Sport | 10:18 / 21.12.2019
16201
8 daqiqa o‘qiladi

Hafta o‘yinlari: «Manchester Siti» - «Lester», Mourino «Chelsi»ga qarshi

Foto: Getty Images

Dam olish kunlari muxlislarni Yevropa milliy chempionatlarida bir qator markaziy o‘yinlar kutmoqda. Tribuna.uz shanba va yakshanba kuniga belgilangan quyidagi to‘rt uchrashuvni o‘tkazib yubormaslikni tavsiya etadi.

 «EVeRTON» – «ARSeNAL»
Angliya Premer-ligasi, 18-tur.
21 dekabr (shanba)
O‘yin boshlanish vaqti:
 17:30
TV-translatsiya: «Futbol TV» / «UzReport TV» 

Angliya Premer-ligasi 18-tur o‘yinlari «Gudison Park»dagi «Everton» - «Arsenal» uchrashuvi bilan start oladi. «Everton» klubi Dankan Fergyuson qo‘l ostiga o‘tgach, liverpulliklarning natijalari yaxshilana boshladi. Bungacha ketma-ket mag‘lubiyatlarga uchrab, quyi pog‘onalarga tushib qolgan «iriska»lar yangi murabbiy boshqaruvidagi birinchi o‘yinda Londonning «Chelsi» klubini mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, so‘nggi turda «Old Trafford»da «Manchester Yunayted»dan ochko tortib olishdi.

Bu turda ham ularni jiddiy raqib kutib turibdi. So‘nggi 12 o‘yindan bor yo‘g‘i bittasida zafar quchgan «Arsenal» juma kuni Mikel Artetani bosh murabbiy sifatida tanishtirdi. «Everton»ga qarshi o‘yin ispaniyalik murabbiy uchun debyut bo‘ladi. «Arsenal»da ro‘y bergan voqea «Everton»da ham kuzatilishi mumkin. Bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi rolidagi Fergyuson o‘rniga Anchelottining kelishi haqida xabarlar yangramoqda. Balki, Dankan ketma-ket uchinchi o‘yinida ham nomdor raqibdan ochko tortib ololsa, «Everton» egasi Farhod Moshirining ishonchini qozona olar? Fergyuson shogirdlari g‘alaba qozongan taqdirda, 10-o‘rindagi «kanonirlar»ga ancha yaqinlashib olishadi. Ammo, mehmonlar o‘yinida ham yangi murabbiy nafasi sezilsa, ajabmas.

 Liverpuldagi o‘zaro so‘nggi 3 o‘yin:
2018/19: Everton – Arsenal – 1:0
2017/18: Everton – Arsenal – 2:5
2016/17: Everton – Arsenal – 2:1

«MANCheSTeR SITI» – «LeSTeR»
Angliya Premer-ligasi, 18-tur.
21 dekabr (shanba)
O‘yin boshlanish vaqti:
 22:30
TV-translatsiya: «Futbol TV» / «UzReport TV»  

Angliya Premer-Ligasida turning yana bir markaziy o‘yini turnir jadvalida «Liverpul»dan keyin yonma-yon borayotgan «Manchester Siti» va «Lester» klublari o‘rtasida kechadi. Gvardiola shogirdlari peshqadamga yetib olish uchun, eng avvalo «Lester»dan o‘zishlari kerak. Ushbu o‘yinda «shaharliklar» g‘alaba qozona olishsa, «tulkilar»ga deyarli yetib olishadi. Ketma-ket g‘alabalar qozongan Brendan Rojyers jamoasi so‘nggi turda kutilmaganda ochko yo‘qotdi. Lesterliklar APL doirasida safardagi so‘nggi 4 o‘yinda g‘alaba qozonishgan. Mehmonda qarshi hujumda o‘ta xavfli bo‘lgan bu jamoa «Etihad» arenada ham mezbonlarga jiddiy kurash taqdim etishi aniq. «Siti» muxlislari qarshisidagi so‘nggi o‘yinda aynan tezkor qarshi hujumga asoslangan o‘yin ko‘rsatgan «Yunayted»ga mag‘lubiyatga uchragandi. Ko‘ramiz, Gvardiola va manchesterliklar «Lester» va Vardiga nisbatan qanday chora topa olisharkin...

 Manchesterdagi o‘zaro so‘nggi 3 o‘yin:
2018/19: Manchester Siti – Lester – 1:0
2017/18: Manchester Siti – Lester – 5:1
2016/17: Manchester Siti – Lester – 2:1

«TOTTeNHEM» – «CheLSI»
Angliya Premer-ligasi, 18-tur.
22 dekabr (yakshanba)
O‘yin boshlanish vaqti: 
21:30
TV-translatsiya: «Futbol TV» / «UzReport TV»

Joze Mourino kelgach butkul o‘zgargan «Tottenhem»ni bu safar ham jiddiy raqib kutib turibdi. «London derbisi»da Frenk Lempard boshchiligidagi «Chelsi» Joze Mourino mehmoni bo‘ladi. «Taqachilar» muxlislari qarshisida o‘zaro so‘nggi uch o‘yindan ikkitasida «Chelsi»ni mag‘lub eta olishgan. Umuman olganda, «aristokratlar» so‘nggi turlarda o‘z o‘yinlarini yo‘qotib qo‘yishgandek taassurot qoldirmoqda. Lempard jamoasi Angliya Premer-Ligasi doirasidagi so‘nggi 5 ta uchrashuvdan faqat bittasida g‘alaba qozonishdi, qolgan to‘rttasi mag‘lubiyat bilan tugagan. Ayniqsa, o‘z maydonida «Vest Xem», «Bornmut» klublariga mag‘lub bo‘lishi kutilmagan hol bo‘ldi. Odatda, kuchli raqiblar bilan o‘yindagi g‘alaba jamoani g‘alabali yo‘lakka qaytishiga ko‘maklashishi mumkin. Shunday ekan, «Chelsi» Mourino klubini mag‘lub etgan taqdirda yana mavsum boshidagi holatiga qayta olishi mumkin. Har qanday holatda ham ustoz va shogird o‘rtasidagi ajoyib o‘yin guvohiga aylanamiz.

Londondagi o‘zaro so‘nggi 3 o‘yin:
2018/19: Tottenhem – Chelsi – 3:1
2017/18: Tottenhem – Chelsi – 1:2
2016/17: Tottenhem – Chelsi – 2:0

 «ReAL» – «ATLeTIK»
Ispaniya La Ligasi, 18-tur.
22 dekabr (yakshanba)
O‘yin boshlanish vaqti: 
01:00
TV-translatsiya: «Futbol TV» / «UzReport TV»

Madrid va Kataloniya qay daraja qarama-qarshi bo‘lsa, Ispaniya poytaxti va basklar yurti sanalmish Bilbao o‘rtasida ham azaldan qarama-qarshilik bor. Ayniqsa, bu shaharlarning jamoalari o‘zaro maydonda raqib bo‘lishganda, murosasiz, yakkakurashlarga boy o‘yin guvohi bo‘lamiz. Zineddin Zidan jamoasi Kataloniyadagi durangli o‘yindan keyin har qanday holatda ham muxlislari qarshisida «Atletik»ni mag‘lub etishga urinadi. O‘z o‘rnida basklar so‘nggi 8 o‘yindan faqatgina bittasida mag‘lub bo‘lishdi - 5 g‘alaba va 2 durangga erishishdi. Shu natijaning o‘zi ham «Atletik»ning sport formasi yaxshiligini ko‘rsatib turibdi. Bitta g‘alaba 7-o‘rindagi «Atletik»ni 4-pog‘onaga olib chiqishi mumkin. Ammo «Kamp Nou»da 2 ochko yo‘qotdik, deya hisoblayotgan madridliklarni «Santyago Bernabeu»da g‘alabadan boshqa natija qoniqtirmasligi aniq.

 Madriddagi o‘zaro so‘nggi 3 o‘yin:
2018/19: Real – Atletik – 3:0
2017/18: Real – Atletik – 1:1
2016/17: Real – Atletik – 2:1.

 Usmon IBODOV

Mavzuga oid