Yuliy Yusupov Iqtisodiyot va sanoat vazirligini tugatishni taklif qildi
Iqtisodchi Yuliy Yusupov Iqtisodiyot va sanoat vazirligini «zararli tashkilot» sifatida tugatishni taklif qildi. Bu haqda u Facebook’dagi sahifasida yozgan.
Uning fikricha, vazirlik tugatilmasa, mamlakatda rivojlanish bo‘lmaydi. Ekspertning bunday izohiga muhokama uchun e'lon qilingan hujjat loyihasi sabab bo‘ldi, unda vazirlik «o‘rta biznes» toifasini joriy etish va bunday korxonalarni QQS to‘lashdan ozod qilishni taklif etgan.
«Aftidan, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi iqtisodiyot qonunlariga zid bo‘lgan hamda mamlakat iqtisodiy rivojiga to‘sqinlik qiladigan me'yoriy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda birinchi o‘rinni egallashga qat'iy qaror qilgan. Bu o‘n minglab korxonalarni ushbu yoqimsiz va qiyin soliqqa o‘tkazish bo‘yicha sa'y-harakatlardan keyin, QQS stavkasini pasaytirish va ko‘plab imtiyozlar hamda istisnolarni bekor qilish to‘g‘risida (bir yil kechikish bilan) qaror qabul qilingach ro‘y bermoqda. Endi bularning barchasini unutish hamda islohotdan oldingi holatga qaytish taklif etilmoqda. Ajoyib!» - deb yozadi Yusupov.
Uning ta'kidlashicha, bunday choralar faqat soliq yukining oshishiga olib keladi, sababi QQS to‘lashda biron-bir imtiyoz va istisnolar bo‘lmasligi lozim.
«QQS to‘lashning mohiyati va mexanizmlarini tushunmaslik ham shu darajada bo‘ladimi. Agar ushbu soliqni to‘lash zanjirida to‘lamaydiganlar paydo bo‘lsa, unda soliq yuki keyingi halqalarga tushadi. Ya'ni, QQS yo‘q bo‘lib qolmaydi, u baribir to‘liq miqdorda to‘lanadi, faqat boshqa tadbirkorlar tomonidan. Shuningdek, to‘lov zanjiridagi tafovut tufayli, ilgari to‘langan QQS hisobga olinmaydigan holatlar ham yuzaga keladi. Soliqlarning umumiy yuki yanada oshadi. Shuning uchun, QQSni to‘lashda hech qanday imtiyozlar va istisnolar bo‘lmasligi kerak. Bu alifbo, ammo vazirlik amaldorlari bu alifboni bilishmaydi shekilli», - deya xulosa qilgan ekspert.
Mavzuga oid
10:23 / 13.12.2024
Import qilishda QQSni o‘zaro hisobga olish tartibini qo‘llash kengaytirildi
08:40 / 09.09.2024
Eksport qiluvchilar uchun QQS qoplash tartibi soddalashtirildi
13:50 / 05.09.2024
XMT loyihalariga yetkazilgan tovarlar uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga QQS qaytariladi
07:53 / 04.09.2024