Jahon | 10:22 / 28.12.2019
33280
2 daqiqa o‘qiladi

Financial Times o‘n yillikning eng ahamiyatli kishilarini ma'lum qildi 

Foto: Financial Times

Britaniyaning Financial Times (FT) nashri o‘tib borayotgan o‘n yillikning “qiyofasini” belgilagan 50 kishidan iborat ro‘yxatni taqdim qildi. “O‘n yillikning 50 kishisi” ro‘yxatiga 19 nafar siyosiy shaxs, 22 nafar tadbirkor hamda madaniyat, fan, shou-biznes va sportdan 9 kishi kiritilgan. 

FT tanlab olgan siyosatchilar orasida yetakchi davlatlar rahbarlari - Vladimir Putin, Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Emmanyuel Makron, Donald Tramp, Angela Merkel, Narendra Modi, Si Tszinpin va Muhammad bin Salmon Ol Saud bor. Ular qatoridan AQSh maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Snouden, pokistonlik faol va Nobel mukofoti sovrindori Malala Yusufzoy, Hongkongdagi namoyishlar yetakchisi Joshua Vong, 2001 yilda o‘z joniga qasd qilishi Tunisda “yasmin inqilobi” va “arab bahori”ning boshlanishiga turtki bo‘lgan mevalar sotuvchisi Muhammad Buaziziy joy olgan.

Shuningdek, ro‘yxatga Moskva aksildoping laboratoriyasining sobiq direktori va 2016 yilda AQShga ko‘chib ketib VADA informatoriga aylangan Grigoriy Rodchenkov ham bor. 

Biznes vakillari orasida Apple rahbari Tim Kuk, Amazon asoschisi Jyeff Bezos, Yevropa markaziy banki sobiq rahbari Mario Dragi, Netflix rahbari Rid Xastings, Uber asoschilaridan biri Trevis Kalanik, Tesla rahbari Ilon Mask va Alibaba asoschisi Jyek Ma ro‘yxatga kiritilgan. 

Shuningdek, o‘n yillikning ahamiyatli kishilari sifatida amerikalik tennischi Serena Uilyams, CRISPR-cas9 genomini tahrirlash texnologiyasini ishlab chiqqan amerikalik olima Jyennifer Dudna, amerikalik prodyuser Xarvi Vaynshteynni zo‘rlashda ayblagan va jinsiy zo‘rlashga qarshi harakat #MeToo’ga sababchi bo‘lgan aktrisa Rouz Makgoun e'tirof etilgan.

Mavzuga oid