Sport | 09:11 / 28.12.2019
14496
8 daqiqa o‘qiladi

Prezident kurash milliy sport turi bo‘yicha yangi farmon imzolaydi

Kurash milliy sport turining xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Muhokama uchun e'lon qilingan va Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan prezident farmoni loyihasida qayd etilishicha, kurash xalqaro assotsiatsiyasining 2017 yilning 27 mayda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari Kongressida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti doimiy Faxriy Prezident etib saylangan.

O‘zbekiston kurash federatsiyasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan:

Kurash milliy sport turini 2030 yilgacha yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasi;

2020-2030 yillarda kurash milliy sport turining xalqaro nufuzini yanada oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”;

viloyatlar markazlari, Nukus va Toshkent shaharlarida 2020-2022 yillarda yangi quriladigan kurash mahorat sport maktablarining manzilli ro‘yxati;

2030 yilga qadar kurashni ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarni baholash mezonlari tasdiqlanadi.

“Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish va baholash mezonlariga erishishning pirovard maqsadi kurashni Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan olimpiya sport turi sifatida tan olinishiga hamda kelgusida Xalqaro olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilishiga erishish deb e'tirof etiladi.

O‘zbekiston kurash federatsiyasi, Kurash xalqaro assotsiatsiyasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining:

a) har ikki yilda bir marta:

2020 yildan boshlab viloyatlar markazlari, Toshkent va Nukus shaharlarida oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘rtasida xalqaro kurash musobaqasini;

2021 yildan boshlab, ustuvor ravishda xorijiy davlatlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash bo‘yicha xalqaro turnirlarni;

b) 2020 yildan boshlab har yilda bir marta davlat organlari xodimlari o‘rtasida kurash bo‘yicha “O‘zbek polvoni” respublika musobaqasini o‘tkazish;

v) 2020-2022 yillarda viloyatlar markazlari, Nukus va Toshkent shaharlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi kurash mahorat sport maktablarini bosqichma-bosqich tashkil etish;

kurash mahorat maktablarining rahbarlari, trenerlari va boshqa xodimlariga olimpiya zaxiralari kollejlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlarini qo‘llash;

g) Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va O‘zbekiston kurash federatsiyasi muassisligida Xalqaro kurash institutini qayta tashkil etish haqidagi takliflariga rozilik beriladi.

Quyidagilar kurash mahorat maktablari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi:

zarur sport anjomlari va uskunalari bilan jihozlangan o‘quv-mashg‘ulot bazalarini yaratish hamda kurash bo‘yicha respublika va xalqaro musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritishga qodir bo‘lgan sportchilarni tayyorlashda ushbu bazalardan samarali foydalanish;

yosh istiqbolli sportchilarni tanlab olish va tarbiyalash masalalari bo‘yicha bolalar-o‘smirlar sport maktablari, olimpiya zaxiralari kollejlari bilan uzluksiz hamkorlikni amalga oshirish, ularga o‘quv-uslubiy hamda me'yoriy-axborot yordami ko‘rsatishni ta'minlash;

kurash mahorat maktablari bazasida milliy terma jamoalar va ularning zaxiralari ishtirokida o‘quv-mashq yig‘inlari, respublika va mintaqaviy sport bellashuvlarini tashkil etish va muntazam ravishda o‘tkazib borish, xorijiy davlatlar trener va hakamlari bilan o‘zaro tajriba almashish maqsadida chet elning kurash klublari bilan hamkorlikni rivojlantirish.

Belgilanishicha:

umumta'lim maktablari va sport ta'lim muassasalarida kurash bo‘yicha o‘quv, o‘quv-mashq, o‘quvchilarni saralab olish (seleksiya) hamda ularda musobaqalarni o‘tkazish tartibi O‘zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan belgilanadi va muvofiqlashtirib boriladi;

kurash mahorat maktablari direktorlari va sport bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish O‘zbekiston kurash federatsiyasining taqdimnomasiga asosan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi markaziy apparati tuzilmasida uning tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar xodimlarini maqbullashtirish hisobidan kurashni rivojlantirish va “Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishi uchun mas'ul bo‘lim tashkil etiladi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga kurash milliy sportini rivojlantirish bo‘yicha bo‘lim tashkil etish tavsiya etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining 2020/2021 o‘quv yilidan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetida kurash bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlovchi yo‘nalishlar ochish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Kurash federatsiyasi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasining Kurash federatsiyasi qoshida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Kurash milliy sport turini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi hamda quyidagilar Jamg‘armani shakllantirish manbalari etib belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

O‘zbekiston kurash federatsiyasiga a'zolik badallari;

mahalliy, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari;

homiylar – jismoniy va yuridik shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining mablag‘lari;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

a) kurash mahorat maktablari faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, ularni yaktak sport kiyimlari va kurash gilamlari bilan ta'minlash xarajatlari uchun zarur mablag‘larni 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining “Madaniyat va sport” sohasiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida ajratadi va 2022 yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutadi;

b) 2020 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan:

Kurash xalqaro assotsiatsiyasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun – 10 milliard so‘m;

O‘zbekiston kurash federatsiyasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bo‘linmalari xodimlarini ish haqi bilan ta'minlash va moddiy rag‘batlantirish, “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlar uchun – 20 milliard so‘m ajratilishini ta'minlaydi;

v) Jismoniy tarbiya va sport vazirligining buyurtmanomasiga asosan 2020 yildan boshlab, mazkur qarorning 2-ilovasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha xarajatlarni qoplash uchun zarur mablag‘lar ajratadi;

g) 2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlarida kurashni rivojlantirish xarajatlarini alohida ko‘rsatadi.

Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Kurash federatsiyasining:

kurash sporti bilan shug‘ullangan xodimlari va harbiy xizmatchilar tomonidan yoshlarni kurash milliy sportiga yanada keng jalb etish orqali sog‘lom turmush tarzini faol targ‘ib qilish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda yoshlarni “Polvonlari ko‘p yurt qudratli bo‘lur” degan yagona shior ostida birlashtirish maqsadida umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida bepul kurash guruhlarini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlari jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida bosqichma-bosqich kurash hamda jangovar kurashni ustuvor sport turlari sifatida kiritish haqidagi takliflariga rozilik beriladi.

Mavzuga oid