Jahon | 21:10 / 06.01.2020
215020
3 daqiqa o‘qiladi

General Sulaymoniyni o‘ldirish kimning tashabbusi bo‘lgani ma'lum qilindi  

Foto: REUTERS

Oq uyda eronlik general Qosim Sulaymoniy o‘ldirilishining bosh tashabbuschisi AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo bo‘lgan. Bu haqda The Washington Post nashri xabar berdi. 

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Pompeo bir necha oy davomida AQSh prezidenti Donald Trampni Sulaymoniyni yo‘q qilishga ko‘ndirishga uringan. Ta'kidlanishicha, Tramp va Pentagon generalni yo‘q qilish amaliyotini o‘tkazishdan uzoq vaqt bosh tortib kelgan.  

Pompeo tomonidan Sulaymoniyni o‘ldirish masalasi o‘tgan yozda Tehron AQSh dronini urib tushirgandan keyin ilk bor ko‘tarilgan. Biroq o‘shanda bu taklifni na Tramp va na Pentagon qo‘llab-quvvatlagan. Ushbu masala 28 dekabrda Iroqning Kirkuk shahri yaqinidagi AQSh harbiy bazasi raketa hujumiga uchragandan keyin navbatdagi marta ko‘tarilgan. Ushbu hujumda Vashington homiysi Eron deb hisoblaydigan “Hizbulloh” harakatini ayblagan. Pompeo bu hujumga javob choralari orasida Sulaymoniyni yo‘q qilishni ham aytib o‘tgan. Ushbu masala Tramp eronlik generalni yo‘q qilishga ko‘nmaguncha deyarli har kun muhokama qilingan.    

Nashrda ta'kidlanishicha, Pompeo Trampning uni “Eron tahdidi oldida qat'iyatsizlik qildi” deb hisoblashlari va bu uning prezident kursisini saqlab qolishiga salbiy ta'sir qilishi mumkinligi borasidagi xavotiridan foydalangan. Pompeoni Sulaymoniyni o‘ldirish qarori o‘z ortidan ko‘plab xatarlar: Yaqin Sharqda yangi urush boshlanishi, bunga javoban butun dunyo bo‘ylab amerikaliklarning o‘ldirilishi, Eron yadro dasturini bosib turishning barcha diplomatik yo‘llari yopilishi, Iroqda salbiy munosabat keltirib chiqarishi mumkinligi ham to‘xtata olmagan.

General Sulaymoniy 3 yanvarga o‘tar kechasi Bag‘dod aeroporti yaqinida AQSh qurolli kuchlari zarbasi bilan o‘ldirildi. Generalni yo‘q qilishga buyruqni shaxsan AQSh prezidenti bergan.

Mavzuga oid