O‘zbekiston fuqarolari uchun AQSh vizasini olish qiyinlashmoqda
2019 moliya yilida AQShda vaqtincha yashash vizasi uchun ariza yozgan O‘zbekiston fuqarolarining 68 foiziga rad javobi berildi.
Bu – sobiq ittifoq respublikalari orasidagi eng yuqori manfiy ko‘rsatkichdir.
Qo‘shni Afg‘oniston fuqarolari bilan ham deyarli shunday holat (68,42 foiz) kuzatilgan.
Ta'kidlash joiz, O‘zbekiston fuqarolari uchun AQSh vizasini olish qiyinlashib bormoqda. 2018 yilda Qo‘shma Shtatlar hududida vaqtincha bo‘lish huquqini beruvchi viza olmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarning 62 foizi rad javobini olgan edi.
Markaziy Osiyodan AQShga noimmigratsiyaviy viza olish imkoniyati qozog‘istonliklarda eng yuqori – 2019 moliya yilida Qozog‘iston fuqarolarining 43 foiz arizasi qanoatlantirilmagan:
- Qozog‘iston – 43 foiz
- Turkmaniston – 56
- Tojikiston – 61
- Qirg‘iziston – 67,8
- O‘zbekiston – 68,1
Hisobot davrida sobiq sovet ittifoqi hududidan AQShga vaqtincha borish uchun viza so‘roviga eng kam Rossiya, Litva va Latviya fuqarolari rad javobini olishgan:
1. Rossiya – 15 foiz
2. Litva – 18,67
3. Latviya – 18,98
...
13. Gruziya – 64
14. Qirg‘iziston – 67,8
15. O‘zbekiston – 68,1
AQSh Davlat departamentining Konsullik masalalari byurosi saytida keltirilgan ushbu raqamlar B1/B2 vizasiga oid. Amerika vizasining bu turi tadbirkorlik (B1) yoki turizm va dam olish (B2) maqsadlarida vaqtincha Qo‘shma Shtatlar hududiga kirish imkonini beradi.
Vaqtinchalik viza olish so‘rovlarining rad etilishidagi 68 foizlik ko‘rsatkich – O‘zbekiston uchun so‘nggi o‘n yillikdagi eng yuqori manfiy natijadir. 2009-2017 yillarda bu raqam 57 foizdan oshmagan edi:
2009 – 41,1 foiz
2010 – 46,8
2011 – 50,2
2012 – 40,4
2013 – 44,3
2014 – 52,1
2015 – 49,59
2016 – 57,09
2017 – 50,29
2018 – 61,76
2019 – 68,06
Dunyo bo‘ylab har yili o‘rtacha 6 mln kishiga AQShning B1/B2 vizasi beriladi.
2018 moliya yilida bu turdagi noimmigratsiyaviy vizani O‘zbekistonning 7392 nafar fuqarosi olgan.