O‘zbekiston | 22:57 / 11.12.2019
37613
4 daqiqa o‘qiladi

Mahkumlar qachon prezidentdan afv so‘rashi mumkin?

Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan shaxslar sud tomonidan tayinlangan jazoning uchdan ikki qismini o‘tashsa, prezidentga afv so‘rab murojaat qilish huquqiga ega bo‘lishadi.

11 dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova shu haqda to‘xtalib o‘tdi.

«Mahkum jazoning uchdan ikki qismini o‘tasagina prezidentga afv so‘rab murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi. Prezidentning 2018 yil 8 maydagi farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi nizomda bu qoida kiritilgan. Jazoning uchdan ikki qismini o‘tab bo‘lib, keyin jazoni o‘tash muassasasi ma'muriyati orqali ariza bilan Prezident huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha komissiyaga murojaat qiladi.

Ariza komissiyaga kelib tushgandan keyin tegishli o‘rganishlar boshlanadi. Tavsifnoma olinadi, kim uni kafillikka olishi, oilasi o‘rganiladi. Jazoni o‘tash muassasasi ma'muriyati u bilan ishlaydi, o‘sha koloniyaga biz borib ishlaymiz. Shaxsan o‘zim borib, mahkum bilan gaplashaman, ko‘ziga qarayman, haqiqatan ham u tuzalish yo‘liga o‘tganmi-yo‘qmi? Va boshqa usullar bor. Shular asosida ma'lumot to‘plangach, komissiya yig‘ilish qiladi va hammasini taroziga solib bir xulosaga keladi. Prezidentga taqdim etsa bo‘ladimi-yo‘qmi?», degan Ortiqovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Bosh prokuror o‘rinbosariga ko‘ra, avf etilishga nomzodlarning ro‘yxati shu tariqa shakllantiriladi va prezidentga taqdim etiladi. Davlat rahbari ro‘yxatdagilarning ma'lumotlari bilan tanishgach, konstitutsiyaviy vakolatidan foydalangan holda o‘zi ma'qul deb topgan shaxslarni afv etish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekadi.

Tadbirda O‘zbekiston prezidenti 2019 yilda Ramazon hayiti munosabati bilan 575 nafar, Konstitutsiya kuni munosabati bilan esa 92 nafar fuqaro afv etilgani, ozodlikka chiqarilganidan so‘ng avf etilgan shaxslarning hayotga moslashib ketishi uchun qilinayotgan ishlar haqida ham ma'lumot berildi.

«Konstitutsiya kuni munosabati bilan e'lon qilingan farmonga ko‘ra, 92 nafar shaxs afv etildi. Ulardan 79 nafari taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashganlar edi. Ya'ni afv etilganlardan 60-70 foizi jinoyat kodeksining jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish va shu kabi moddalar doirasida qilmishni sodir etgan insonlar bo‘lgan.

Men ular bilan bevosita suhbatlashdim. Ularning ko‘pi taqiqlangan material, varaq, disk saqlagan, vataniga xoin bo‘lmagan, lekin o‘sha vaqtdagi qonunchilikdagi og‘ir sanksiyalar tufayli uzoq yillarga ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar bo‘lgan. Prezidentimiz ko‘proq shunday insonlarga afv berishni topshiriq qilib berdilar. Qilmishidan qattiq afsusda ekani va boshqa holatlar o‘rganildi. Ularga prezident tomonidan imkon berildi.

Hozir ham Prezident huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha komissiya to‘xtovsiz ishlaydi. Tegishli tartibda murojaat qilinsa, biz ko‘rib chiqamiz. Faqat aynan shunday shaxsning o‘zi murojaat qilishi kerak. Uning yaqini yoki boshqa tanishi emas», – deydi Svetlana Ortiqova.

Mavzuga oid