiqa o‘qiladi

Baxtiyor Ashurmatov yana Superliga klubiga bosh murabbiy bo‘ldi

Baxtiyor Ashurmatov «Qo‘qon-1912» jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.

U bu lavozimda yakunlangan mavsum o‘rtasida vaqtincha bosh murabbiy etib tayinlangan Aziz To‘xtaboyev o‘rnida ish boshlaydi.

«Yangi mavsumga jiddiy tarzda tayyorlanishni maqsad qilgan «Qo‘qon-1912» jamoasiga bugun yangi bosh murabbiy tayinlandi. Jamoa rahbariyati o‘zaro muzokaralardan so‘ng yana bir Qo‘qon farzandi, o‘zbek futbolining yaqin o‘tmishdagi yorqin yulduzlaridan biri Baxtiyor A'zamovich Ashurmatovni «Qo‘qon-1912» jamoasi bosh murabbiyi etib tayinladi», deyiladi xabarda.

Bugun jamoa ofisida «Qo‘qon-1912» klubi prezidenti Baxtiyorjon Tolipov hamda Baxtiyor Ashurmatov o‘zaro shartnomaga imzo chekkan. 

Eslatib o‘tamiz, Baxtiyor Ashurmatov 2018 yil yozida Olmaliqning OKMK klubiga bosh murabbiy bo‘lgan va klubni O‘zbekiston kubogi g‘olibligi sari boshlab borgan edi. Shundan so‘ng o‘tgan yil dekabrida «Buxoro» bosh murabbiyi qilib tayinlangan va iyul oyi boshida qoniqarsiz natijalar tufayli ishdan bo‘shatilgan edi.

Keyinroq, 2019 yil iyunida «Surxon» bosh murabbiyi etib tayinlangan ushbu mutaxassis bir oy ishlamasdan iste'foga chiqarilgandi.

Mavzuga oid