Sport | 17:21 / 19.12.2019
15647
2 daqiqa o‘qiladi

Putin: «Rossiyaning katta musobaqalardan chetlatilishi sog‘lom aqlga zid»

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Butunjahon antidoping agentligining (WADA) rossiyalik sportchilarni katta musobaqalardan 4 yilga chetlatish haqidagi qaroriga izoh berdi.

Avvalroq WADA Moskva antidoping laboratoriyasi ma'lumotlari bilan manipulyatsiya qilingani sababli, Rossiya milliy jamoasini shu tarzda jazolagan edi.

«Bu qarorni nafaqat adolatdan emas, balki sog‘lom aqlga va huquqqa ham zid deb hisoblayman. Nega? Chunki rossiyalik sportchilarni neytral bayroq ostida ishtirok etishi haqidagi qaror avvalgi Olimpiadada ham qabul qilingan edi. Endi yana shunday qaror qabul qilinmoqda. Dunyoning hech bir huquqiy tizimi va insoniyat tarixida bunaqasi bo‘lmagan va umid qilamanki bo‘lmaydi.

Har qanday jazo individual bo‘lishi kerak. Agar kimdir qoidani buzgan bo‘lsa, uni jazolash tabiiy va adolatli bo‘ladi. Agar ko‘pchilik sportchilarimiz toza bo‘lsa, qanday qilib boshqalarning xatosi tufayli ularni jazolash mumkin?» — dedi Putin katta matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda WADA rossiyalik sportchilarni Olimpiada va jahon chempionatlarida o‘z bayrog‘i va madhiyasi bilan ishtirok etishdan 4 yilga mahrum qildi. Shuningdek, jahon chempionati va boshqa katta musobaqalar ham Rossiyada o‘tkazilmaydigan bo‘ldi.

Mavzuga oid