Finlandiya mo‘jizasi: yosh ayollar qanday qilib «taxtni egallashgani» haqida
O‘tgan haftaning eng muhim yangiliklaridan biri Finlandiya bosh vaziri lavozimiga 34 yoshli — tarixda bu lavozimni egallagan eng yosh siyosatchi Sanna Marinning tayinlanishi bo‘ldi.
Shu bahona jahon jamoatchiligi finlarning barcha siyosiy partiyalariga yoshgina ayollar yetakchilik qilishini ham bilib oldi.
Forbes Woman nega aynan Finlandiya feminizm oliy darajada qaror topgan ilk mamlakat bo‘lganiga aniqlik kiritdi.
Shu kunlarda Sanna Marindan intervyu olish uchun jahonning 200ga yaqin yetakchi ommaviy axborot vositalari navbatga turib olishgan. Nega? Chunki bosh vazir ayol va u 34 yoshda. Amerikada Hillari Klinton bir chaqnab so‘ngan, Yevropa siyosat maydonida esa ayollar tobora ko‘zga kamroq tashlanmoqda.
Biroq Finlandiya taajjublantira oldi. Hukumat koalitsiyasini tashkil etgan besh partiyaning yetakchilari va asosiy vazirlar — ayollar. Boz ustiga, ularning to‘rt nafari hali 40 yoshga ham kirmagan. Ularning ichida yoshi eng kattasi — Finlandiya xalq partiyasining 55 yoshli yetakchisi, fin siyosatida ko‘p yillardan beri faoliyat olib borayotgan Anna-Mayya Henriksson.
Yangi hukumat – ayollar rahbarligidagi beshta so‘l partiyadan tashkil topgan. Ushbu partiyalar pochta xodimlarining ikki haftalik ish tashlashidan keyin kelib chiqqan siyosiy inqiroz oqibatida paydo bo‘lgan edi.
Xo‘sh, bu qanday yuz berdi? Sanna Marin — populist emas (u fin siyosatidagi eng qadimiy va mo‘'tadil so‘l sotsial-demokratik partiyasi vakili), xarizmatik ham emas, maktab partasidan partiyaga kirib olgan «siyosiy broyler» ham emas, «siyosiy sulola» valiahdi ham emas. U chindan ham «xalq ichidan» chiqqan.
Yangi fin hukumatini albatta, kon'yunktura, «feminizm modasi», saylovchilar uchun «piar» yoki yosh ayollarning shaxsiy hayoti haqidagi taxminlar bilan bog‘lash mumkin. Lekin javob ancha chuqurda — fin siyosatining tarixida yotibdi.
Darbadar cho‘rilar, ma'naviyat va milliy yuksalish
Fin ayollari xarakterini kam aholiga ega mamlakat, og‘ir mehnat va savod shakllantirgan. Erkinlik sepsiz qizga ota uyidan ketib, cho‘ri bo‘lib ishlashga izn berardi. Ko‘pchincha ular boylar xonadonida 30 yoshgacha ishlashgan. Sepga pul yig‘ib, kelajagini ta'minlab, o‘zidan yoshroq er topib, birin-ketin farzand dunyoga keltirgan. XIX asrda, ko‘p yillik ocharchilikdan so‘ng ko‘plab oilalar shaharlarga ko‘chib o‘ta boshlashgan. Ayollar fabrikaga ishga kirishgan. Ilk bolalar bog‘chasi paydo bo‘lgan. Bir vaqtning o‘zida milliy yuksalish yuz bera boshlagan. Mehnatsevar va ma'rifatli fin ayoli uning ramzlaridan biriga aylangan. Ilk ayol vazir – Miina Sillanpyaya fin hukumatiga 1926 yilda kirgan. To‘g‘ri, shundan so‘ng urush bilan bo‘lib, yigirma yillik tanaffus vujudga kelgan edi.
Finlandiya 600 yil davomida Shvetsiyaning, yuz yildan ziyod vaqt Rossiyaning bir qismi bo‘lgan. 1917 yildan so‘nggina bu yerda milliy siyosiy elita paydo bo‘lgan. Yosh, qashshoq agrar mamlakatda jamiyat sinflari o‘rtasidagi chegara bo‘sh edi. Sotsial liftlar to‘xtab qolmas, ishlovchi va tadbirkor ayollar ko‘payib borardi. Tabiiyki, ular o‘z manfaatlarini himoya qilish ustida bosh qotira boshlashdi.
Finlandiyada siyosatga hech qachon «iflos ish», «tanlanganlarning ishi», deb qaralmagan, aksincha unga qiziqish bo‘lgan (darvoqe, 7-10 ming yevrolik katta maoshlarni parlament deputatlari va vazirlar olishadi, mahalliy deputatlarga majlislarda qatnashgani uchun kichik kompensatsiya to‘lanadi, xolos).
O‘tgan asrning 70-yillari — urbanizatsiya, keng miqyosli ijtimoiy islohotlar, texnologik ilg‘orlashuv chog‘ida hukumatda 2-3 nafar ayol vazir ishlagan. Iqtisodiy yuksalish yuz bergan 80-yillarda ayol vazirlar soni hukumat almashgan sari ko‘paya bordi. Fin iqtisodiyoti uchun og‘ir bo‘lgan 90-yillarda Finlandiya mudofaa vaziri Elizabet Renn, parlament spikeri — Riitta Uosukaynen, tashqi ishlar vaziri esa — Tarya Halonen edi.
Ayollar nafaqat siyosatda, biznesda ham
Xorijiy tahlilchilarning taxminiga ko‘ra, fin siyosatidagi gender tenglikka yirik korxonalar direktorlar kengashida ayollar soniga majburiy kvota borligi ta'sir ko‘rsatadi. Chindan ham, Deloitte’ning so‘nggi hisob-kitoblariga ko‘ra, fin menejmentining oliy eshelonida ayollar ulushi 31,6 foiz va bu borada Finlandiya jahonda 4-o‘rinda.
Lekin hech qanday qonuniy o‘rnatilgan kvotalar yo‘q, bo‘lmagan va bo‘lmoqchi ham emas. Faqat tavsiyalar bor. Bu davlat tavsiyasi ham emas. Tavsiyalar jamoat uyushmalari va tijoriy tashkilotlar assotsiatsiyasi tomonidan tuzilgan. Ularning sharofati bilan 2003 yildan buyon direktorlar kengashidagi ayollar soni o‘sgan. Boz ustiga, 40 yoshgacha bo‘lgan yuqori zveno menejyerlari soni bu yoshdan katta ayollarga nisbatan sezilarli darajada ko‘p. Bu hukumatning asosiy vazirlari yoshi va siyosatdagi tendensiyalarga to‘la mos.
Yosh kadrlarga nisbatan pozitiv munosabat shakllanishiga startaplar madaniyati ommalashgani ham ijobiy turtki bergan. Garchi fin siyosati 70-yillardayoq yashara boshlagan bo‘lsa ham: o‘shanda erkak vazirlarning yoshi 30 yoshdan ham kichik bo‘lgan paytlar bo‘lgan. Bunda afsonaviy siyosiy qariya Kekkonenning xizmatlari katta. U iqtidorli yoshlarni siyosiy faol yoki faol emasligiga qarab o‘tirmasdan siyosatga jalb qilgan edi.
Chuqur sabablar demografik siljishlar va kommunikatsiyalarning o‘zgarishi bilan ham bog‘liq. Albatta, yosh siyosatdonlarni hipster va «instagramchilar» deb atash unchalik ham to‘g‘ri bo‘lmaydi – garchi ularning hammasi tvit yozsa ham, moliya vaziri Katri Kulumni esa barcha rasmlarini instagramga joylasa ham.
Shunchaki, 2008-2009 yillardagi iqtisodiy tanazzuldan 10 yil o‘tdi va Finlandiyada saylovchilarning yangi toifasi paydo bo‘ldi. Ular yosh, ongli fuqarolar bo‘lib, hayoti birgina yaxshi ta'lim olish, yaxshi ishda ishlash va hamma narsaga ega bo‘lish bilan cheklanmaydi. Ayniqsa, maktab, gimnaziya va kasb texnika kollejlarida o‘qigan ayollar ko‘zga tashlanmoqdaki, ular uchun ayollarning kasbiy yutuqlari bazaviy me'yorga aylanib ulgurgan.
Ikkinchi omil ham bor: siyosiy jarayonlarning hamma uchun ochiqligi. Fin siyosati har doim xalqqa yaqin bo‘lgan (istalgan vaqt prezident bilan supermarketda ko‘rishish yoki poyezdda vazirni uchratib qolish mumkin), biroq ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi ular bilan bir onda va to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish imkonini berdi. To‘siqlar yo‘qoldi. Mana shu to‘siqsiz, «mushtariy fikrlari» doirasi bilan chegaralanmagan ijtimoiy-siyosiy muhitdagi ommaviy muloqotlar va saylovoldi uchrashuvlarida turib bitgan populistlar ham, yangi to‘lqindagi siyosatchilar ham o‘zlarini namoyish eta olishdi.
Bu ayollar kimlar?
1. Sanna Marin, 34 yoshda
Hukumat rahbari Sanna Marin haqida gapirar ekan, matbuot uni ikki farzandning onasi ekani va bir jinsli nikohdagi oilada tarbiya topganini ta'kidlashni yoqtiradi. U kambag‘al oilada o‘sgan, yoshligi ijarama ijara yashashda o‘tgan.
U a'lochi o‘quvchi bo‘lmagan, lekin o‘zini chindan ham qiziqtirgan narsani yaxshi o‘zlashtirgan, so‘zamol bo‘lgan, doimo ijtimoiy masalalarga qiziqqan.
Matbuot va ijtimoiy tarmoqdagi sharhlovchilar sevadigan yana bir detal — uning rezyumesidagi kassada oddiy sotuvchi bo‘lib ishlagani haqidagi qayddir.
2012 yilda Tampere shahar kengashiga 826 ovoz bilan saylangan Sanna Marinni yoshi kattaroq partiyadosh o‘rtoqlari qanotlari ostiga olishadi va nomzodini shahar kengashi raisligiga ilgari surishadi. Agar siyosatchining salohiyati bo‘lsa, fin partiyalarida uni «cho‘ktirish» yoki «chetga surish» odati yo‘q. Faoliyatini endi boshlagan, biroq ovoz to‘plashda asqotayotgan siyosatchi ham qimmatli kadr hisoblanadi. Unga ma'naviy tomondan yordam berish bilangina cheklanib qolishmaydi: bunday nomzodga o‘z saylov kampaniyasini qisman partiya hisobidan o‘tkazishga imkon yartiladi.
Sannaning nomzodi shahar kengashi raisligiga ilgari surilgani o‘zi uchun ham, yangi nomlarsiz qiynalib yotgan partiya uchun ham yaxshi yurish bo‘ldi: shahar kengashi zalidan jonli translatsiyalar davomida uning mashhurligi va ommabopligi orta boshladi, chunki u so‘zamol. Munozaralarning eng xiti Tamperega tramvaylarni qaytarish mavzusi bo‘ldi. Sannaga Tampere burgomistrligini ham taklif qila boshlashdi, lekin u katta siyosat yo‘lini tanladi. Partiya ichida esa Sanna bosh vazir kursisi uchun yana bir yosh siyosatchi Antti Landtman bilan kurashishi qolgan edi. Lekin dastlabki so‘rovlar va partiya ichidagi ovoz berish bilan Marin yoqlandi.
2. Mariya Oxisalo, 34 yoshda
Ichki ishlar vaziri, «yashillar» partiyasi raisi Mariya Oxisalo siyosiy raqobatchilaridan «muz malika» laqabini olgan, ammo faqat tashqi ko‘rinishi uchungina emas. U Marinning «hamyurti» — «qashshoq» hudud hisoblanuvchi sharqiy Helsinkidan. Uning otasi ichardi, bir yoshli Mariya onasi bilan zulm qurbonlari uchun boshpanada ham yashagan. Natijada, u o‘gay ota qo‘lida tarbiya topgan. A'lo o‘qishi uni akademik olamga keltirgan va professorlarning farzandlari orasida avvaliga o‘zini begona his qilgan.
Uning siyosatdagi tadqiqotlari va ixtisoslashuvi yoshligidan o‘ziga juda yaxshi tanish mavzu – qashshoqlik bo‘lgan. Siyosiy munozaralarda u «kutilmaganda qashshoqqa aylanish» tahdidini ko‘p qaytaradi: bu individualistik jamiyatda jiddiy dard bo‘lib, ruhiy holat yoki boshqa fojiaviy voqea kechagina farovonlikda yashayotgan insonni ishsiz qoldirishi mumkin. Hozir Oxisalo — ancha ta'minlangan oila bekasi. Uning eri NEOT neft treyderining top-menejyeri. Bu esa raqiblari uni ikkiyuzlamachilikda ayblashga ham asos bo‘lgan, chunki «yashillar» neftga qarshi bo‘lishi kerak.
3. Li Anderscon, 32 yoshda
Sheriklarining fonida ta'lim vaziri Li Andersson ancha tajribali ko‘rinadi: «So‘l ittifoq» partiyasini u 2016 yildan buyon boshqarib keladi, hattoki bir marta raislikka qayta saylanishga ham ulgurgan. Uning saylanishidan oldin partiya 2015 yilgi saylovlarni barbod qilgan edi, Andresson esa vaziyatni o‘nglashning uddasidan chiqdi.
Li Sanna va Mariyadan unga «sotsial lift» zarur bo‘lmagani bilan farqlanadi. Turku universitetining shvedzabon ziyolilari qizi ona shahrida shved tilida o‘qigan. Siyosat uning oilasida doimiy muhokama mavzusi bo‘lgan.
Li 2011 yilda partiya yoshlar tashkilotida raislik qilganidan buyon matbuot ko‘zgusida. U hech qachon raqiblari bilan omma oldida talashishdan qo‘rqmagan. U o‘zini «sotsialist» hisoblaydi, marksizm asoslarini yoqlaydi, ayollar va erkaklar uchun teng harbiy mujburiyatni qo‘llaydi va Rossiya bilan vizasiz rejimga erishish tarafdori.
4. Katri Kulmuni, 32 yoshda
Moliya vaziri Katri Kulmuni — ularning ichidagi yagona «qishloqi». Albatta, shartli ravishda. U chindan ham shajarasi 400 yilni qamrab olgan fermerlar avlodidan, biroq uning hayoti Finlandiyaning shimolidagi shaharlar bilan bog‘liq.
Katri — markazchilar partiyasi (sobiq agrar partiya)ning in'ikosidir: an'anaviy, mo‘'tadil va «oilaviy», chunki bu partiyaga oilaviy a'zo bo‘lishadi, ovoz berish hamda siyosat bilan shug‘ullanish avloddan avlodga o‘tadi.
Katri — «siyosiy broyler». Uning parvozi markazchilar partiyasi faxriysi Paavo Vyayuryunenning qo‘ng‘irog‘idan boshlangan. U qizni matbuot kotibi bo‘lish uchun chaqirgan va turli kampaniyalar davrida u bilan mamlakat shimolini kezib chiqqan. U bilan birga Katri ham ekranlarda ko‘rinish bergan — shu sababli ilk marta saylovda nomzodini qo‘yganda u saylovchilar uchun «o‘zlarniki» bo‘lgan.
Normal evolyutsion jarayon
Ushbu to‘rt yosh ayolning barchasining 40 yoshdan oshgan siyosatchi hamkasblaridan sezlarli farqi – ish va ommaviylik modelini o‘zgartirishgani bo‘ldi. Fin yollari ancha vaqt ishning «erkakchasiga» tashkil qilinishiga amal qilib kelishgan, «insoniylik» va «oilaviylik» rasmiy imij ortida qolib ketar edi.
Barcha partiyalarda ayol raislar avvallari ham bo‘lgan, biroq saylovchi ularni asosan «yubka kiygan erkak» sifatida qabul qilishgan.
So‘nggi 10 yilda ayol siyosatchilar karerada muvaffaqiyatga erishish bilan bog‘liq «erkakcha» modeldan voz kecha boshlashdi. Aniqlanishicha, ularda ham shaxsiy hayot, farzandlar, ruhiy jarohatlar, orzular va omadsizliklar bo‘lar ekan, ular ham g‘alati vaziyatga tushib qolishar ekan, lekin bu ularga siyosatchi bo‘lishda xalaqit bermasligi kerak ekan.
Qandaydir darajada ayollar siyosatga oddiy qurbonlarni olib kelishdan bosh tortib, siyosatni ma'budlashtirishdan voz kechishdi. Shu bilan birga, ular siyosatga o‘zlarining hayotiy tajribalarini olib kirishdi. Ularning barchasi 90-yillarda – jamoatchilik mo‘ljali yo‘qolgan, iqtisodiy tanazzul yillarida, qo‘lida hokimiyat bo‘lganlar ijtimoiy xarajatlarni qirqish evaziga «samarali iqtisodiyot»ga erishishga mukkasidan ketgan paytlarda ulg‘ayishgan.
Yangi to‘lqindagi ayol siyosatchilar uchun his qilish va rahmdil bo‘lish uyg‘unligiga asoslangan fikrlash xarakterlidir. Bu saylovchilarda ham o‘z qo‘llovini topmoqda, ular o‘z tengdoshlariga ovoz berishga, ular bilan o‘z shaxsiy kelajagini bog‘lashga tayyor. Chunki senga o‘xshagan va seni nima tashvishlantirayotganini tushunib turgan odamga ishonish ham oson-da.
Mavzuga oid
22:17 / 25.12.2024
Finlandiya bir haftada 280 ming harbiyni safarbar etishga tayyor
00:33 / 13.12.2024
Finlandiya safarbarlikdan qochgan rossiyaliklarga boshpana bermay qo‘ydi
11:42 / 04.12.2024
Finlandiyada kabellar uzilishida jinoiy maqsad aniqlanmadi
17:16 / 03.12.2024