Jahon | 00:01 / 14.12.2019
50493
2 daqiqa o‘qiladi

GM sobiq prezidenti avtomobillar davri tugayotganini aytdi

Foto: hightech.plus

General Motors korporatsiyasining sobiq prezidenti, hozirda robomobillar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Cruise kompaniyasi bosh direktori Den Amman avtomobillardan voz kechadigan davr kelganini aytdi.

«Transportni yaxshilash uchun hozirgi transport vositalaridan har tomonlama ustun muqobillarini yaratishimiz kerak», — deb ta'kidladi u.

U zamonaviy transport holatini quyidagicha ifodaladi:

«Tasavvur qiling, bir kishi sizga shunday deydi: „Men yangi transport o‘ylab topdim, u qazib olinuvchi yonilg‘ida ishlaydi va atmosferani ifloslantiradi. U shaharlarimizni shu darajada to‘ldirib tashlaydiki, undan foydalanuvchilar asabiylashadi. Haydovchilar esa butun dunyo bo‘yicha yiliga milliondan ortiq kishini bosib ketadi. U ko‘pincha garajda turadi va yashash xarajatlari oshishiga sabab bo‘ladi. Bu transportdan yosh bolalar, qariyalar va nogironlar foydalana olmaydi. Uning narxi 9 ming dollar turadi“. Siz bunday taklifga „Aqldan ozib qolibsiz“ deb javob qaytarasiz. Ammo afsuski, biz hozir ana shunday holatdamiz – asosiy harakatlanish vositamiz benzinda yuradigan avtomobil».

Amman «avtomobil chegarasidan chiqish» va «xavfsiz, arzon hamda shaharlar, sayyoramiz uchun eng yaxshi transport tizimiga o‘tish»ni taklif qildi. Bu esa Cruise ish olib borayotgan elektr robomobillardir.

Keyingi 20 yil davomida avtomobillar «prinsipial jihatdan o‘zgargani yo‘q», deb qo‘shib qo‘ydi GM sobiq prezidenti.

Qayd etilishicha, elektr robomobillar ko‘plab muammolarga yechim bo‘ladi: harakatlanish xavfsiz va arzon bo‘ladi, yo‘llarda tirbandliklar yo‘qoladi, shaharlar havosi toza bo‘ladi, yonilg‘i ishlab chiqaradigan zavodlar ekologiyaga kamroq ta'sir ko‘rsatadi.  

Mavzuga oid