Jahon | 21:57 / 06.01.2020
115944
15 daqiqa o‘qiladi

Sulaymoniyning vorisi. «Al-Quds»ning yangi qo‘mondoni haqida nimalar ma'lum?

AQSh harbiylari tomonidan o‘ldirilgan Qosim Sulaymoniy o‘rniga Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining «Al-Quds» maxsus bo‘linmasiga general Ismoil G‘ani qo‘mondonlik qiladigan bo‘ldi.

«Bi-bi-si» u kimligi va u haqda nimalar ma'lumligi haqida material taqdim etdi.

«Biz barchamiz - urush bolalarimiz. Biz jang maydonida safdoshlar edik va biz jang maydonida do‘stlashdik», deydi G‘ani Sulaymoniy bilan munosabatlari haqida.

Islom inqilobi muhofizlari korpusi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunadigan Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy 4 yanvar kuniyoq «Al-Quds»ga Ismoil G‘ani rahbarlik qilishini e'lon qildi va uni Erondagi eng yetakchi qo‘mondonlardan biri sifatida ta'rifladi. Oyatulloh G‘anining boshqaruvi davrida ham «Al-Quds» Sulaymoniy davridagi kabi qudratini saqlab qolishiga ishonch bildirdi.

G‘ani ko‘p yillar davomida soyada bo‘lgan - u mahalliy nashrlarda ham, G‘arb nashrlarida kamnamo bo‘lib kelgan.

U 1957 yilda Eron shimoli-sharqidagi Mashhad shahrida tug‘ilgan, xuddi Qosim Sulaymoniy kabi mamlakatda shoh hukmronligiga yakun yasagan 1979 yilgi inqilobdan keyin Islom inqilobi muhofizlari korpusiga a'zo bo‘lib kirgan. U Sulaymoniy kabi Eronda shoh ag‘darilishidan keyin ko‘tarilgan kurdlar isyoni shafqatsizlik bilan bostirilishida ishtirok etgan.

Keyin 1980-1988 yillarda milliondan ortiq kishi halok bo‘lgan Eron-Iroq urushida ishtirok etgan, qurbonlarning aksari Iroq pozitsiyalariga bostirib borgan yengil piyoda jangchilar edi. G‘ani bu janglardan omon qolgan, chunki u piyoda emas, qo‘shin qo‘mondonlaridan biri edi.

«Ko‘ngillilar jangga kirganlar halok bo‘layotganini ko‘rib turardi, ammo biz buyruq berishimiz bilan ular ikkilanmasdan oldinga yurardi», deya eslaydi keyinchalik G‘ani.

«U urush vaqtida yulduzi porlagan ko‘plab qo‘mondonlardan biri edi», deya urush vaqtida G‘ani qo‘l ostidagi batalonda xizmat qilgan mashhadlik sobiq askarning so‘zlarini keltiradi Financial Times.

U urushdan omon qoldi va «Al-Quds»ga kirib, Sulaymoniy bilan birga ishlay boshladi hamda Islom inqilobi muhofizlari korpusining razvedka amaliyotlariga boshchilik qildi.

Times of Israel nashrining yozishicha, Sulaymoniy asosan Erondan g‘arbdagi hudud bo‘yicha ishlagan, G‘ani esa sharqiy yo‘nalishga mas'ul bo‘lgan, jumladan, Afg‘oniston va Pokiston. Eron davlat nashrlarida uning faoliyatiga oid hech qanday ma'lumot keltirilmagan.

Agar Tehron chindan ham Sulaymoniyning o‘limi uchun javob qaytaradigan bo‘lsa, bu javob rejasi aynan G‘ani tomonidan ishlab chiqiladi.

Ammo hozircha G‘ani Eron ichkarisida Sulaymoniy kabi ehtiromga erisha olishi dargumon. Mamlakat prezidenti Hasan Ruhoniy shanba kuni «Sulaymoniyning o‘rnini bosish imkonsizligi, u nafaqat yirik harbiy amaliyotlarni boshqara oluvchi qo‘mondon, balki uddaburon siyosatchi va iste'dodli strateg bo‘lgani» haqida gapirdi.

2012 yilda AQSh Moliya vazirligi G‘aniga qarshi sanksiya qo‘llagan, uni Eron ta'siridagi proksi kuchlarni moliyalashtirishda ayblagandi. O‘shanda Nigeriyaning Lagos shahri portida Erondan kelgan kemada hujjatlarda aytilganidek tosh plitalar va shisha buyumlar emas, qurol-yarog‘ topilgandi.

Konteynerlar ochib tekshirilganida, Eron hukumati vakillari Afrikaning bu qismiga «Katyusha» raketalari, avtomatlar va boshqa qurollar uchun o‘qlar yuborgani aniqlangandi.

O‘sha 2012 yilda G‘ani AQSh Davlat departamentining o‘sha vaqtdagi rasmiysi Viktoriya Nulandni u Eron kuchlari Suriyada bo‘lishi mintaqadagi ziddiyatni kuchaytirishi haqidagi gaplari uchun qattiq tanqid qilib chiqqandi.

«Al-Quds» qo‘mondoni o‘rinbosari ular Bashar Asad kuchlariga yordam berib, ularni o‘qitayotganliklaridan faxrlanishardi. Qarang, bu nimaga olib keldi», degandi u.

2015 yilda G‘ani Eron Falastinga Isroilga qarshi kurashishi uchun raketalar va boshqa qurollar yetkazib berishi haqidagi ma'lumotni tasdiqlagandi.

«AQSh va Isroil harbiy qudratda Eron bilan raqobatlashish uchun ojizlik qiladi. Bu qudrat Falastin muxtoriyatining mazlum xalqi bilan birga raketalar va boshqa qurollar ko‘rinishida o‘zini namoyon etadi», degandi o‘shanda u.

General Qosim Sulaymoniy tarixi

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining «Al-Quds» nomli maxsus ilg‘or bo‘linmasi qo‘mondoni bo‘lgan Qosim Sulaymoniy Eronning Yaqin Sharqdagi ta'sirini kengaytirishdagi asosiy shaxs edi, u Tehronning bu mintaqadagi asosiy raqiblari AQSh, Saudiya Arabistoni va Isroilga qarshi kurashlarda muhim vazifalarni bajarib kelgan.

U 1957 yilda Eron janubi-sharqidagi Kirmon shahrida, dehqon oilasida tug‘ilgan. U maktabning 5-sinfidan keyin o‘qishni tashlagan va 13 yoshidan qurilish maydonlarida ishlay boshlagan. U bo‘sh vaqtlarida og‘ir atletika bilan shug‘ullangan va Eronning hozirgi oliy rahnamosi Ali Xominaiyning va'zlariga qatnagan.

1979 yilgi inqilob vaqtida 22 yoshli Sulaymoniy o‘zining harbiy sohadagi faoliyatini boshlaydi. U Eron harbiy doiralari ichiga kiradi va darhol Islom inqilobi muhofizlari korpusi a'zoligiga yoziladi. Foreign Policy ma'lumotiga ko‘ra, u taktik tayyorgarliklarning oltinchi haftasidan keyinoq harbiy harakatlar bilan bog‘liq topshiriq olgan.

1980 yildan 1988 yilgacha davom etgan Iroq-Eron urushida u o‘z otryadi bilan ishtirok etib, o‘zini aqlli taktik va jasur yo‘lboshchi sifatida namoyon etgan hamda urushdan qahramon sifatida chiqqan. Urushdan keyin u xorijda o‘tkaziladigan amaliyotlarga rahbarlik qila boshlaydi. Xususan, Afg‘oniston bilan chegara hududida narkotrafikka qarshi kurashga boshchilik qiladi.

1998 yilda u «Al-Quds» qo‘mondoniga aylanadi, dastlabki yillarda maxfiy tarzda harakatlangan Sulaymoniy Eronning Livandagi «Hizbulloh», Suriyadagi Asad kuchlari va Iroqdagi shia guruhlari bilan aloqalarini mustahkamlaydi. Uning qo‘mondonligi davrida «Al-Quds» Erondan tashqarida o‘z ta'sirini jiddiy darajada (razvedka, moliyaviy va siyosiy jabhalarda) kengaytirdi.

«Hizbulloh» aynan «Al-Quds»ning ko‘magi bilan 1983 yili AQShning Bayrutdagi, 1992 va 1994 yillarda esa Isroilning Buenos-Ayresdagi elchixonalariga hujumlar uyushtirgan. Bu hujumlar oqibatida o‘nlab kishilar halok bo‘lib, yuzlab kishilar jarohatlangan.

2001 yil 11 sentabr voqealaridan keyin AQSh Afg‘onistonga kirganida Sulaymoniy amerikaliklarga bu mamlakatdagi harbiy harakatlarda yordam ko‘rsatadi va razvedka ma'lumotlarini taqdim etadi (shialar Eroni sunniylardan iborat «Tolibon» bilan o‘zaro dushman). Ammo keyinroq AQSh-Eron munosabatlari sovuqlashgach, Davlat departamenti Sulaymoniyni Iroqda Saddam Husayn rejimini ag‘darish vaqtida yuzlab amerikalik harbiylarning halok bo‘lishida ayblaydi.

Suriyadagi urushga ta'siri
Sulaymoniyning muvaffaqiyatlarini qonli hodisalar bilan eslashadi. 2012 yilda Bolgariyaning Burgas shahrida «Hizbulloh» a'zosi bo‘lgan terrorchi xudkush isroillik sayyohlar avtobusida o‘zini portlatishi natijasida 5 kishi halok bo‘ladi. Undan bir yil avvalroq Saudiya Arabistonining hozirgi Tashqi ishlar vaziri, o‘sha vaqtda AQShdagi elchisi bo‘lgan Odil al-Jubayrga suiqasd uyushtirilgan, u omon qolgandi. Bu hujumlardan tashqari, Sulaymoniy 2006 yilda Livandagi mahalliy shia guruhlarining Isroilga qarshi 33 kun davom etgan «Ikkinchi Livan urushi»ni tashkillashtirgan. Shuningdek, AQSh uni 2011 yilda Venesuelada muxolifat bilan ziddiyat vaqtida Ugo Chaves tomonida turib vaziyatga aralashganlikda ayblagan.

2011 yilda Suriyada fuqarolar urushi boshlanganida Sulaymoniy «Hizbulloh»ga va boshqa shia guruhlarga Bashar Asad hukumati tomonida turib jang qilishni buyurgan. IShIDga qarshi urush vaqtida Iroqdagi Xalq safarbarlik kuchlari ham uning ko‘rsatmalariga ko‘ra hukumat tomonida turib jang qilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, u 2015 yilda Moskvaga tashrif vaqtida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Suriyaga kirishga va Asad hukumatiga muxolif kuchlarga qarshi kurashda yordam berishga ko‘ndirgan. Bu aralashuv Rossiyaning yangi tarixidagi muhim voqealardan hisoblanadi, Rossiya muqaddam hech qachon arab davlatlari hududida harbiy harakatlarga kirishmagandi.

Sulaymoniyning Moskvaga tashrifi Rossiyaning harbiy intervensiyasini rejalashtirishdagi muhim qadam bo‘lgan va Suriyadagi urushning rivojini butkul o‘zgartirib yuborib, Asadni qo‘llab-quvvatlaydigan yangi Eron-Rossiya alyansi tuzilishiga olib kelgan.

IShID bilan kurash
Ko‘pchilik uning IShIDga qarshi urushdagi hissasini e'tirof etadi. 2014 yildan 2017 yilga qadar davom etgan janglar Eron va AQSh bir tomonda turib urishgan kamdan-kam holatlardan edi.

Urush davrida AQSh boshchiligidagi koalitsiya va general Sulaymoniy qo‘shinlari birgalikda IShID pozitsiyalariga zarba bergan holatlar ko‘p bo‘ldi.

Tehron universitetidagi Amerika tadqiqotlari bo‘limi rahbari Muhammad Morandiyning aytishicha, IShID ustidan qozongan g‘alabasi Sulaymoniyni eronliklar va Yaqin Sharqning boshqa xalqlari nazarida milliy qahramon qilib ko‘rsatadi.

«Agar u kabi odamlar bo‘lmasa, bu mintaqa butun hududida qora bayroqlarni ko‘rardi», - deydi u «IShID»chilar bayrog‘ini nazarda tutib.

2014 yilda IShID Iroqning uchdan bir qismini bosib olganida dastlab Eron va hududdagi eronparast kuchlar jangarilarga qarshi kurashga kirishgandi. O‘shanda ijtimoiy tarmoqlarda general Sulaymoniyning harbiy formada jang maydonida tushgan surati tarqalgan, uni Eronda sharaflay boshlashgan, mamlakatning bo‘lajak prezidenti sifatida ko‘ra boshlashgandi. Ammo u o‘zini faqat askar sifatida ko‘rishini ta'kidlardi.

O‘limi haqidagi mish-mishlar
Bir necha yil muqaddam Eronda general Sulaymoniy siyosatga ham kirib kelishi haqida gapira boshlagandi. Uni eng halol va korrupsiyadan xoli arbob sifatida 2017 yilda Eron prezidentligi uchun saylovlarda qatnashishga chaqirishgandi. Dastlab internetda paydo bo‘lgan chorlovlar bora bora Eron parlamenti spikeri o‘rinbosari darajasiga chiqqan, u generalning siyosat bo‘yicha bilimlari «Hizbulloh» rahbari Hasan Nasrallonikidan kam emasligini e'tirof etgandi.

Ammo shundoq ham Islom inqilobi muhofizlari korpusi ta'siri kengayib borayotganidan tashvishga tushgan kuchlar bu g‘oyaga qattiq qarshilik ko‘rsatishgan.

OAVda bir necha marta Sulaymoniyning o‘limi haqida xabarlar chiqqan. Uni birinchi marta 2006 yilgi aviahalokatdan keyin «dafn etishgan», o‘shanda Eronning boshqa harbiy qo‘mondoni vafot etgandi. 2012 yilda u Damashqda bomba portlashi oqibatida halok bo‘lgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgan, ammo o‘shanda aslida Bashar Asadning yaqin yordamchilaridan biri fojiaga yo‘liqqani ma'lum bo‘lgandi. 2015 yilning noyabrida ham Suriyaning Halab shahri uchun janglarda Sulaymoniy halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi.

O‘z vaqtida kichik Jorj Bush va Barak Obama ham Sulaymoniyni o‘ldirishni rejalashtirgan, ammo ular keng ko‘lamli urush boshlanishidan xavfsiragan holda bunday qarordan voz kechishgandi. Bundan tashqari, Isroil va Saudiya Arabistoni razvedka xizmatlarining Sulaymoniyni o‘ldirish uchun uyushtirgan suiqasdlari muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

O‘limgacha va o‘limdan keyin
31 dekabr kuni Amerikaning Bag‘doddagi elchixonasi bir necha ming kishi tomonidan qamal qilindi. Ular bir necha kun avvalroq AQSh harbiylari shialarning Iroq Xalq safarbarlik kuchlari pozitsiyalariga berilgan zarbalariga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazishgandi. Namoyishchilarning ayrimlari diplomatik missiya binosi darvozalarini buzib o‘tdi va ichkariga kirdi. 

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronni ushbu hujumni tashkillashtirishda aybladi.

«Eron biznikilar o‘limi uchun yoki bizning binolarga shikast yetishi uchun to‘liq javobgar. Ular katta narxda to‘lashadi! Bu ogohlantirish emas, tahdiddir. Yangi yilingiz bilan!» - deya yozgandi Tramp tvitterida.

1 yanvar kuni Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy Eron urush chorlovini qabul qilishga tayyorligi va agar urush kelib chiqsa, bu hal qiluvchi urush bo‘lishini aytdi.

«Biz urushga intilmayapmiz, ammo biz Eron xalqi manfaatlarini, qadr-qimmati va shon-sharafini qattiq muhofaza qilamiz. Agar kimdir bizga tahdid qilsa, biz ikkilanmasdan qarshi chiqamiz va javob zarbasini beramiz», degandi u.

3 yanvar kuni Sulaymoniy Bag‘dodda o‘ldirilgach, Xominaiy AQShga «shafqatsiz qasos olish» bilan tahdid qildi. U marhum generalni «xalqaro qarshilik timsoli» deb atadi.

«Shahidlik uning yillar davomidagi faoliyati uchun mukofot bo‘ldi. U ketgan bo‘lsada, Allohning irodasi bilan uning ishi va yo‘li to‘xtab qolmaydi. Bu oqshomda iflos qo‘llarini qonga bo‘yagan jinoyatchilarni qo‘rqinchli qasos kutmoqda», dedi oyatulloh.

«Bu o‘lim eronliklar, iroqliklar, amerikaliklar va boshqalar uchun qimmatga tushadi», dedi New York Times nashriga Xalqaro inqiroz guruhining Eron bo‘yicha dasturi direktori Ali Voiz.

«Bu shunchaki Sulaymoniyning o‘limi emas, bu Eron bilan yadro dasturi bo‘yicha kelishuvning yakuni hamda AQSh va Eron davlati o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘limidir», deya qo‘shimcha qilgan u.

Mavzuga oid