O‘zbekiston | 17:08 / 07.01.2020
38189
6 daqiqa o‘qiladi

2019 yilgi O‘zbekiston – suratlarda

O‘tgan bir yil davomida O‘zbekistonda kuzatilgan e'tiborga molik o‘zgarishlarni suratlar va qisqa izohlarda yana bir bor eslab o‘tamiz.

25 fevraldan boshlab 100 ming so‘m qiymatdagi kupyura muomalaga chiqarildi.

Xorijga chiqish uchun yangi biometrik pasport joriy etildi.

Harbiy xizmatni o‘tagan abituriyentlar uchun OTMga kirishda alohida kvotalar ajratila boshlandi. Abituriyentlarga uchtagacha ta'lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etish imkoniyati berildi. Qat'iylashtirilgan 400 ming so‘m stipendiya, to‘lov kontrakt summasining ikki xil ─ stipendiyali va stipendiyasiz shakli joriy etildi.

Er-xotinlar o‘rtasida zarurat tug‘ilganda sun'iy ekstrakorporal urug‘lantirish (EKO) amaliyotini o‘tkazishga ruxsat berildi.

O‘zbekiston qonun ustuvorligi bo‘yicha 126ta davlat ichida 94-o‘rinni, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari mintaqasida 13 mamlakat orasida 12-o‘rinni egalladi.

Prezident maktablari ochildi.

Muayyan to‘lov asosida besh yilgacha ish stajini sotib olish imkoniyati paydo bo‘ldi. Mehnat daftarchasi va mehnat shartnomasini elektron shaklda to‘ldirish amaliyotiga o‘tildi.

Milliy valuta qiymatining o‘zgarishi (denominatsiya) haqida bir necha marotaba mish-mishlar tarqaldi, lekin rasmiylar buni har gal rad etdi. Markaziy bank raisi o‘rinbosari Ilhom Norqulov o‘z nutqlaridan birida «Denominatsiya umuman rejalashtirilmagan, deya olmaymiz. U qachondir bo‘ladi. Balki 5 yil, balki 10 yildan so‘ng», deya aytib o‘tdi.

Endi to‘lov asosida avtomobil oynasini «tonirovka» qilish mumkin.

E'tirozlar ortidan, kunduzi avtomobil chiroqlarini yoqib yurish talabi 2021 yil 1 yanvarigacha kechiktirildi.

O‘zbekistonning tashqi qarzi 21 mlrd dollardan oshdi.

Prezident topshirig‘i bilan 220 nafar o‘zbek vatandoshlari Yaqin Sharqdagi qurolli harakatlar kechayotgan nuqtalardan olib kelindi.

O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha ijobiy kelishuvga kelindi. AES 2020 yildan Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li oldida barpo etila boshlanadi.

O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar kengashiga qo‘shildi.

O‘zbekiston Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a'zo bo‘lish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda.

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo O‘zbekiston «oxirgi 13 yil ichida ilk bor xavotir uyg‘otuvchi davlat emasligini» ma'lum qildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston diniy erkinlikni buzayotgan davlatlar ro‘yxatida qoldirildi.

O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan inflyuyenserlar kongressi doirasida Shavkat Mirziyoyev xorijiy va mahalliy bloger hamda jurnalistlar bilan selfiga tushdi.

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashkil etildi. Komil Allamjonov – agentlik direktori, Saida Mirziyoyeva – direktor o‘rinbosari etib tayinlandi. AOKAdagi matbuot anjumanlari media hayotning kundalik bir qismiga aylandi.

«Snos» masalasi. Xalqning keskin noroziligi va davlat rahbari tanqidiga uchragan Farg‘ona, Qashqadaryo, Xorazm viloyati hokimlari aholidan uzr so‘radi.

Xorazm viloyati Urganch tumani
Farg‘ona viloyati Rishton tumani
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani

General-leytenant Abdusalom Azizov Davlat xavfsizlik xizmati raisi etib tayinlandi. U shu paytgacha egallab kelgan Mudofaa vaziri lavozimi Bahodir Qurbonovga topshirildi.

Otabek Murodov Bosh prokuror lavozimidan ozod etilib, unga nisbatan jinoiy ish ochildi. Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev Bosh prokuror, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva Senat raisi sifatida ish boshladi. Bunga qadar Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Elmira Bositxonova Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rnini egalladi.

Hokimlarning deputatlik kengashlari raisi maqomini bekor qilish bo‘yicha belgilangan vazifa bajarilmadi. Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hokimlari o‘zgardi.

Samvel Babayan o‘zbek futboliga qaytdi. Umid Ahmadjonov MOQ va O‘FA rahbarligidan ketdi. O‘FAda DXX raisi Abdusalom Azizov prezident, Ravshan Ermatov vitse-prezident sifatida ish boshladi. Milliy olimpiya qo‘mitasida Toshkent shahrining sobiq hokimi Rustam Shoabdurahmonov rahbarlik qila boshladi.


Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper iste'foga chiqarildi. Uning o‘rini Vadim Abramov egalladi.

Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan Yunusobod yo‘nalishida yer o‘pirilishi sodir bo‘lib, 6 nafar ishchi voqea joyida halok bo‘ldi.

O‘zbekistonda Saylov kodeksi ishlab chiqildi. Ekologik partiya tashkil etildi. Debatlar kuzatildi. Saylovdan so‘ng, partiyalarning parlamentdagi o‘rinlari sonida jiddiy o‘zgarish bo‘lmadi.

Saodat Abdurahmonova tayyorladi.

Mavzuga oid