Ruhoniy Yaqin Sharqda AQShning «oyoqlarini kesib tashlash» bilan tahdid qildi
Eron prezidenti Hasan Ruhoniy «Al-Quds» bo‘linmasi qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniyning amerikaliklar tomonidan o‘ldirilishini inson qo‘lini yo‘qotishi bilan tenglashtirdi va bu harakat javobsiz qolmasligiga va'da berdi.
«Siz general Sulaymoniy bilan bog‘liq holatda qo‘limizni kesdingiz. Biz esa mintaqamizda oyoqlaringizni kesib tashlaymiz», - deya Ruhoniy so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Eron nashrlari.
8 yanvar kuni Eron AQShning Iroqdagi koalitsion kuchlari obektlariga hujum qildi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi ma'lumotlariga ko‘ra, jami 15ta raketa uchirilgan. Ulardan 10tasi Ayn al-Asad aviabazasiga, bittasi Iroq shimolida joylashgan Arbildagi bazaga kelib tushgan, to‘rtta raketa esa nishongacha yetib bormagan. Iroq rasmiylari Eron tomondan 22ta raketa uchirilganini ma'lum qildi.
Eron AQSh harbiy bazalariga uyushtirilgan hujumni «munosib javob» va «o‘z-o‘zini mudofaa qilish» deb atadi.
«Eron BMT Nizomining 51-moddasiga muvofiq o‘z-o‘zini mudofaa qilish maqsadida bizning fuqarolarimiz va yuqori martabali shaxslarimizga qarshi qo‘rqoqlarcha hujum boshlangan harbiy bazani nishonga olib, munosib choralar ko‘rdi. Eron keskinlikni oshirish yoki urush keltirib chiqarish uchun harakat qilmaydi, biroq har qanday agressiyadan himoyalanadi», deya yozdi Eron TIV rahbari Zarif tvitterdagi sahifasida.
Iran took & concluded proportionate measures in self-defense under Article 51 of UN Charter targeting base from which cowardly armed attack against our citizens & senior officials were launched.
— Javad Zarif (@JZarif) January 8, 2020
We do not seek escalation or war, but will defend ourselves against any aggression.
Keyinroq Eron davlat televideniyesi ushbu hujum oqibatida AQSh harbiy xizmatchilaridan 80 nafari o‘ldirilgani haqida xabar tarqatdi. Efirda hujum qurbonlari «amerikalik terrorchilar» deb atalgan. Pentagon bu ma'lumotga izoh bermadi, ammo avvalroq halok bo‘lganlar haqida ham ma'lumot kelib tushmagan.
AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning Iroqdagi Amerika bazalariga uyushtirgan hujumi yuzasidan «kechroq» bayonot berishni va'da qildi.
«Hammasi yaxshi! Raketalar Erondan Iroqda joylashgan ikkita harbiy baza tomon uchirilgan. Hammasi ko‘ngildagidek ketmoqda! Bugungi kunda bizda jahondagi eng qudratli va eng yaxshi ta'minlangan harbiylar bor! Men (Amerika vaqti bilan) tongda bayonot beraman», deb yozdi Tramp tvitterdagi sahifasida.
All is well! Missiles launched from Iran at two military bases located in Iraq. Assessment of casualties & damages taking place now. So far, so good! We have the most powerful and well equipped military anywhere in the world, by far! I will be making a statement tomorrow morning.
— Donald J. Trump (@realDonaldTrump) January 8, 2020
Avvalroq Eron oliy ruhoniysi oyatulloh Ali Xominaiy amerikaliklar mintaqani tezroq tark etishlari zarurligini ta'kidlagandi.
Eslatib o‘tamiz, Islom inqilobi muhofizlari korpusining «Al-Quds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniy 3 yanvar kuni Bag‘doddagi aeroportda amerikalik harbiylarning aviazarbasi oqibatida o‘ldirildi.