Jamiyat | 18:55 / 13.01.2020
66591
3 daqiqa o‘qiladi

30 million to‘lab Latviyaga ketgan mehnat muhojirlari vatanga qaytib keldi

2019 yil 28 dekabr kuni Samarqand shahrida joylashgan «AMILEE BAHORA» xususiy bandlik agentligi tomonidan Yevropa davlatiga ishga jo‘natilganlar duch kelayotgan muammolar haqida Kun.uz saytida «Fuqarolar yana bir xususiy bandlik agentligi faoliyatidan norozi» surishtiruvi e'lon qilingan edi.

Maqolada, fuqarolar xorijda ishlash uchun «AMILEE BAHORA» XBAga 25-30 mln so‘mga qadar pul to‘lagani, xorijda na va'da qilingan ishga, na maoshga ega bo‘la olmagan ko‘pchilikni tashkil etayotgani haqida xabar qilingan edi. Umuman, ushbu bandlik agentligi bilan bog‘liq boshqa o‘rganishlar natijasi ham maqolada keltirilgan edi. 

11 yanvar kuni Toshkent xalqaro aeroportiga Rigadan amalga oshirilgan parvoz kelib qo‘ndi. Unda yuqoridagi xususiy bandlik agentligi tomonidan 30 mln so‘m evaziga katta va'dalar bilan Latviyaga yuborilgan ikki o‘zbekistonlik qaytib keldi. Ular Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining amaliy ko‘magida vatanga qaytishga muvaffaq bo‘lishdi. Kun.uz muxbiri vatanga qaytgan mehnat muhojirlarining biri bilan suhbatlashdi. 

«Bizlar «AMILEE BAHORA» XBAga hujjatlarimizni topshirgandik. Yotoq joy bepul, maosh soatiga 8-9 yevrodan deb va'da qilishgandi. Ammo, borganimizdan keyin bularning barcha quruq gap ekaniga guvoh bo‘ldik. 3 oy ishlab qo‘limizga maosh olmadik. Juda pul kerak bo‘lganida 50 yevrodan berib qo‘yishdi. Bizga qurilishda “otdelka” ishlari deyishgandi, ammo “fasad” ishlarini berib qo‘yishdi. Yaxshi bo‘lar, degan ilinj bilan 3 oy kutdik», - deydi vatanga qaytib kelgan mehnat migranti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u bir oy Germaniyada ham bo‘lishgan, so‘ngra yaxshiroq ish topish umidida Polshaga ham o‘tishgan. Biroq, bu ikki davlatda ham ularning umidi chilparchin bo‘lgach, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qilishga majbur bo‘lishgan.

U, shuningdek, xususiy bandlik agentliklari orqali xorijga ishga ketmoqchi bo‘lganlarni ehtiyotkorlikka ham chaqirdi. Ular bilan shartnoma imzolaganda imkon darajasida 3 tomonlama shartnoma tuzishga va to‘lovni amalga oshirishda faqatgina bankka to‘lash kerakligiga e'tibor qaratdi. 

«Men boshqa firma yuborgan odamlarni ham ko‘rdim. Ularning ham aksariyati, masalan, 100 kishi yuborgan bo‘lsa, 20 nafari yaxshiroq joylashib ketgan, qolgan 80 foizi qiynalib yuribdi. Shuning uchun ular bilan shartnoma qilganda ehtiyotkorroq bo‘lishsa yaxshi bo‘ladi», - deydi suhbatdosh.

Mavzuga oid